143

Hashar – hamjihatlik va qut-baraka asosi

Avval xabar berganimizdek, yurtimizda Navro‘z umumxalq bayramini munosib nishonlash, muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarini davom ettirish maqsadida joriy yilning 16-18-mart kunlari “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkazilmoqda. 

Mazkur tadbir bugun 17-mart sanasida ham O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyati va jamoasi tomonidan ko‘tarinki kayfiyat va uyushqoqlik bilan davom etdi. 

Umumxalq xayriya hasharida Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talabalari faol ishtirok etdilar. Ular oliy ta’lim muassasasi hududida keng obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini olib bordilar. 

Xabaringiz bor, Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan “Yashil makon” loyihasi doirasida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasi vakillari o‘zaro uyushqoqlik, yurtimiz go‘zal maskanlarini yanada obod etish uchun o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Bugun Akademiya hovlisi bilan birgalikda Shayxontohur tumanidagi “O‘rda” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli hududda Akademiya rektori Uyg‘un G‘afurov boshchiligida bahorgi daraxt ekish jarayoni tashkil etildi.

Akademiya vakillari hududda obodonlashtirish ishlarini olib borishdi. 30 dan ziyod mevali daraxt va gul ko‘chatlari o‘tqazildi. Hashar davomida ariqlar tozalanib, daraxtlar oqlandi. Gul ko‘chatlarining taglari yumshatildi.

“Yaxshidan bog‘ qoladi”, deydi dono xalqimiz. Bugun ozod va obod yurtimiz yanada chiroy ochib borayotgan bir paytda undagi yangilanishlar, bunyodkorliklarni ko‘rib, beixtiyor har bir kishining ko‘zi quvnaydi, qalbi orom oladi. Chunki ona tabiatga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbat, uni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylash, e’zozlash inson bolasining go‘daklik paytidanoq unga uqtirilishi kerak. Uning ong-u tafakkurida o‘zi yashayotgan, buyuk ajdodlaridan qolgan ozod va obod Vatanni munavvar aylash, ko‘rkiga ko‘rk, chiroyiga chiroy qo‘shish birinchi galdagi vazifa bo‘lib turishi lozim. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish