Jahon va Oʻzbekiston: siyosiy tahlil
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Jahon va Oʻzbekiston: siyosiy tahlil” maxsus kursi doirasida Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti “Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi tomonidan “Katta Yaqin Sharq” loyihasi: konsepsiya, ijro, oqibatlar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Mazkur maxsus kurs Akademiya rektori tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tadbir yakunlangan hafta davomidagi xalqaro va milliy siyosiy makondagi voqealar dayjesti bilan tanishtirishdan boshlandi. Xususan,
1) 2024-yil 5-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan 2024-yilda ta’lim, sog‘liqni saqlash, raqamlashtirish, madaniyat va sport sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ko‘rilgan masalalar va sohaga mas’ul tashkilotlar oldigan davlat rahbari tomonidan qo‘yilgan vazifalar mohiyati;
2) Belorus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning 7-9-fevral kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelgani, tashrif davomida ko‘rilgan masalalar, 14 ta davlatlararo va hukumatlararo bitimlar imzolangani, o‘zaro savdo aylanmasini 1 milliard AQSH dollariga yetkazilishi rejalashtirilgani kabi ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, jahonda ro‘y bergan voqealar, xususan:
1) AQSHdagi saylovlarning holati va u yerdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning o‘ziga xosligi;
2) Ukrainadagi holat, so‘ngi haftada kuzatilgan voqeliklar;
3) AQSH davlat kotibi Entoni Blinken Yaqin Sharqqa kelib, Saudiya Arabistoni, Qatar, Misr va Isroil davlat rahbarlari bilan uchrashgani, Gʻazo muammosining bugungi holati bo‘yicha yangiliklar hamda hozirda dunyoda sodir bo‘layotgan boshqa voqealar Akademiya professor-o‘qituvchilarga yetkazildi.
Bundan tashqari, bugungi kunda ko‘pchilikka qiziq bo‘lgan Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha dunyo davlatlarining strategiyalari va geosiyosatiga bag‘ishlangan ma’lumotlar berildi.
Ushbu yo‘nalishda batafsil ma’lumot berish uchun Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Sharq mamlakatlari tarixi va antropologiyasi” kafedrasi mudiri, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Shavkat Ikromov tomonidan AQSHning Yangi Katta Sharq loyihasi konsepsiyasi, ijrosi, oqibatlar borasidagi tahliliy ma’lumotlar taqdim etildi.
Davra suhbati ishtirokchilari tomonidan juda ijobiy qabul qilindi.
Mazkur davra suhbati Akademiyada doimiy ravishda o‘tkazilishi va har safar eng dolzarb mavzular muhokama qilinishi belgilandi.
Izoh qoldirish