470

Pandemiya sharoitida xalqaro munosabatlar qanday rivojlanadi?

Global pandemiya sharoiti davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar hamda siyosiy jarayonlarga ham sezilarli salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Kelajakda bunday vaziyatlarga tayyor turish, bugungi jamiyat oldida turgan muhim masalalardan sanaladi.

Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Global pandemiya sharoitida xalqaro munosabatlar fanini o‘qitishning o‘ziga xos xususiyatlari” mavzusida ilmiy-amaliy onlayn seminar o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi, siyosiy fanlar doktori Qodir Jo‘rayev, “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakulteti dekani, dotsent Ashurali Abdurashidov, akademiya professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.

Tadbirda akademiyaning “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi siyosiy fanlar doktori, dotsent Muhammadolim Muhammadsidiqov mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

— O‘tgan yildan masofaviy ta’lim jarayoni oliy ta’lim muassasalariga tatbiq etildi, — deydi Muhammadolim Muhammadsidiqov. — Lekin pandemik vaziyat ushbu tizim yanada rivojlandi. Ayni paytda masofaviy o‘qish tizimi tobora takomillashib bormoqda. Onlayn o‘qitish tizimini yanada rivojlantirishimiz kerak.

Qizg‘in muhokamalarda pandemiya davridagi xalqaro munosabatlar, o‘zgarayotgan tendensiyalar muhokama etildi.

— Xalqaro munosabatlar keng tushuncha, — deydi siyosiy fanlar doktori Qodir Jo‘rayev. — Buning asosida dunyodagi davlatlar, xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik munosabatlar turadi.

Xo‘sh, pandemiya sharoitida xalqaro munosabatlar qanchalik o‘zgardi? Aytish kerak, dunyo siyosatida fundamental o‘zgarishlar yuz berdi. Avvallari davlatlar o‘rtasida integratsion jarayon kuchli edi. Ayni paytda har bir davlat o‘z muammolarini o‘zi bartaraf etishga urinyapti. Shuningdek, yangi, raqamli texnologiyalar misli ko‘rilmagan ravishda rivojlanmoqda. Ko‘p sohalar elektron formatga o‘tib bo‘ldi. Iqtisodiy jihatdan baho beradigan bo‘lsak, tijoriy savdolarning elektron shakli kuchaymoqda.

Seminar davomida masofaviy ta’lim orqali xalqaro munosabatlar fanini o‘qitishda nimalarga e’tibor berish kerakligi borasida ham fikr va mulohazalar bildirildi. Tadbir yakunida seminar ishtirokchilari tomonidan ma’ruzachilarga savollar yo‘llandi. Bu kabi munozaralar bardavom bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish