38

Akademiya Matbuot xizmati faoliyatiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Matbuot xizmati faoliyati hamda Akademiyaning ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarini yanada rivojlantirish, foydali va mazmunli ma’lumotlar bilan boyitib borishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Akademiya rektori Uyg‘un G‘afurov boshchiligida o‘tkazilgan uchrashuvda Akademiya prorektorlari, fakultet dekanlari, bo‘lim boshliqlari, Akademiya matbuot xizmati xodimlari hamda “Kiber faol yoshlar” guruhi a’zolari ishtirok etdilar.

Yig‘ilishni Akademiya rektori kirish so‘zi bilan ochib berarkan, bugungi kunda yurtimizda so‘z erkinligi, ommaviy axborot vositalariga yaratilayotgan imkoniyatlarga to‘xtalib o‘tdi.

Shu bilan birga, Akademiya Matbuot xizmati faoliyati samaradorligini yanada rivojlantirish, jamoatchilikka Akademiyada olib borilayotgan ta’lim-tarbiya sohasidagi islohotlar, yangiliklarni tezkor, xolis va to‘liq shaklda yetkazish dolzarb masalaga aylanganini qayd etdi. Bu borada xodimlarning axborot yetkazishdagi malakalarini oshirish hamda milliy media makonda yuqori tajriba ega OAV vakillari bilan tajriba almashish muhimligini ta’kidladi.

Chindan ham keyingi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlariga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaydi. Bu borada Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida soʻz erkinligi va axborotlarni olish, tarqatish siyosatida ochiqlik va shaffoflik ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019-yil 27-iyunda “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini taʼminlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining qabul qilinishini alohida ta’kidlash zarur.

Zero, bugungi kunda jahon internet tarmogʻi va ijtimoiy tarmoqlarning aholi orasida ommalashuvi bois, toʻgʻri va xolis axborotlar bilan birgalikda noxolis va xato, gʻarazli niyatda talqin etilgan maʼlumotlar ham koʻpayib bormoqda. Bu esa yetarli darajada bilim va maʼlumotga ega boʻlmagan aholi qatlami, ayniqsa, yoshlarda davlat va jamiyat qurilish, siyosat, taʼlim va diniy sohalardagi islohotlar, yangilanishlarga ham toʻliq ishonch uygʻotishga toʻsqinlik qilmoqda. Shu bois, yoshlarga kerakli va to‘g‘ri axborot berish dolzarb masalaga aylanib bormoqda.

Yig‘ilishda axborot xizmatlari oldiga soha faoliyati targʻiboti bilan bogʻliq muhim vazifalar qoʻyildi. Axborot xizmati xodimi maqola va materiallar tayyorlashi, axborot makoni monitoringini yuritishi, tashkilotning veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, mobil messenjerlardagi kanallariga axborot joylashtirishi, foto va video materiallar tayyorlashi, qator media-rejalar ijrosini taʼminlashi, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan til topishib ishlashi kerakligi qayd etildi.

Mavjud yangiliklardan “Ma’lumotlar ombori”ni shakllantirish, Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda faol talabalardan iborat “Media guruh” hamda “Ekspertlarguruhi” tashkiletish kerakligi ta’kidlandi. 

Uchrashuv davomida talabalar o‘zlarining takliflarini bildirdilar.

Yig‘ilish yakunida muhim vazifalar belgilab olindi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati 

Izoh qoldirish