25

Akademiyaga Eronning Dinlar va mazhablar universiteti rektori tashrif buyurdi

Bugun Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasiga Eron Islom Respublikasi Din va mazhablar universiteti rektori Sayyid Abulhasan Navvob va Toshkentdagi Eron Islom Respublikasi Elchixonasi Madaniyat masalalari boʻyicha maslahatchisi Amir Said Karami tashrif buyurdi.

Tashrif munosabati bilan Akademiya rahbariyati va mehmonlar oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Akademiya rektori Uyg‘un Gʻafurov, rektor maslahatchisi Oʻtkir Hasanboyev, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov va Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Bahodir Xoʻjayev ishtirok etdilar.

Dastlab mehmonga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ilmiy salohiyati, fakultetlar va ulardagi ta’lim yo‘nalishlari, talabalarga bilim berishda o‘ziga xos yondashuvlar haqida ma’lumot berildi.

Akademiya rektori so‘nggi yillarda yurtimizda olib borilayotgan ochiqlik va shaffoflik siyosati sababli dunyoning barcha mamlakatlari qatori Eron Islom Respublikasi bilan barcha sohalarda yaqin hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilganini e’tirof etdi. Bu esa tadqiqotchilar uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochayotganini ta’kidladi. 

Uyg‘un G‘afurov Akademiya Respublika oliy taʼlim muassasalari milliy reytingida oʻtgan yilgi natijalar boʻyicha 2-oʻrin va oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarining ilmiy salohiyati boʻyicha 1-oʻrinni qayd etganini taʼkidladi.

Oʻz navbatida Abulhasan Navvob samimiy qabul uchun Akademiya rahbariyatiga minnatdorlik bildirib, O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi. O‘zbekiston tinchlik-xotirjamlik hukm suradigan diyor ekanini e’tirof etdi.

Shundan so‘ng Din va mazhablar universiteti haqida maʼlumot berdi. Xususan, 54 yil davomida ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishini hamda faoliyati davomida oʻnlab mamlakatlarga ilmiy safar qilganini qayd etdi. 

Abulhasan Navvob hamkorlik masalasiga toʻxtalib, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi bilan Anglashuv memorandumini imzolash orqali hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishni taklif etdi. Xususan, hamkorlikda konferensiya va seminarlar tashkil etish, maqolalar chop etish, oʻqituvchilar almashinuvini yoʻlga qoʻyish ikki tomon uchun foydali boʻlishini taʼkidladi.

Uchrashuv davomida Jamoliddin Karimov Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot berdi. 

Uchrashuv yakunida delegatsiya koʻrsatilgan yuqori darajadagi qabul uchun minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 

Izoh qoldirish