148

BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonalari bilan hamkorlik istiqbollari muhokama etildi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Akademiya rahbariyati hamda BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) loyihalar menejeri Sarvar Tursunov, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha mintaqaviy boshqarmasi (UNODC) Yoshlar bilan ishlash boʻyicha loyiha menejeri Gulnar Kudaybergenova hamda BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha mintaqaviy boshqarmasi (UNODC) loyihalarni boshqarish boʻyicha menejeri Azizxon Bahodirov bilan uchrashuv tashkil etildi.
 

Uchrashuvda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, prorektorlar – Zohidjon Islomov, Zokirjon Ro‘ziyev hamda Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev ishtirok etdilar.

Muloqotda Akademiya rektori Uyg‘un G‘afurov mehmonlarni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ko‘rib turganidan mamnunligini bildirdi. 

Samimiy o‘tgan uchrashuvda ikki tomon o‘rtasidagi aloqalar, xususan, ilmiy loyihalar bo‘yicha takliflar ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirish bo‘yicha fikr almashildi.

Oʻz navbatida Sarvar Tursunov samimiy qabul uchun Akademiya rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi hamda Oʻzbekistonda mavjud BMT taraqqiyot dasturlari va UNODC loyihalari xususida maʼlumot berib oʻtdi. Jamiyatda jinoyatchilikni oldini olish BMT tarmogʻidagi muhim yoʻnalishlardan biri ekanini qayd etib, ayni vaqtda diniy ekstremizm gʻoyalarini tarqalishini oldini olish va diniy bagʻrikenglikni shakllantirish uchun Akademiya bilan hamkorlik loyihasini ishlab chiqish taklifini bildirdi. 

Samimiy muloqotda Azizxon Bahodirov Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha mintaqaviy boshqarmasi faoliyati, olib borilayotgan ishlar xususida maʼlumot berdi. Xususan, soʻngi 3 yilda yoshlar orasida giyohvand moddalari taʼsiriga tushish va uyushgan jinoyatchilik harakatlari soni yuqorilab borayotganiga toʻxtaldi. Shuningdek, jinoyat qilgan shaxslar va nizoli hududlardan qaytgan shaxslarni qayta jinoyatga qoʻl urmasligi uchun ular bilan reabilitatsiya ishlarini uzoq muddatga rejalashtirish zarurligini alohida taʼkidladi. 

Gulnar Kudaybergenova soʻz olib, UNODC tomonidan bir necha tillarda jinoyatchilikni oldini olish va bartaraf etishga qaratilgan qiziqarli video materiallar (multfilm, roliklar) ishlab chiqilganini maʼlum qildi. Shuningdek, sport oʻyinlari orqali ular uchrashi mumkin boʻlgan turli holatlarni psixologik omillar bilan oldini olish oʻrgatilishini qayd etdi. Bundan tashqari, Akademiya bilan hamkorlikda BMT konferensiyalari va yigʻilishlarining modelini talabalar ishtirokida amalga oshirish imkoni borligini bildirdi. Bu loyihalarni barchasi tashkilotning rasmiy saytida mavjudligini qoʻshimcha qildi. 

Akademiya rektori bildirilgan fikrlar muassasa uchun ham foydali ekanini qayd etib, sanab oʻtilgan yoʻnalishlarning aksariyatida Akademiya asosiy faoliyat yuritadigan tashkilot ekanini bildirdi. Xususan, Akademiya xodimlari joylarda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda faol qatnashishi, talabalar orasida esa diniy bagʻrikenglikni yoyish uchun turli din vakillari bilan uchrashuvlar, sinagoga va cherkovlarga sayyor darslar tashkil etilishi hamda “Ziyo” media markazi va Imom Moturidiy tadqiqot markazi mutaxassislari tomonidan diniy ekstremizm va radikalizmni oldini olishga qaratilgan raddiyalar tayyorlanishini qayd etdi. Bu kabi ishlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasida bildirgan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasiga koʻra amalga oshirilayotganini qoʻshimcha qildi.

Samimiy muloqot davomida bu kabi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalari haqida so‘z yuritildi. 

Yakunda kelgusida bajarilishi kerak bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish