109

Baxtim shul – oʻzbekning Zulfiyasiman

Derazamning oldida bir tup,

Oʻrik oppoq boʻlib gulladi.

Gulni koʻrib ishqparast qalbim, 

Ming aytilgan darddan kuyladi.

Koʻklam va baxt kuychisi Zulfiyaxonim sheʼrlarini oʻqiganda tongning oq alangasi, qirovli maysalar nafasi, kumush nurlar jarangi-yu, qor tagidan bosh koʻtargan binafshaning ifori dimogʻimizga uriladi. Go‘yoki, koʻklamning ilk kunida tavallud topgan shoiraning satrlari tabiatning shunday yorqin manzaralariga uygʻunlashib ketgandek dillarimizga osudalik va nafosat olib kiradi. 

Bahor. Yasharish va yangilanish, ezgu ishlarga qoʻl urmoqqa undovchi goʻzal palla. Ushbu faslda xalqimizning sevimli shoirasi Zulfiyaxonim Isroilova tavallud topgani ham bejizga emas. U bahor va vafo kuychisi. U sadoqat va nafosat tarannumi ijrochisi. Uning taqdiriga koʻplab koʻnggillarga yorugʻlik, osuda lahzalar, mehr-u muhabbat, oqibat va yuksak fazilatlar ijodkori deya bitilgan boʻlsa, ne ajab. 

Oʻzbek xalqining sevimli shoirasi, taniqli jamoat arbobi Zulfiya Isroilova 1915-yil 1-mart kuni Toshkentda hunarmand oilasida tugʻilgan. Shoira xotin-qizlar bilim yurtida oʻqigan vaqtlaridayoq adabiy toʻgaraklarda sheʼrlar mashq qila boshlagan. Shu yillar oraligʻida, yaʼni 17 yoshida uning ilk “Hayot varaqlari” nomli sheʼriy toʻplami chop etildi. Shoira bolaligini shunday eslaydi: “...Temirni biron shaklga keltirib u bilan ishlashdan koʻra, insonning qalbiga kirib borish qiyinroq”. 

Darhaqiqat, shoira Zulfiyaxonimning yaratgan asarlarida inson qalbini, uning nozik torlarini chertganiga guvoh boʻlasiz. 

“Uni Farhod der edilar”, “Hijron kunlarida”, “Mening Vatanim”, “Bizni kut”, “Tong qoʻshigʻi”, “Dalada bir kun”, “Men tongni kuylayman”, “Soʻroqlaydi shoirni sheʼrim”, “Oydin”, “Quyoshli qalam”, “Yuragimga yaqin kishilar”, “Oʻylar”, “Shalola”, “Semur”, “Zaynab va Omon”, “Mushoira” kabi juda koʻplab asarlari xalqimizning maʼnaviy mulkiga aylangan. Uning asarlari rus, ingliz, nemis, bolgar, xitoy, arab va boshqa tillarga tarjima qilingan. 

Zulfiyaxonim umri davomida nafaqat oʻzbek tilida sheʼr yozdi, balki xorij tilida bitilgan sheʼriy asarlarni ham oʻz ona tiligi mahorat bilan tarjima qilishga muvaffaq boʻlgan serqirra ijodkorlardan biri. Xususan, Pushkin, Lermontov, Nekrasov, Inber, Lesya Ukrainka, Dilboziy, Amrita Pritam kabi ijod ahli tomonidan bitilgan asarlar Zulfiyaxonim isteʼdodi ila mahorat bilan oʻzbek tiliga tarjima qilingan. 

Matonatli oʻzbek ayoli. Zulfiyaxonim oʻzining hayoti va ibratli yoʻli bilan barchaga namuna, yoshlarimiz uchun sadoqatli Ona va Vafo, Sadoqat timsoli. Zero, u hayoti davomida juda koʻp qiyinchilik, gʻam-tashvish koʻrdi. Ayniqsa, turmush oʻrtogʻi – hamkasbi Hamid Olijondan ayrilgan kundan boshlab unda juda kuchli yolgʻizlik, qalbida esa toʻldirib boʻlmas boʻshliq paydo boʻlgan edi. Shunga qaramay, u oʻz farzandlari uchun yashashi kerakligini anglagan holda, hayotini davom ettirishga majbur edi. Matonatli ayol siymosini aynan Zulfiyaxonim ijodida kuzatamiz. U umrini soʻnggi kunlarida bitgan ushbu satrlar qalblarni junbushga keltiradi...

Hamon eʼtiqodim – haqiqat, haqdir,

Soʻzlayman yuzimni tutib Kaʼbaga.

Yemira olmaydi oʻtkinchi taqdir,

Osuda oʻtadi ruhim abadga.

Eʼzozlar, ardogʻlar uchun tashakkur,

Asli Siz oftobim, men ziyosiman

Tonglaringiz kulsin dorilomon, hur,

Baxtim shul – oʻzbekning Zulfiyasiman.

Ha, Ona-yurt, sevgi, bahor tarannumidagi bunday goʻzal satrlardan nurlangan har bir koʻngil hamisha shunday samimiy izhorlarga mushtoq. Kindik qoni toʻkilgan goʻshaga muhabbat, ona tabiatning betakror manzaralariga, oppoq tonglariga cheksiz sadoqat goʻzal qalb sohibasining otashin satrlari aslida. Yana shoira oʻz satrlarida shunday deydi: “Men oʻtgan umrga achinmay qoʻydim”. 

Darhaqiqat, Zulfiyaxonim bosib oʻtgan yoʻl-shodlik, baxt va yoʻqotishlar, doʻstlar, ustoz-shogirdlar, qilingan ishlar va ushalmagan orzular, amalga oshmay qolgan rejalar… U turmushning mashaqqatli va zalvorli yoʻllarini kechib, oʻrik gullari, koʻklam chechaklarining nafosati, goʻzalliklaridan ilhom olib, barchasini sheʼrga soldi. Shuning uchun ham sheʼrlari qalbimizda hali hamon jaranglaydi, bahorning kirib kelishi goʻyo tabiat uygʻonishi bilan uygʻun holda otashli satrlari dillarimizga mehr va muhabbat tuygʻularini armugʻon etaveradi. 

   

                    Umida Murodxonova,

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi

Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti 2-bosqich talabasi

Izoh qoldirish