37

Turkistonda jadidchilik namoyandalari

MULOHAZA

Jadidchilik yoki jadidizm XIX asr oxiri XX asr boshida Turkiston, Kavkaz, Qrim, Tatariston hayotida muhim ahamiyat kasb etgan ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, siyosiy harakat hisoblanadi. 

XIX asrning 90-yillaridan Oʻrta Osiyoda tarqalgan. Jadidchilik ilk bor Qrimda 1980-yillarda Ismoilbek Gasprinskiy rahbarligida paydo boʻlgan. Jadidchilik harakati vakillari ko‘pincha o‘zlarini ilg‘or, keyinchalik jadidchilar deb atagan. O‘sha davrning ilg‘or kuchlari ayniqsa, ziyolilar mahalliy aholining dunyodan ortda qolayotganini sezib, jamiyatni isloh qilish zarurligini anglab yetdi. Jadidchilik mohiyatan siyosiy harakat edi.

Turkistonda jadid ziyolilarining butun bir avlodi, o‘lka ma’naviy-ma’rifiy soha taraqqiyotiga, milliy madaniyatning rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan namoyandalari vujudga keldi. Bular Samarqandda Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abduqodir Shakuriy, Said ahmad Siddiqiy Ajziy, Toshkentda Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev, Buxoroda Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy, Fayzulla Xo‘jayev, Farg‘ona vodiysida Hamza Hakimzoda Niyoziy, Obidjon Mahmudov, Abdulhamid Cho‘lpon, Is’hoqxon Ibrat, Xivada Bobooxun Salimov, Polvonniyoz hoji Yusupov va boshqalar edi. Ular vatanparvar, ma’rifatparvar, Turkiston o‘lkasida jadidchilik harakatining asoschilari va rahnamolari hisoblanadi.

Jadidchilikning asosiy g‘oyalari va maqsadlari Turkistonni o‘rta asrlar qoloqligi va diniy xurofotdan ozod qilish, shariatni isloh qilish, xalqni ma’rifatli qilish, Turkistonda muxtoriyat hokimiyatini o‘rnatish uchun kurashish, Buxoro va Xivada konstitutsiyaviy monarxiya va parlament, keyinchalik demokratik respublika tuzumini o‘rnatish orqali ozod va farovon jamiyat qurish, barqaror milliy valyutani muomalaga kiritish, milliy armiya qurish edi. Keyinchalik Toshkent, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand va Xivada erkin fikrli, ilg‘or fikrli kishilarning ma’lum guruhlar tomonidan ochilgan madaniy-ma’rifiy jamiyat va uyushmalardan jadidchilik harakati shakllandi.

Jadidlar dunyoning ilg‘or davlatlaridan ko‘p jihatdan ortda qolgan Turkiston xalqlarini bo‘lajak fojialardan ogoh etish, jamiyat hayotini inqilobiy – zo‘rlik yo‘li bilan emas, balki tadrijiy-ma’rifiy yo‘l bilan ijobiy tomonga o‘zgartirish jadidchilik harakatining asosiy maqsadi, kurash usuli edi.

Millat istiqbolini o‘ylovchi taraqqiyparvar kuchlar xalqning deyarli barcha tabaqalari – hunarmand, dehqon, savdogar, mulkdor, ulamolar orasida mavjud edi. Ziyolilar dastlab chorizmga qarshi kurashni xalqni asriy qoloqlikdan uyg‘otish – siyosiy-ma’rifiy jabhadan boshlashga qaror qildilar. Jadidchilik harakati ana shunday tarixiy bir sharoitda Turkiston mintaqasida rivojlanish uchun o‘ziga qulay zamin topdi.

Jadid merosining yana bir muhim jihati ularning ta’lim sohasida sekulyarizm – dunyoviylikni targ‘ib etishidir. Ular jamiyatda, eng avvalo, yoshlar orasida turli diniy e’tiqodlarni hurmat qiladigan, bag‘rikenglik muhitini yaratish muhimligiga urg‘u berishgan. Munavvarqori Abdurashidxonov “Taraqqiy” jurnalidagi maqolasida bag‘rikenglik va inklyuzivlikni targ‘ib qiluvchi ta’lim tizimi zarurligini ta’kidlab: “Ta’lim diniy aqidalar va xurofotlardan holi bo‘lishi, o‘quvchilarning o‘z bilimlarini oshirishi va dunyoqarashini shakillantirishi mumkin bo‘lgan makonni ta’minlashi kerak”, degan edi.

Jadidlarning eng e’tiborga olgan masalalaridan yana biri shuki, Turkistonda xotin-qizlarning savodxonlik darajasi juda ham past ekanligi, ular faqatgina otinoyilar o‘z uylarida ochgan uy maktablarida o‘qib, o‘qish davomida 3-4 tagina diniy suralarni yodlab,so‘ng ular uy ishlari bilan shug‘ullanishi, nari borsa tikish-bichishni o‘rganishi, keyin esa jamiyatda qattiy qonun-qoidaga aylangan erta oila qurish majburiyatini olib, shu bilan bir umr to‘rt devor ichida yashashlarini qattiq tanqid qilib, erkak va ayollar teng haq-huquqga ega ekanliklari,bola tarbiyasi bilan asosan onalar tarbiyalaganliklari bois, millat taqdiri uchun ularning bilim saviyasini ko‘tarish va yangi maktablar tashkil etishni yoqlab chiqdilar.

Muxtasaraytganda, jahon taraqqiyoti yutuqlarini Turkistonga olib kelish istagida va yosh avlodni ma’rifatli qilish, ulardan Vatan uchun xizmat qiladigan yetuk olimlar, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarining zamonaviy bilimdon, mutaxasislari, madaniyat arboblari yetishib chiqib, ular yurtini obod, farovon etishlariga ishonganlar. Jadidlar faoliyatida madaniyatga, ma’rifatparvarlikka, yangilikka, taraqqiyotga intilish, yoshlarni, butun xalq ommasini shunga da’vat etish g‘oyalari ularning umrlari oxirigacha yetakchi fikr bo‘lib qoldi. Har qanday og‘ir sharoitda ular o‘z qarashlarini o‘zgartirmadilar. Jadidlarning ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’naviy faoliyatlarini tahlil qilib va ularning asr boshidagi g‘oyaviy qarashlarini kelib chiqqan holda shuni aytishimiz o‘rinliki, ular Turkiston xalqlarini savodsizlik, qullik, qashshoqlikdan chor hukumati mustamlakachiligidan qutqarishga bel bog‘laganlar va shu yo‘lda yoshlar asosiy kuch bo‘lganini tushunib, ularning saviyasini oshirish uchun ko‘p sa’y harakatlar qilganlar.

Shahlo Maksudova,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti 2-bosqich talabasi

Izoh qoldirish