Mehr va fidoyilik timsoli – muqaddas ayol
Yaratganning buyuk moʻjizasi boʻlgan ayol zotini eʼzozlagan yurtda farovonlik hukm suradi. Mamlakatimizda ularga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Hammamizga maʼlumki, ayol – nafosat va goʻzallik timsoli. Uning mehridan qalblar sururga toʻladi. Ayolning jamiyatdagi mavqeyi haqida soʻz ketganda, koʻz oʻngimizda Toʻmaris, Bibixonim, Nodirabegim, Uvaysiy kabi buyuk siymolarimiz gavdalanadi.
Chindan ham ayol millat kelajagi, hayot davomchisi sanaladi. Ayo timsolida mehr-u muhabbat, sadoqat va vafo mujasssam. Xotin-qizlari e’zozlangan, qadrlangan yurtning buguni va ertasi farovon bo‘ladi. Ular bilan jamiyat to‘laqonli rivojlanadi, taraqqiy etadi. Shuning uchun ham yurtimizda xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibor, shart-sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayni paytda respublikamiz bo‘ylab 8-mart – “Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan bayram tadbirlari, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham “Mehr va fidoyilik timsoli – muqaddas ayol” mavzusida bayram tadbiri o‘tkazildi.
“Mumtoz sharq filologiyasi” fakulteti tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakillari, Akademiya professor-o‘qituvchilari, litsey va maktab professor-oʻqituvchilari, xodimlar, talabalar hamda mehmonlar ishtirok etdilar.
Tantanali marosimni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov tabrik so‘zi bilan ochib berdi. Akademiya rektori yurtimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini mustahkamlash borasida davlat ahamiyatiga molik ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Har bir taʼlim olayotgan talaba-qizlar kelgusida nafaqat oilasi, balki jamiyatning maʼnaviy muhitini sogʻlomlashtirishda soha mutaxassisi sifatida xizmat qilishiga Akademiya rektori Uygʻun Gʻafurov ishonch bildirishini oʻz tabrigida taʼkidlab, “Akademiyada faoliyat olib borayotgan har bir ayol bugun davlat va jamiyat uchun benazir xizmat qilmoqda. Ayniqsa, jaholatni yuksak ilm-maʼrifati bilan yengishda aholiga yaqindan yordam berib kelmoqda. Hayotimizga kirishga urinayotgan yot gʻoyalarga qarshi kurashishda ham yonimizda turib koʻmaklashmoqdalar”, deb alohida qayd etdi.
Darhaqiqat, ayol, onani e’zozlash, unga ehtirom ko‘rsatish asrlar davomida shakllangan an’ana-qadriyatlarimizdan biridir. Bugungi kunda akademiyada 204 nafar ayollar faoliyat koʻrsatmoqda. Ular ham oila ham davlat va jamoat ishlarini bir maromda yuritishga erishmoqda. Talabalarning teng yarmi, yaʼni 1123 nafarini qizlar tashkil etadi. Akademiyadagi har bir xotin-qizlar uchun munosib shart-sharoit yaratib berilgan boʻlib, bugun namunali xulqi, yoshlar tarbiyasida fidoyiligi hamda ilmiy salohiyati bilan oʻrnak boʻlayotgan xotin-qizlar bayram munosabati bilan taqdirlandilar.
Marosimda Akademiya, akademik litsey va maktabning bir guruh faol ayol xodimlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, o‘zining tashabbuskorligi, o‘qish va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan bir guruh talaba-qizlarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan marosimda “Nihol” davlat mukofoti sovrindori Gulzoda Xudoynazarova, O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti “Maqom xonandaligi” kafedrasi o‘qituvchisi Mo‘minjon Sadriddinov, O‘zbekiston davlat madaniyat va san’at instituti xonandasi Zulfiyaxon Rashidova, so‘z ustasi Tolib Xojiyev chiqishlari bilan barchani xushnud etdilar.
Tadbir davomida “Mehnat shuhrati” va “Doʻstlik” ordenlari sohibasi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoira Zulfiya Moʻminova soʻzga chiqib, ayollarga bagʻishlangan sheʼrlari bilan barchaga yaxshi kayfiyat ulashdi. Shuningdek, tadbirga tashrif buyurgan yurtimizning taniqli sanʼatkorlari kuy-qoʻshiqlari bilan barchaga koʻtarinki ruh berdi. Akademiya ijodkor talabalarining sheʼriy chiqishlari bilan davom ettirildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy ashula va raqs ansambli ijrosida “Onajonlar” qo‘shig‘i, Akademiya ijodkor talabalarining she’riy chiqishlari, “Ziyo-zukko” ta’lim muassasasi o‘quvchilari ijrosida yangragan raqs va qo‘shiqlar barchaga behad manzur bo‘ldi.
Muxtasar aytganda, oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimizning buyuk ma’naviyati va qadriyatdan darak beradi. Bayram tadbirida ana shunday ezgu tuyg‘ular namoyon bo‘ldi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish