40

AQSHning Sivilizatsiyalar almashinuvi va hamkorligi fondi rahbari Akademiyada

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga AQSHning Sivilizatsiyalar almashinuvi va hamkorligi fondi (CECF) rahbari va asoschisi, doktor Bashar Arafot bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda Akademiya rektori Uyg‘un Gʻafurov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, Oʻquv ishlari boʻyicha prorektor Zokirjon Roʻziyev, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, Akademiya o‘qituvchisi va tarjimon Akbar Kazakbayev hamda Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Bahodir Xoʻjayev ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida Akademiya vakillari doktor Bashar Arafotni yurtimizda, xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ko‘rib turganidan mamnunligini bildirdi. 

Shundan so‘ng Akademiya rektori yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar, islohotlar jarayoni haqida so‘z yuritdi. So‘nggi yillarda islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi boshqa diniy-ta’lim muassasalari orasida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. 

Suhbat davomida Akademiya ilmiy salohiyati, fakultetlar va ulardagi ta’lim yo‘nalishlari, talabalarga bilim berishda o‘ziga xos yondashuvlar haqida ma’lumot berildi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida xassos soha – muqaddas islom dinini ilmiy nuqtayi nazardan fundamental tadqiq etish, ulug‘ allomalarimiz ma’naviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli, raqobatbardosh utaxassis kadrlarni tayyorlashda tizimli ishlar amalga oshirilayotgani e’tirof etildi.

O‘z navbatida doktor Bashar Arafot yuqori darajadagi mehmondo‘stlik uchun samimiy minnatdorlik bildirar ekan, O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi. Bu zamin azaldan yirik ulamolar, mutafakkirlar yurti ekanini e’tirof etdi. 

Muloqotda doktor Bashar Arafat CECFning faoliyati haqida so‘zlab, jamg‘arma turli din va madaniyat vakillari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, dinlararo muloqotni shakllantirish hamda diniy diplomatiyani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator dasturlarni amalga oshirishini qayd etdi.

Shundan so‘ng AQSHning Sivilizatsiyalar almashinuvi va hamkorligi fondi (CECF) haqida ma’lumot berdi. Mazkur fond 2000-yilda notijorat tashkilot sifatida tashkil etilgan. Sivilizatsiyalar almashinuvi va hamkorligi fondining vazifasi turli din va madaniyat vakillari oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. CECF butun dunyoda odamlarni bir-biri bilan integratsiyalashgan global jamoaga birlashishga undaydi. 

Samimiy muloqot davomida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini muhokama etdilar. 

AQSHning Sivilizatsiyalar almashinuvi va hamkorligi fondi rahbari va asoschisi doktor Bashar Arafot O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bilan hamkorlik memorandumini imzolashni taklif qildi. 

Uchrashuv yakunida doktor Bashar Arafot koʻrsatilgan iltifot va yuqori darajadagi mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish