Xorijlik ekspert tomonidan Akademiyaning gender tenglik va ayollar huquqlari borasidagi ishlari e’tirof etildi
BMT Aholishunoslik jamg‘armasi UNFPA Gumanitar va taraqqiyotni baholash bo‘yicha eksperti Ketrin Luiz Tong boshchiligidagi delegatsiya Akademiyada mehmon bo‘ldi.
Mazkur uchrashuv Akademiya mutaxassislari tomonidan gender tenglik masalasida amalga oshirilgan ishlar, to‘plangan tajriba bilan tanishish hamda BMT Aholishunoslik jamg‘armasi UNFPA tashkiloti faoliyatini baholash maqsadida tashkil etildi.
Mehmonlarni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev hamda “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi professori Nigora Yusupova kutib oldi.
Uchrashuvda Akademiya rektori Uyg‘un G‘afurov Ketrin Luiz Tongni yurtimizda, xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ko‘rib turganidan mamnunligini bildirdi.
Shundan so‘ng yurtimizdagi gender siyosati, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va UNFPA o‘rtasida Gender sohasidagi hamkorlik haqida ma’lumot berdi.
Darhaqiqat, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ham gender tenglikni ta’minlash masalasida ko‘plab xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilmoqda. BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasining “Islomda gender” mavzusidagi loyihasida ishtirok etib, “Islomda gender masalalarining o‘ziga xos tamoyillari” nomli o‘quv qo‘llanmani ishlab chiqqan edi.
Mazkur kitobning ahamiyati shundaki, unda islomdagi gender tengligi va ayollar huquqlarining nazariy muammolari tahlil qilinadi. Qo‘llanma islom huquqida ayollarning huquqiy holatini o‘rganishga bag‘ishlangan keng qamrovli tadqiqot bo‘lib, inson huquqlarining ajralmas qismi sifatida ayol huquqlarini o‘rganish zarurligini asoslaydi.
Davra suhbatida Nigora Yusupova qo‘llanmada ayollar masalasining umumijtimoiy jihatlari, jamiyat, xotin-qizlar va din, gender tushunchasi, uning xalqaro va milliy huquqiy asoslari, ayol huquqlarini tushunish va islomda teng huquqlilik nazariyasi, islom taʼlimotiga qadar ayollar mavqei hamda islomda gender tushunchasining mohiyati, islom taʼlimotida ayollarning oilaviy munosabatlardagi huquq va majburiyatlari, gender zo‘ravonlik hamda reproduktiv salomatlik kabi jihatlarga to‘xtalib o‘tdi.
Samimiy muloqot davomida Ketrin Luiz Tong O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash masalasi yuqori darajaga ko‘tarilgani alohida e’tirof etdi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan o‘quv qo‘llanmasi mazkur ishlarning mantiqiy davomi ekani ta’kidladi. Akademiya bilan hamkorlik aloqalari bardavom bo‘lishidan xursand bo‘lishini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida delegatsiya a’zolari ko‘rsatilgan iltifot va yuqori darajadagi mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish