Hayot bilan hamnafas shoira
1-MART – OʻZBEKISTON XALQ SHOIRI ZULFIYA TAVALLUD TOPGAN KUN
Shoira Zulfiyaxonim lirik merosi bilan oʻzbek sheʼriyatiga oʻzgacha ruh va pafosni olib kirgan ijodkordir. Uning sermahsul ijod yoʻli, lirik merosi oʻziga xos ahamiyat va betakrorlikka ega. Sheʼriyatida tuygʻulardagi samimiylik, soʻz sehrining jozibadorligi ijtimoiylik bilan uygʻunlashgan holda, oʻzbek ayoliga xos nazokat bilan tarannum etiladi.
Zulfiyaxonim Isroilova uzoq yillar “Saodat” jurnalida boʻlim mudiri, bosh muharrir kabi lavozimlarda ishlagan. “Saodat” jurnalining keng jurnalxonlar ommasiga kirib borishi va jurnal saviyasining yuqori boʻlishida Zulfiyaxonimning mashaqqatli mehnati, sermahsul ijodi beqiyosdir. Turmush oʻrtogʻi Hamid Olimjondan 29 yoshida ayrilgan shoiraning turmush qiyinchiliklari, hayot mashaqqatlaridan irodasi bukilmadi. Aksincha, hayotga, yashashga boʻlgan intilishi uning otashnafas, goʻzal sheʼrlarida va sermahsul ijodida oʻz ifodasini topdi.
Shoiraning “Hayot varaqlari”, “Qizlar qoʻshigʻi”, “Uni Farhod der edilar”, “Hijron kunlarida”, “Kuylarim sizga”, “Yuragimga yaqin kishilar”, “Oylar”, “Shalola”, “Tun”, “Hijron”, “Mening Vatanim”, “Bahor keldi seni soʻroqlab”, “Koʻrganmiding koʻzlarimda yosh”, “Choʻpon”, “Lobar qizlarga” kabi sheʼr va toʻplamlari haqiqiy oʻzbek ayolining goʻzal hamda betakror siymosini yoritib beruvchi boy maʼnaviy meros boʻldi.
Zulfiyaxonim sheʼrlarida oʻziga xos ohang va jozibani koʻramiz, ayni damda, inson ruhiy olami uchun maʼnaviy poklik tarannumini his qilamiz. Mana, “Rashk” sheʼrida quyidagilarni yozadi:
Men quyoshli el farzandiman,
Baxtlimanki yoniq nafas yor.
Ishq va hijron olovlaridan,
Omon chiqqan qaynoq dilim bor.
Ushbu misralar shoira qalbining nozik jihatlarini goʻzal tashbeh-u sifatlash orqali tasvirlar ekan, kitobxon dunyosiga oʻziga xos manzara chizadi. Yaʼni “quyoshli yurt farzandi” ekanligi uni oʻtli ishq haroratidan, hijronning achchiq alamlaridan asray oldi. Shuningdek, goʻzal misralarda irodasi mustahkam holda, hayotda uygʻoq qalb bilan yonib yashashga, alam-u azoblar zahridan chekinmaslikka chorlov borligini anglaymiz.
Yoki “Oydinda” sheʼrida:
Eh, umr yarmim yutib,
Oʻtgan tunlardami ayb?
Endi bu koʻrkni tutib,
Kunduzga bermasam hayf?
Umrning gʻanimatligi, har bir damni qadrlash, yorugʻ kunlarga shukronalik tuygʻusi shoira qalbining oʻtli harorati edi. Qarangki, hatto lirik qahramon umrining yarmini yutgan tunlarga ayb qoʻyishni istamaydi, aksincha, bu olamni tutgudek shijoat bilan tunlarini kunduz va yorugʻlikka almashadi.
Hayot bilan hamnafas shoira mustaqillik va tinchlikni bebaho neʼmat sifatida qadrlab, urush sira boʻlmasligini istaydi. “Oʻgʻlim, sira boʻlmaydi urush” deya baralla kuylaydi:
Urush! Noming oʻchsin jahonda,
Hamon bitmas sen solgan alam.
Sen tufayli koʻp xonadonda
Ota nomli buyuk shodlik kam.
Garchi ushbu misralar urush yillaridagi insonlar hayotini, ular qalbiga solgan soʻngsiz alamlarni ifodalagan boʻlsa-da, ammo bugungi tinch zamonni qadrlashdek buyuk neʼmatni yana bir bor yodga soladi va shukronalik tuygʻusi bilan yashashga daʼvat etadi.
Nihoyat, mustaqillik, hurriyat shabadalaridan bahramand boʻlgan shoira tinch-osuda kunlarga shukronalik tuygʻusi bilan yurt, xalq, insonlar baxtiyorligini mazmunli, betakror misralarda yanada joʻshqin hissiyot bilan yonib kuylaydi.
Xususan, “Xotiram siniqlari” dostonida yozadi:
Hurriyat, keldingmi, nahotki kelding!
Kelar yoʻllaringda pinhona toldim.
Mening ota-onam, jon Vatanimda,
Elim taqdirida abadiy qolding…
Lirik qahramon, yaʼni shoira istiqlol, hurriyat kelishini intizor kutadi va bu yoʻlda pinhona (mustabid davrda ozodlikka intilish va kuylash hissi – L.A) “toladi”, nihoyat, istiqloldan shodlanadi va bu hurriyatning ota-ona, Vatan va el hayoti, taqdiri uchun abadiy qolishini istaydi.
Umuman, Zulfiyaxonimning lirik merosi boy va rang-barangdir. Unda ijtimoiy voqelik, insoniy munosabatlar, insonning qalb tugʻyonlaridan tortib, oʻzbek ayolining bukilmas irodasi, yashashga, hayotga, insonlarga boʻlgan cheksiz muhabbati, vafoyu sadoqati kabi pokiza tuygʻular tarannumini koʻramiz.
Zulfiya Isroilova – XX asr oʻzbek sheʼriyatining yorqin kuychisi sifatida har bir oʻzbek ayoli uchun vafo va sadoqat, samimiyat timsoli boʻlib, barhayot yashayveradi.
Lola Azimova,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi “Oʻzbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi katta oʻqituvchisi, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori
Izoh qoldirish