40

Akademiyada “Rahbar va yoshlar” ochiq muloqoti o‘tkazildi

Har qanday mamlakatning taraqqiyoti o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga bevosita bog‘liq hisoblanadi. Shu ma’noda, yurtimizda yoshlar masalasiga davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralishi bejiz emas.

Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida ta’kidlaganidek, “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat”.

Ayniqsa, joriy yil davlatimiz rahbari tomonidan “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”, deb eʼlon qilinganining zamirida ham ana shu maqsad va muddaolar mujassam.

Shu bois, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham rahbariyat va talabalar o‘rtasida muntazam tarzda muloqotlar o‘tkazib kelinadi. Mazkur uchrashuvlarda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish bilan bir qatorda yechimini kutayotgan masalalar ham tilga olinadi.

Ana shunday muloqotlardan biri Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti talabalari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, fakultet dekani Habibullo Sadibaqosev, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda talabalar ishtirok etdilar.

Uchrashuvni Akademiya rektori Uyg‘un G‘afurov kirish so‘zi bilan ochib berarkan, bugungi kunda o‘qib, ilm olaman degan yoshlar uchun barcha zarur shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilganini, ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan yoshlar esa yuqori natijalarga erishayotganini ta’kidlab, yoshlarni ko‘proq o‘z ustida ishlashga, bilim olishga chaqirdi.

Bu borada O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari o‘zlarining odob-axloqi, yuksak tafakkuri, aql-idroki bilan boshqa oliy ta’lim muassasalarining yoshlariga namuna bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Samimiy ruhda o‘tgan tadbir yakunida yoshlar tomonidan bildirilgan mulohaza, taklif, savol va muammolar tinglandi.

Muloqot yakunida kelgusida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish