Akademiya mas’ullari tomonidan talabalarning malakaviy amaliyoti o‘rganildi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Yoshlar masalalari va ma’naviy-marifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Ilyos Mirziyotov hamda “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi mudiri Zebo Kasimova talabalarning malakaviy amaliyot joyiga tashrif buyurdilar.
Tashrif davomida “Psixologiya (din sotsiopsixologiyasi)” ta’lim yo‘nalishi 2-kurs (rus, o‘zbek va kechki) va 3-kurs talabalarining malakaviy amaliyoti o‘rganildi.
O‘rganish davomida har bir amaliyot maskanlarida malakaviy amaliyot to‘g‘ri tashkil etilgani, talabalar davomati qoniqarli ekani, amaliyot joylaridan talabalarga biriktirilgan mas’ul rahbarlar tomonidan ijobiy fikrlar bildirildi.
Akademiya rektori buyrug‘i asosidagi taqsimot bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi Probatsiya xizmati Yunusobod tumani bo‘linmasida (5 nafar talabа), “Insight” amaliy psixologiya markazi (13 nafar talabа), “Yangi asr” nodavlat umumta’lim maktabida (17 nafar talaba) amaliyot o‘tamoqda.
Xususan, “Yangi asr” maktabi direktori Abdurahmanova Dilorom Karimalievna bilan suhbatda: maktab direktori “Din psixologiyasi” yo‘nalishi talabalarining shu maskanda amaliyot o‘tayotganidan mamnun ekanini bildirib, kelgusida ularni ishga ham taklif qilish istagi borligini aytdi.
Akademiya prorektori Ilyos Mirziyotov talabalarning amaliyot jarayonida ijro etayotgan ishlarining samaradorlik darajasi o‘ta muhim ekanini va amaliyotda shakllantirilgan ko‘nikma va malakalar bo‘lajak mutaxassislarning kasbiy salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
So‘ngra amaliyotchi talabalar bilan suhbatlashib, ularning kundaliklarini ko‘zdan kechirdi. Talabalar maktab o‘quvchi va o‘qituvchilariga ham suratda, ham siyratda, ham bilimda o‘rnak bo‘lishi lozimligi tushuntirildi.
Shuningdek, “Insight” amaliy psixologiya markazi psixologlari Sitora Faxriddinova va Sayyora Azlarova, art-terapiya metodi bo‘yicha mutaxassis psixolog Raisa Tadjibaevalar bilan talabalarning amaliyot o‘tash jarayoni xususida suhbatlashildi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jamoat xavfsizligi departamenti Probatsiya xizmati Yunusobod tuman bo‘limida amaliyot jarayoni qanday o‘tayotgani ko‘zdan kechirildi. 5 nafar talaba ikki smenada soat 8.00dan soat 13.00gacha hamda 14.00dan soat 18.00gacha amaliyot o‘tayotgani hamda amaliyot davrida har bir qilingan ishni yozma hisobot shaklida topshirib, amaliyot kundaligi yuritilayotgani aniqlandi. Amaliyot rahbarlari podpolkovnik Ramziddin Do‘smatov, mayor Xasan Nigmatov, kapitan Abu Arzimbetovlar tomonidan ijobiy fikrlar bildirildi.
Shu bilan birga, talabalarning xavfsizligi masalasi har ikkala tomondan biriktirilgan amaliyot rahbarlari zimmasida ekani eslatib o‘tildi.
Uchrashuv jarayonida talabalarga amaliyot o‘tayotgan joylarida mutaxassislik bo‘yicha bilimlarini yanada mustahkamlash, kasbiy malakalarini oshirish, amaliy uslub hamda metodikalarni puxta egallash, shuningdek, ilmiy salohiyat va axloqiy fazilatlari orqali Akademiya imidjini namoyon etish tavsiya qilindi.
Izoh qoldirish