158

Akademiya dotsenti “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

Yurtimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning turli soha va tarmoqlarda o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada davlatimiz rahbarining 2018-yil 2-fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni ta’sis etilgan.

Bugun 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishonini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.   

Quvonarlisi, ularning safida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi dotsenti, iqtisodiyot fanlari nomzodi Gulnora G‘ulomova ham bor.

“Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni faol va tashabbuskor, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, joylarda ma’naviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni targ‘ib etishda ibratli faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarni taqdirlash maqsadida ta’sis etilgan. 

Ko‘krak nishoni bilan mukofotlanganlarga eng kam oylik ish haqining 4 baravari miqdorida biryo‘la to‘lanadigan pul mukofoti topshiriladi.

Gulnora G‘ulomova ilm yo‘lida talabalarga saboq berish barobarida turizm sohasi uchun bir qancha kitob va qo‘llanmalar yozgan.

Akademiya dotsenti “Turizm geografiyasi”, “Turizmda institutsional munosabatlar”, “Turizm menejmentida tizimli tahlil va samarali qarorlar qabul qilish” “Turizmni hududiy tashkil etishning zamonaviy xususiyatlari”, “Turizm sektori raqobatbardoshligi: nazariya va amaliyot” kabi monografiya va kitoblar muallifidir.

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyati va jamoasi Gulnora G‘ulomovaning mazkur yutug‘i bilan muborakbod etadi. U kishiga uzoq umr, tan sihatlik, oilaviy totuvlik, kasbiy barkamollik tilaydi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish