Payg‘ambar (alayhis-salom) yetuk axloq timsoli
Bugun dunyoda kechayotgan globallashuv davrida xalqlarning ma’naviyati, madaniyati, adabiyoti, san’ati hattoki, imon-e’tiqodiga ham yovuz kuchlar tomonidan tajovuzlar bo‘lyaptiki, buni dunyoning turli nuqtalarida kunora sodir bo‘layotgan notinchliklardan ham ko‘rib turibmiz. Buning natijasida xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik aloqalariga putur yetmoqda. Muqaddas islom dinimiz ezgu amallariga rioya etish, ajdodlar ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, insonni kamolotga yetaklovchi muhim omillardan hisoblanadi.
Shu bois ajdodlarimiz ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, muqaddas dinimiz musaffoligini himoya qilish yo‘lidagi kurash, musulmon odob-axloq qoidalarini, jumladan, moʻtadillik, kechirimlilik, hamjihatlik va o‘zaro tushunib yashashga intilishdek olijanob fazilatlarni qadrlash, uni jamoatchilikka yetkazish bugungi davr uchun muhim ahamiyatga ega.
Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Payg‘ambar (alayhis-salom) yetuk axloq timsoli” mavzusida onlayn seminar bo‘lib o‘tdi. Unda misrlik moturidiyshunos olim, hozirgi kunda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida faoliyat olib borayotgan doktor Ahmad Sa’d Damanhuriy o‘z ma’ruzasi bilan bevosita ishtirok etdi.
Shuningdek, seminarda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi mutaxassislari, Akademiya professor-o‘qituvchi va xodimlari, olimlar, doktorant, magistrant hamda talabalar bilan bir qatorda Turkiya, Iordaniya, Rossiya kabi davlatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan islomshunos olimlar ham qatnashdi.
Tadbirda go‘zal xulq-atvor ma’nosi va unga xos bo‘lgan fazilatlar, Payg‘ambar (alayhis-salom)ning o‘z oilalariga bo‘lgan munosabatlari, adolat, so‘zlashish odoblari, bolalarga bo‘lgan o‘zgacha samimiylik, boshqa din vakillari bilan ham yaxshi munosabatda bo‘lganliklari, kechirimlilik, kamtarlik, sabr-toqat, kishilarga yordam qo‘lini cho‘zish kabi insonga xos bo‘lgan axloqiy fazilatlar haqida suhbatlashildi.
Doktor Ahmad Sa’d Damanhuriy o‘z nutqida hozirgi kunda asriy an’analar bilan insoniyatga yetib kelgan ayrim axloqiy odoblarning unutilayotgani, kishilar o‘rtasidagi samimiylik, o‘zaro mehr-oqibat, oiladagi tartib-qoidalar, farzandlar tarbiyasi kabi masalalarga jiddiy e’tibor qaratilmayotganini hayotiy misollar orqali aytib o‘tdi. Buning natijasida har bir davlat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarning vujudga kelishi, farovonlik, taraqqiyot, tinchlik-totuvlik aslida boshlang‘ich poydevor bo‘lgan oiladan boshlanishini ta’kidladi.
O‘z o‘rnida bu kabi insoniyatga yot bo‘lgan muammolarga mutafakkir allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi, go‘zal xulq sohibi bo‘lish kabi da’vatlari yechim bo‘lishi pirovardida, Payg‘ambar (alayhis-salom)ning yetuk axloq timsoli bo‘lganliklari haqida ilmiy asosga ega ma’lumotlarni seminar ishtirokchilari e’tiboriga havola qildi.
- Payg‘ambarimiz Muhammad alayhis-salom go‘zal xulq sohibi bo‘lganlar, — deydi moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriy. — U kishining oilalariga mehribon bo‘lganliklari tarixiy manbalarda ham mavjud. Bekorchi gaplarni so‘zlamaslik, bolalar bilan salomlashganda ham izzat-ikrom bilan muomalada bo‘lish, hech kimga ozor yetkazmaslik, kishilarga doimo yaxshilik qilish kabi fazilatlar kundalik odatlariga aylangan.
Darhaqiqat, har bir inson go‘zal xulq egasi bo‘lmog‘i lozim. Bunda bolalikdan shakllanib kelgan ta’lim-tarbiya, oiladagi muhit, ota-ona mas’uliyati katta ahamiyatga ega. Bunday xislatga ega bo‘lish uchun esa Payg‘ambar (alayhis-salom)ning ibratli hayot tarzlari barchamizga namuna bo‘lib xizmat qiladi.
Mazmunli o‘tgan seminarda mavzu bo‘yicha professor-o‘qituvchilar, olimlar ham bu borada olib borgan o‘z ilmiy-tadqiqot ishlari, yaratgan asarlari haqida ma’lumot berishdi. Yakunda ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga Doktor Ahmad Sa’d Damanhuriy atroflicha javob berdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish