137

Ulamolar islom ummatini tinchlik, birdamlik va hamjihatlikka chaqirdi!

Butun dunyoda, xususan, islom olamida tinchlikni oʻrnatish, musulmonlar ehtiyojini taʼminlash va ummat birligini mustahkamlash yoʻlida islomiy tashkilotlar faoliyat olib boradi. Mana shunday nufuzli muassasalardan biri Musulmon donishmandlar kengashi hisoblanadi.

Xabar berib kelayotganimizdek, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ushbu Kengash aʼzosi sifatida faol qatnashib kelmoqdalar. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda mazkur Kengash aʼzolarining dunyodagi voqea-hodisalarga munosabatlari eʼlon qilindi. Jumladan, Misr Arab Respublikasi Bosh imomi, al-Azhar majmuasi rahbari, Shayx Ahmad Toyyib, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Malayziya Vaqf ishlari vaziri doktor Zulkifl bin Muhammad al-Bakriy, Islom fiqhi akademiyasi aʼzosi Doktor Ahmad Abdulaziz Haddod va Livan davlati ulamosi Shayx Sayyid Ali al-Amin kabilarning chiqishlaridan quyidagi iqtiboslar keltiramiz.

Shayx Ahmad Toyyib, Misr Arab Respublikasi Bosh imomi, al-Azhar majmuasi rahbari:

– “Ayrim bandalar faqatgina ularga neʼmatlar yetib turganidagina shukr qiladilar. Aslida banda har bir holat uchun shukr qilishi lozim. Ammo bunday bandalar juda oz. Alloh taolo Qurʼoni karimda: “Bandalarimdan shukr qilguvchilari ozdir” deb xitob qilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tungi namozda turaverib, hattoki oyoqlari shishib ketardi. Shunda U zotga: “Sizning avvalgi-yu oxirgi gunohlaringiz kechirilganku” deyilsa. U zot alayhissalom: “Shukr qiluvchi banda boʻlmayinmi?” degan ekanlar.

Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi: 

– Hozirgi kunda dunyoda, xususan, Islom olamida tinchlikni oʻrnatish, ulamolar hamkorligini rivojlantirish, musulmonlar ehtiyojini taʼminlash, ummat birdamligi va bagʻrikenglikni mustahkamlash juda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Taʼkidlash kerakki, ushbu yoʻnalishlarda Musulmon donishmandlar kengashi salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda. Zero, Alloh taolo insonlarni yaxshilik yoʻlida hamkorlik qilishga chaqirib, shunday xitob qiladi: “Yaxshilik va taqvo yoʻlida hamkorlik qiling, gunoh va dushmanlik yoʻlida hamkorlik qilmang!”.

Albatta, yaxshilik va taqvo yoʻlida hamkorlik qilish – jamiyatda totuvlik va birodarlikning asosidir. Sayyidimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juda koʻp hadislarida hamkorlik va birdamlikka chaqirganlar. Xususan, U zot alayhissalom: “Moʻmin-moʻminga nisbatan huddi bir bino kabi. Ular bir-birlarini mustahkam tutib turishadi”, deganlar. Boshqa hadisda esa, “Sizlardan birortangiz oʻzi uchun yaxshi koʻrgan narsani birodari uchun ham ravo koʻrmaguncha moʻmin boʻla olmaydi”, deyilgan”.

Doktor Zulkifl bin Muhammad al-Bakriy, Malayziya Vaqf ishlari vaziri:

– Aziz doʻstlar! Bugun har birimiz nihoyatda qadriga yetishimiz kerak boʻlgan neʼmatlardan biri – tinchlikdir. Tinchlikning qiymati bebaho. Tinchlik bu – faqatgina urushning boʻlmasligi emas, balki tinchlik bu – ichki va tashqi xotirjamlik, barqarorlikdir. Buning uchun jamiyatdagi har bir fuqaroning haq-huquqlarini hurmat qilish, ijtimoy himoya qilinishi lozim. Tinchlik – turli millat vakillariga teng adolatli munosabatda boʻlish, kamsitmaslik, huquqlarini himoya qilishni ham nazarda tutadi. Alloh taolo Yer yuzidagi jamiki insoniyatga tinchlik va omonlik ato etsin!

Doktor Ahmad Abdulaziz Haddod, Islom fiqhi akademiyasi aʼzosi (BAA): 

– Alloh taolo butun insoniyatni yaratdi. Robbisini tanish, faqat Oʻziga ibodat qilish va yaxshi amallar ila Yer yuzini obod etish uchun Oʻzining xalifasi (oʻrinbosari) qildi. Alloh taolo: “Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qoʻydik”, deya jamiki bashariyatga marhamat qildi.

Alloh taolo odamlarning birga yashashi uchun oʻzaro tanishishni yaratilishdan maqsad qildi. Albatta, hech bir inson jamiyatdan, odamlardan ayri holatda yashay olmaydi. Jamiyatda har bir insonning oʻzgalarga manfaat va yaxshilik yetkazishda muhim oʻrni bor. Zero, odamlar oʻzaro muomalalari bir-birlariga bogʻliqdir. Alloh taolo: “ayrimlarining darajalarini ayrimlaridan ustun qilib qoʻyganmiz” deb marhamat qilgan.

Odamzot yaratilganidan tortib bugungacha bir-birini tutib turadigan bino kabidirlar, har biri boshqasiga xizmat qiladi, bundan hatto baʼzilar bexabar boʻladi. Bularning barchasi insoniyat adovat va mojaroda emas, balki tinchlik va hamjihatlikda birga yashashi zarurligini taʼkidlaydi. Demak, insonlar yaxshilik yoʻlida hamkor boʻlishlari, yomonliklarga esa birgalikda qarshi kurashishlari lozim. Zero, Alloh taolo buzgʻunchilikni sevmaydi!”.

Shayx Sayyid Ali al-Amin, Livan davlati ulamosi:

– Bir jamiyatda yashovchi fuqarolar teng huquqqa ega. Zero, odamlar huquq va burchlari teng boʻlmagan holda faqat millatga mansubligi bilan teng deb hisoblanishi mumkin emas. Islom dini turli millatga mansub kishilarga ham adolat qilishga chaqiradi. Alloh taolo: “Agar odamlar orasida hukm qilsangiz, adolat ila hukm qilishni amr qilur” (Niso surasi, 58-oyat), deb xitob qiladi.

Adolat va bagʻrikenglik shariat buyurgan, oʻzaro bir-birimiz bilan munosabatlarimizni boshqaradigan tamoyildir.

Manba: Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish