180

“Tilda, fikrda, ishda birlik!” yoxud Akademiyada “Jadid” gazetasining taqdimoti o‘tkazildi

Keyingi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan jadid ma’rifatparvar bobolarimizning Vatan taraqqiyoti, millat ravnaqi yo‘lidagi sa’y-harakatlarini yanada keng tadqiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Xabaringiz bor, Prezidentimiz tomonidan 2023-yil 22-dekabrda o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ham jadid bobolarimizning sharafli xizmatlari e’tirof etilib, milliy taraqqiyotni har tomonlama jadallashtirish maqsadida “Jadid” gazetasini ta’sis etish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan edilar.

Shundan so‘ng Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy yildan “Jadid” gazetasi chop etilishni boshladi. Adabiy, ilmiy-ma’rifiy, ijtimoiy haftalik gazeta jadidchilik harakatini o‘rganishdagi yangi bosqich bo‘ldi deyish mumkin. 

Bugun shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Axborot-resurs markazida mazkur nashrning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati, O‘zbekiston xalq shoiri, Akademiya Jamoatchilik kengashi raisi, “Jadid” gazetasining bosh muharriri Iqboljon Mirzaaliyev, Akademiya Jamoatchilik kengashi a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Murod Zikrullayev, Yoshlar masalalari, ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, Axborot-resurs markazi direktori Mohinur Hasanova, professor-o‘qituvchilar, dekanlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdilar. 

Taqdimotni Akademiya professori tarix fanlari doktori, jadidshunos olim Saidakbar Agzamxo‘jayev olib bordi. 

Davra suhbatida so‘zga chiqqanlar “Jadid” gazetasining mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritishdi. Mazkur nashr Vatan va xalq manfaatlari yo‘lida jon fido qilgan millat oydinlari – jadid bobolarimiz hayoti va faoliyatini keng targ‘ib etishda o‘ziga xos tafakkur maydoni bo‘lib xizmat qilishini ta’kidlashdi.

Gazeta sahifalarida buyuk millatparvar, ma’rifatparvar bobolarimizning millatni isloh etishga oid g‘oyalari “Tarix va taqdir”, “Bugunning gapi”, “Zamona jadidlari”, “Talqin”, “Aks sado”, “Jadidshunoslik”, “Xotira aziz”, “Mulohaza” kabi ruknlarda aks etmoqda. Ularda taniqli adabiyotshunoslar, yozuvchilar, publitsistlar, olimlar, tarixchilarning ilmiy-ommabop maqolalari e’lon qilinmoqda. 

Tadbir davomida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bir guruh “Mahmudxo‘ja Behbudiy” stipendiyasi sovrindorlari so‘zga chiqib, “Jadid” gazetasi tom ma’noda ma’rifatparvar  bobolarimiz orzu qilgan yangi zamonning shukronasi, Vatan va xalq manfaatlari yo‘lida bugun yana millat oydinlarini birlashtirishdek ezgu g‘oya ekanini e’tirof etdilar.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish