33

Olima ayol – jamiyat tayanchi

MUNOSABAT

Ayol oilada – ona, suyukli yor, uy bekasi bo‘lsa, jamiyatda – muallima, olima, rahbar va xodima kabi martabalarga ega bo‘ladi. Ayol qayerda va qanday mavqeda bo‘lmasin, u tarbiyachilik vazifasini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Oilasida ko‘rgan tarbiya usullarini hayotiy tajribasida qo‘llaydi. Ayniqsa, farzandi tarbiyali, axloqli, bilimli bo‘lishi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi. O‘zidan ham yuksak bilimni va mavqeni egallashiga jon jahdi bilan ko‘maklashadi. Shundan bo‘lsa kerak, onadek mehribon va uning o‘rnini bosuvchi zot yo‘q.

Ilmli ayollar borasida so‘z borar ekan, buyuk ajdodlarimizning yozgan hikmat-u nasihatlari yodimizga kelaveradi. Ularning har bir so‘zi ilm olishga targ‘ib etadi. Jumladan, Buxorodagi madrasa kattaligi jihatidan Movarounnahrdagi ikkinchi nufuzli madrasaning peshtoqiga Mirzo Ulug‘bek tomonidan “Ilm olishga intilish har bir muslim va muslima uchun farzdir”, degan hadis bitilgan edi. Demak, ilm olishda o‘g‘il farzand kabi qizlarni ham keng jalb etish kerakligi necha ming asr avval aytilgan ekan. Har bir qizimizning kelajagi oila, jamiyat va Vatanimiz kelajagidir. Yaqin o‘tmishdagi zamondoshimiz Abdurauf Fitrat ham “ayollarimiz – millat onalari ilm olishlari lozim, axloq va bilimlarini kamolga yetkazishlari zarur”, deya o‘z asarida yozib, qizlarni ilm olishga da’vat etganini tarix sahifalarida ko‘rishimiz mumkin. Har bir davrda buyuk ajdodlarimiz oiladagi farzandlarning ilmli bo‘lishiga pand-u nasihat qilgan. Qisqa qilib aytganda, ilm – bu ma’rifat deymiz. Jaholatni ham yuksak ilm-ma’rifatimiz bilan yengamiz. Hayotimizga kirishga urinayotgan yot g‘oyalarga ham ilmga intilishlarimiz bilan o‘rin qoldirmaymiz. Ilm butun hayot yo‘llarimizni yoritadi. 

Shu bois, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida ilmiy va innovatsion faoliyat uchun zamonaviy infratuzilmalar yaratish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar belgilandi. Xususan, ilm-fanga yo‘naltiriladigan mablag‘larning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 2025-yilga qadar 6 marta, 2030-yilgacha esa 10 marta oshirilishi rejalashtirilgan. Yana shuni aytish mumkinki, so‘nggi 5 yil davomida davlatimiz rahbarining ma’ruza va topshiriqlarida “ilm” so‘zi 105 marta tilga olingan. Bu ta’kidlar va topshiriqlar “Ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay”, deb necha asrlar avval Imom Buxoriy aytganini bizga eslatadi. Aslida ham har bir ishning mazmun-mohiyati ilmga asoslanadi. Hattoki uy ro‘zg‘orimizning ham o‘z ilmi bor. Oiladagi topilgan daromadning maqsadli va to‘g‘ri sarflanishi ilmma’rifatdandir. Uy-ro‘zg‘or yuritish ilmini ota va onamizdan o‘rganamiz hamda ulg‘ayganimiz sari tajribamiz oshib, tejamkorlik qobiliyatimiz ham mukammallashib boradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan fan doktorlarining soni 700 dan ortiq, fan sohasida izlanish olib borayotgan ayollar soni 5 mingdan ziyod, oliy ta’lim dargohlarida dars berayotgan xotinqizlar soni 14 mingdan oshganligi ulkan o‘zgarishdir. Yurtboshimiz xotin-qizlar masalalari borasida so‘nggi yeti yilda 300 dan ortiq topshiriq, vazifalar va e’tibor hamda e’tiroflar qilganliklari tahsinga sazovor. Xotin-qizlarimiz nafaqat oilada tarbiyachilik qilish, balki davlat islohotlarini amalga oshirishda ham o‘z faolliklarini ko‘rsatmoqdalar. 2023-yil holatiga ko‘ra, ayollarimizning ulushi tibbiyotda 77 foizga, ta’lim sohasida 74 foizga, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida 46 foizga yetgan bo‘lib, 2 ming nafarga yaqini esa davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilib kelmoqda. Bir vaqtning o‘zida ham oila, ham davlat ishlarini yuritishda o‘zlarining bilim-salohiyati bilan o‘rnak ko‘rsatayotganliklari ma’naviy jasoratdir. 

So‘nggi yillarda xalqimiz oldidagi munosib xizmatlari uchun 17 nafar ayol eng oliy mukofot sanalgan – “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlandi. Shu bilan birga, Yurtboshimiz tomonidan ilm-fan yo‘nalishida xotin-qizlarga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, qizlarimiz oliygohlarda o‘qib bilim olishiga keng imkoniyatlar taqdim etildi. Imkon qadar qizlarni ham o‘qisin, ham hunarli bo‘lsin, deya yetarlicha shart-sharoitlar yaratildi. Eng quvonarlisi, moddiy ta’minoti hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj oilalarning qizlariga ta’lim olishlari uchun alohida kvotalar ajratila boshlandi. Bu xalqimizning ulkan yutug‘i aslida. Buni anglagan uchun yuksak mukofot hamdir. Qizlarning kelajagi uchun davlat rahbari tomonidan qayg‘urilgani buyuk ajdodlarimizning orzu-istaklari ro‘yobi bo‘lmoqda. Bundan yana bir yagona maqsad, xalqimizni rozi qilish, ularning yuzlarida tabassumni ko‘rishga qaratilgan.

Bugungi kunda xotin-qizlarimiz orasida 7 nafar akademik, oliy ta’lim muassasalarining o‘zida 700 nafardan ziyod fan doktori, qariyb 3 ming nafar fan nomzodi, shuningdek faxriy unvonlarga sazovor bo‘lganlarning borligi hammamizni quvontiradi. Shuningdek, Abdurauf Fitratning “Onalar butun bashariyatning tarbiyachilaridir”, degan so‘zlarining amaldagi isboti sifatida bundan 7 yil avval oliygohlarda 110 ming nafar xotin-qiz tahsil olgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich besh barobarga oshib, hozirgi kunda 500 ming nafardan ortganini ko‘rishimiz mumkin. Magistraturada o‘qiyotgan talaba-qizlarning shartnoma pullari davlat tomonidan to‘lab berilib, ehtiyojmand oilalarda yashayotgan qizlar, shuningdek, mutaxassisligi bo‘yicha besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlar oliygohlarga alohida kvota asosida o‘qishga qabul qilindi.

Bu kabi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan ko‘plab islohotlarni keltirishimiz mumkin. Ammo bugun bu islohotlar natijasini ko‘rsatmog‘i darkor. Davlat tomonidan xotin-qizlarga qaratilayotgan e’tibor, ularning huquq va erkinliklari ta’minlanishi boshqa davlatlardan yuqori darajada ekanini xalqimiz his etmog‘i zarur. Har bir ilmli ayol farzandlari ta’lim-tarbiyasiga jiddiy qarab, o‘zidanda yuksak bo‘lishini istaydi. Shuning uchun ham “Onalar millatni tarbiyalaydi”, deyilgan. Ilmi yuksak ona behuda dabdabaga, xoy-u havaslarga berilmay, borini bolasining ta’limiga sarflaydi. Tarbiyani ham, ta’limni ham mukammal berishga intiladi. Shunisi bilan u oqila va donoligini ko‘rsatadi.

Xulosa qilib aytganda, har bir millat darajasi shu millat ayollariga e’tibor, g‘amxo‘rlik qilinishi darajalari bilan belgilanadi. Bu borada yuqorida davlat tomonidan yetarlicha islohotlar olib borilayotgani ta’kidlandi. Ammo so‘nggi yigirma yillikda O‘zbekistonda ajrimlar soni muntazam oshgan. Masalan, 2002-yilda 18 345 mingni tashkil etgan bo‘lsa, bu raqamlar 2022-yilda 48 mingga yetgan. Ko‘p holatda ajrimlarga er va xotin o‘rtasidagi mulkiy nizolar, oiladagi mehrsizlik, e’tiborning kamligi, ilm olishga targ‘ib etilishining sustligi qayd etilgan. Bundan ma’lumki, sirtdan qaraganda, nozikkina, ammo sirli qudratga ega ayol ma’naviyati yillar davomida yuksalib borish bilan birga, uning qadrsizlanishi, zo‘ravonliklarga uchrayotgani, farzandi ta’lim-u tarbiyasida yolg‘izlanib qolayotgan onalarning qismati, bugungi kunda har bir mas’ul otaning qalb ko‘zini ochmog‘i kerak. Har bir otasiz ulg‘ayayotgan norasida farzandning kelgusi taqdiri ularni o‘ylantirishi zarur. Zero bizning millat otalari farzandi oldidagi burchi va farzini ham qonunan, ham shar’an to‘liq ado etishga mas’uldirlar. Bu vazifani unutganlarni jazolanishga muqarrar ekanligini dono xalqimiz anglashi muhim hisoblanadi. Ezgu amallarimiz, orzuistaklarimiz farzandlarimiz ta’limi va tarbiyasiga qaratilishi oilalarimizning mustahkamlanishiga zamin bo‘ladi. Ayolini e’zozlagan yurtda farovonlik hukm suradi. 

Xullas, milliy tarbiyani onalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ularning farzandlariga qo‘llagan tarbiyaning barcha usullarini milliy tarbiya ensiklopediyasi, desak, to‘g‘ri bo‘lar edi. Amir Temur, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk ajdodlarimizni tarbiyalagan onalardek, biz ham farzandlarimizga yaxshi tarbiya berishimiz zarur. Ular onasidan qanday tarbiya oldiki, tarbiya va ilmi bilan dunyo ahlini lol qoldirdi. Yoki sarkarda bo‘lib dunyoni zabt etdi. Bu kabi buyuk ajdodlarimizni ham go‘zal xulqli, bilimli onalar dunyoga keltirgan emasmi?! Zero onalarni qancha chiroyli so‘zlar bilan ta’riflasak, shuncha kamdek ko‘rinaveradi. Ilmli onadan aqlli, bilimli farzandlar dunyoga keladi. Chunki onaning ongidagi bilimlar vujudida ulg‘ayayotgan go‘dakning ongiga ko‘chadi. Bu olimlarimiz tomonidan ko‘p o‘rganildi va isbotlandi. 

Xulosa qilib aytganda, o‘g‘ilqizlarning ta’lim va tarbiyasi uzluksizligini faqatgina onalar ta’minlay oladi. Hali dunyoga kelmasidan farzandining kelajagi haqida qayg‘uradi. Qanday kasb egasi bo‘ladi, qaysi ilm dargohida o‘qiydi va hokazo. Duolarida ham farzandining kamolini so‘raydi.

Baxtimizga onalar sog‘-salomat bo‘lishsin!

Munira Qahhorova,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bo‘lim boshlig‘i,

falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Manba: “Vatanparvar” gazetasi 2024-yil 15-mart, 11-son

Izoh qoldirish