“VII O‘zbekiston Gidlari forumi – 2024”
2024-yilning 21-fevral kuni Toshkent shahrida turizm va ekskursiya faoliyati sohasidagi har yilgi an’anaviy tadbir – “VII O‘zbekiston Gidlari forumi – 2024” bo‘lib o‘tadi
“VII O‘zbekiston Gidlari forumi – 2024” Butunjahon gidlar kunini nishonlashga bag‘ishlangan (sana: 21-fevral, vaqti: soat 9:00 dan 13:00 gacha , joyi: “Radisson Blu Hotel Tashkent” mehmonxonasi, manzil: Toshkent shahri, Amir Temur shoh ko‘chasi 88).
Tashkilotchilar: O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi va Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti.
Hamkor tashkilotchilar: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti.
Forum hamkori: “Govorit Tashkent” loyihasi.
Forum doirasida quyidagi tadbirlar tashkil etiladi:
21-fevral kuni “Ekskursiya faoliyati: ta’lim, fan va amaliyot simbiozi” xalqaro ilmiy amaliy konferensiya (vaqti: soat 14.00 dan 17.00 gacha, joyi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, 7-korpus, manzil: Toshkent shahri, Islom Karimov ko‘chasi 49);
22-fevral kuni - “Ziyorat turizmi: ekskursiya faoliyati uchun mutaxassislar tayyorlashga qoʻyiladigan talablar” mavzusida davra suhbati (vaqti: soat 09.00 dan 13.00 gacha, joyi: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, manzil: Toshkent shahri, Abdulla Qodiriy ko‘chasi, 11);
22-fevral “Muzeyshunoslik: ekskursiya faoliyati uchun mutaxassislar tayyorlashga qoʻyiladigan talablar” mavzusida davra suhbati (vaqti: soat 09.00 dan 13.00 gacha, joyi: Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, manzil: Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Bunyodkor shoh ko‘chasi, 28);
22-fevral kuni talabalar, magistrantlar va amaliyotchilar uchun mehmon ma’ruzalari rejalashtirilgan.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad ilmiy-ma’rifiy jamoatchilik va turizm sohasi vakillarining ekskursiya faoliyati uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimiga qiziqishini oshirish, shuningdek, ushbu tizimni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Tadbir formati: gibrid shakl (masofadan ulanish imkoniyati saqlanib qolgan holda yuzma-yuz ishtirok etish).
Anjumanda ishtirok etish uchun fan va taʼlim, ishbilarmon doiralar, jamoat birlashmalari, davlat organlari, turizm sanoati subyektlari vakillari taklif etilgan.
Tadbir tillari: o‘zbek, rus, ingliz.
Izoh qoldirish