480

Hamkorlikdagi onlayn o‘quv kurslari davom etmoqda

Xabaringiz bor, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi tomonidan 2020-2021 o‘quv yiliga mo‘ljallangan onlayn o‘quv kurslari tashkil etilmoqda. Rossiya islom instituti bilan akademik almashinuv doirasida o‘tkazilayotgan mazkur seminarlarda xalqaro psixologik ekspertlar va professor-o‘qituvchilar talabalarga saboq beryapti.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Rossiya islom institutining “Psixologiya” kafedrasi o‘qituvchisi psixolog Gulnaz Galiyeva tomonidan 5210200-Psixologiya (Din sotsiopsixologiyasi) ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun “Din psixologiyasi nuqtai nazaridan yosh mutaxassislarni tarbiyalashda nutqiy jihatlarga e’tibor qaratish” mavzusida navbatdagi onlayn o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

“Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi mudiri Zebo Qosimova, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etgan o‘quv kursida psixolog Gulnaz Galiyeva talabalarga mavzu yuzasidan ma’ruza qildi. Mashg‘ulotlar davomida din psixologiyasining fan sifatida rivojlanib borish bosqichlari, uning asosiy funksiyalari, muloqot davomida suhbatdoshga psixologik ko‘mak berish usullari kabi jihatlarga to‘xtalib o‘tishdi. Shuningdek, sohada amalga oshirilayotgan izlanishlar samaradorligini oshirish, talabalar mazkur metodlarni kelgusi faoliyatida tatbiq etish masalalari qayd etildi.

Onlayn kurs yakunida ma’ruzachi hamda talabalar o‘zaro fikr almashib, mavzu yuzasidan savol-javob qilishdi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya islom instituti bilan tuzilgan memorandum doirasida amalga oshirilayotgan mazkur onlayn o‘quv kurslari 16 soatga mo‘ljallangan bo‘lib, bu bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqilgan. Mazkur o‘quv kurslarini o‘tkazishdan asosiy maqsad talabalarda psixologik muloqotlarni rivojlantirish, zarur bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishdan iborat.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish