Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Xalqaro musulmon donishmandlar kengashiga qabul qilindilar
Bugun Birlashgan Arab Amirliklarining Abu Dabi shahrida boʻlib oʻtayotgan Musulmon donishmandlar kengashi yigʻilishida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ushbu Kengashga qabul qilinganlari eʼlon qilindi.
Musulmon donishmandlari kengashi raisi, Misr Arab Respublikasi Bosh imomi, al-Azhar majmuasi rahbari Shayx Ahmad Toyyib janoblari Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarini ushbu nufuzli kengash aʼzoligiga qabul qilish haqidagi qarorni oʻqib eshittirdi. Ahmad Toyyib janoblari oʻz soʻzida Markaziy Osiyo mintaqasida hozirgi kunda faoliyat olib borayotgan koʻplab ulamolar orasidan faqatgina Oʻzbekiston muftiysi aʼzo qilinganiga alohida urgʻu qaratdi.
Yigʻilishda ishtirok etayotgan dunyoning yetakchi va taniqli ulamolari Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarini Musulmon donishmandlar kengashiga qabul qilinganlari tarixiy voqea boʻlganini taʼkidlab, yurtimizdagi diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni yuksak eʼtirof etdilar.
Allohga shukrki, Oʻzbekiston musulmonlari idorasining islom olami bilan aloqalari rivojlanib, koʻp tomonlama munosabatlar yoʻlga qoʻyildi. Ayniqsa, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik oʻrnatildi, turli davlatlar diniy idoralari bilan memorandumlar imzolandi, xorijdagi ilmiy konferensiyalar, Qurʼon musobaqalari va koʻrgazmalarda vakillarimiz munosib ishtirok etdi. Oʻz navbatida, taklif va tashabbuslarimiz musulmon dunyosi tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, nufuzli tadbirlar hamda anjumanlarga mamlakatimiz mezmonlik qildi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining Musulmon donishmandlar kengashiga qabul qilinganlari yurtimizda davlatimiz Rahbari rahnamoliklarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarning yuksak eʼtirofi boʻldi.
Muftiy hazratlari oʻz navbatida Kengash raisi Ahmad Toyyib janoblari, Bosh kotib Muhammad Abdussalom va aʼzo ulamolarga bildirilgan ishonch uchun samimiy tashakkur aytdilar. Shuningdek, mushtarak maqsadlar boʻlmish Islom dini, musulmon ummatiga xizmat qilish, bashariyat muammolarini birgalikda hal etish, xalqlar manfaatlarini taʼminlash, tinchlik yoʻlidagi muloqotlarni kengaytirish va ajdodlar merosini tadqiq etish borasida bor bilim-tajriba hamda imkoniyatlarni safarbar etishlarini maʼlum qildilar. Shuningdek, nufuzli Kengashga aʼzolik sharaf boʻlish bilan birga katta masʼuliyat ekanini soʻzladilar.
Taʼkidlash joizki, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining ushbu nufuzli tashkilotga aʼzo boʻlishlari Alloh taoloning fazli hamda yordami bilan 35 yildan ziyod vaqt mobaynida Islom dini maʼrifatini keng yoyish va moʻmin-musulmonlar ehtiyojini taʼminlashdagi sermahsul mehnatlari samarasidir.
Alloh taolodan Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlariga Musulmon donishmandlar kengashidagi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish