174

Yo‘l bo‘shat zamona! Yo‘l bo‘shat, jahon! – o‘zbek kelayotir...

Bugungi globallashuv davrida turli geosiyosiy ziddiyatlar, qurolli toʻqnashuvlar, davlatlararo nizolar koʻpayishi barobarida axborot xurujlari ham keng tus olyapti. Shunday ekan, unga qarshi milliy axborot immunitetini shakllantirish, axborot maydonida raqobatbardosh milliy kontent yaratish masalasi dolzarb boʻlib bormoqda.

Davlatimiz rahbari oʻtgan yil 22-dekabrda oʻtkazilgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining yigʻilishi hamda joriy yil 12-yanvardagi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida bu masalaga alohida eʼtibor qaratib, zamonaviy tahdidlarga qarshi munosib kurash olib borish uchun, avvalo, axborot makonida milliy kontent yaratish zarurati, dunyodagi voqealarga milliy manfaatlar nuqtayi nazaridan baho berish lozimligi, aks holda, tashqaridan turli axborot xurujlari kirib kelishiga imkon yaratib qoʻyilishi, yangilik va axborotga ehtiyojlarning boshqalar tomonidan toʻldirilishiga sabab boʻladigan noxush oqibatlardan ogoh boʻlishga daʼvat etdi.

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi muassisligida chop etilayotgan “Vatan” ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-maʼrifiy jurnali bu yo‘ldagi muhim qadam bo‘ldi deyish mumkin. Zero, mazkur jurnal sahifalarida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar, Vatanimiz tarixi aks etgan tahliliy maqolalar, ziyolilar, siyosatshunos va yozuvchilar asarlari eʼlon qilib boriladi.

E’tirof etish joizki, jurnal keng jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi. Ziyolilar, ilm-fanning taniqli namoyandalari, olimlar va yoshlar tomonidan jurnal bugungi kundagi axborot maydonimizga o‘ziga xos shiddat va jarangdor ovozi bilan kirib kelgani ta’kidlandi.

Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Yo‘l bo‘shat zamona! Yo‘l bo‘shat, jahon! – o‘zbek kelayotir...” mavzusida “Millatparvar” kitobi hamda “Vatan” jurnalining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimotda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, “Vatan” jurnali hamda “Ishonch” va “Ishonch-Доверие” gazetalari tahririyati bosh muharriri Husan Ermatov, O‘zbekiston xalq shoiri, Akademiya Jamoatchilik kengashining raisi Iqbol Mirzaaliyev, Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdilar.

Tadbirni Akademiya rektori ochib berar ekan, “Vatan” jurnali keng o‘quvchilar auditoriyasi, jumladan, ziyolilar, siyosatshunoslar, olim va yozuvchilar, umuman olganda, barcha soha vakillari uchun mo‘ljallanganini ta’kidladi. Bu jurnal axborot maydonidagi milliy kontentimizni yaratishda katta minbar ekanini e’tirof etdi.

Taqdimotda jurnal bosh muharriri Husan Ermatov so‘z olar ekan, bugungi tadbir uchun Akademiya jamoasiga minnatdorlik bildirdi. “Vatan” jurnali yangi O‘zbekiston imijini keng jamoatchilik va akademik doiralarda oshirishga hissa qo‘shish hamda o‘quvchilarni bugun dunyo ilm-fanida, siyosiy va ijtimoiy hayotida kechayotgan tendensiyalar bilan yaqindan tanishtirishdan iborat ekanini qayd etdi.

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi muassisligida chop etilayotgan ushbu jurnal yilda to‘rt marotaba chop etiladi. Adadi 5 ming nusxada. Nashrning birinchi sonida ozarbayjon shoiri Akif Bagʻirning “Oʻzbek kelayotir...” nomli sheʼri, Oʻzbekiston Qahramoni va Oʻzbekiston xalq shoirlari Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Muhammad Yusuf va Sirojiddin Sayyid sheʼrlari, Abdurauf Fitratning “Yurt qaygʻusi” sochmasi, til, millat, milliy ong tushunchalari keng yoritilgan professor Qozoqboy Yoʻldoshevning “Buzilmas qoʻrgʻon” maqolasi, Xayriddin Sulton qalamiga mansub “Onamning yurti” hikoyasi, Shoyim Boʻtayev, Togʻay Murod asarlari, Olimjon Davlatov tahliliy maqolasi kabi bir-biridan o‘qishli, mag‘zi to‘q asarlar o‘rin olgan.

“Millatparvar” kitobi esa O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Rafiqov qalamiga mansub bo‘lib, kitobda davlatimiz rahbari faoliyatiga oid mulohazalar, chizgilar o‘rin olgan. 

Taqdimot davomida talabalar jurnal bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari va savollari bilan ishtirok etdilar.

Tadbir yakunida “Vatanparvarlik oyligi”da faol ishtirok etgan “Qalqon” jamoatchilik guruhi a’zolariga faxriy yorliq topshirildi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish