Ilmsiz taraqqiyot, ma’rifatsiz kamolot yo‘q
Bugungi kunda muqaddas islom dinimizning insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etish, “Jaholatga qarshi ma’rifat” tamoyili asosida unib-o‘sib kelayotgan yoshlarni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalash yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Jamiyatimizda barqaror va sog‘lom muhitni ta’minlash maqsadida mutasaddilar tomonidan turli targ‘ibot tadbirlari, uchrashuvlar tashkil etilyapti.
Ana shunday tadbirlarni tashkil etishda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi diniy-ma’rifiy ta’lim muassasalari orasida alohida o‘rin egallaydi. Akademiya professor-o‘qituvchilari va xodimlari respublikamiz bo‘ylab targ‘ibot tadbirlarida faol ishtirok etadilar.
Bugun Akademiyada shu mavzuga bag‘ishlangan navbatdagi muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori o‘rinbosari Firdavs Halimov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Muzaffarxon Joniyev ishtirok etdilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tadbir Toshkent shahri Shayxontohur tumani hokim oʻrinbosarlari, hokimlik apparati xodimlari, mahalla raislari, hududlardagi hokim yordamchilari, mahalla xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari, profilaktika inspektorlari, tibbiyot xodimlari, maktab direktorlari va ularning oʻrinbosarlari uchun tashkil etildi.
Targʻibot tadbiri yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohot va ijobiy oʻzgarishlarning mohiyati, shuningdek, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashishning ahamiyatini ochib berishga bagʻishlangan “Jaholatga qarshi maʼrifat – asosiy maqsadimiz” nomli maxsus film namoyishi bilan boshlandi.
Tadbir yakunida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan ajdodlarimizning hayoti va ilmiy merosini oʻrganish, yot gʻoyalarga qarshi raddiyalar berish yoʻnalishida nashr qilingan adabiyotlar taqdimoti oʻtkazildi.
Taqdimot davomida ishtirokchilar yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada chop etilgan eng soʻnggi adabiyotlar bilan tanishish asnosida islom dini haqidagi xolis va toʻgʻri shakldagi maʼlumotlarni taqdim etuvchi manbalar haqida maʼlumotga ega boʻldilar.
Izoh qoldirish