Akademiyaning xalqaro aloqalari yanada rivojlanmoqda
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida Turkiyaning Yaqin Sharq universiteti Oʻrta Osiyo mamlakatlari bilan xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish boʻyicha koordinatori va Rumiy tadqiqot markazi rahbari, professor Gʻadir Golkarian bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Oʻquv ishlari boʻyicha prorektori Zokirjon Roʻziyev, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor Zohidjon Islomov, Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Bahodir Xoʻjayev va “Oʻzbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi oʻqituvchisi Nargiza Shoaliyeva ishtirok etdilar.
Muloqotda prorektor Zohidjon Islomov Akademiyaning ilmiy faoliyati, maqsad va vazifalari, hamkor xorijiy taʼlim muassasalar hamda Akademiya huzurida faoliyat yuritayotgan markazlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.
O‘z navbatida Gʻadir Golkarian samimiy qabul uchun Akademiya rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi. Yaqin Sharq universitetining Oʻrta Osiyo mamlakatlari bilan xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish boʻyicha kordinatori va Rumiy tadqiqot markazi rahbari lavozimida ishlashini bildirdi. Universitet toʻgʻrisida hamda uning faoliyati haqida batafsil maʼlumot berdi.
Yaqin Sharq universitetida 21 ta fakultet, 6 ta institut, 5 ta kollej, 32 ta tadqiqot markazi, 196 ta bakalavriat, 240 ta magistratura va doktorantura dasturlari mavjudligiga toʻxtalib, taʼlim jarayonlari boʻyicha maʼlumot berdi. Mehmon universitetda 32 000 dan ortiq talabalar mavjudligi, onlayn taʼlim olayotgan magistr va doktorantlar soni 2700 nafar, akademik xodimlar soni 7200 nafar ekanini qayd etdi.
Akademiya oʻrtasida professor-oʻqituvchilar, talabalar almashuvi va taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha hamkorlik qilishni taklif etib, Anglashuv memorandumi loyihasini taqdim etdi.
Uchrashuv davomida prorektor Zokirjon Roʻziyev Akademiyaning ilmiy salohiyati, taʼlim yoʻnalishlari, kredit modul tizimi haqida maʼlumot berib, psixologiya, turizm, iqtisod yoʻnalishlari boʻyicha xorijiy hamkor taʼlim muassasalar bilan qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilayotganini bildirdi.
Uchrashuv yakunida Gʻ.Golkarian koʻrsatilgan iltifot va yuqori darajadagi mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Izoh qoldirish