147

“Ta’lim – fan – ishlab chiqarish” zanjiri – kadrlar tayyorlashda muhim mezon

Nazariy bilimlar amaliyot bilan uyg‘unlashsagina samarali bo‘ladi. Shu bois ham mamlakatimiz uzluksiz ta’lim tizimida “Ta’lim – fan – ishlab chiqarish” zanjiri uzviyligga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Binobarin, bo‘lajak mutaxassis kadrlarining hali o‘qish davridayoq intellektual va amaliy bilimlarini kuzatgan davlat tashkiloti o‘z istiqbolini ham belgilab olishiga imkon topadi. Bu, o‘z navbatida oliy ta’lim muassasasi faoliyatini ham baholash mezoni hisoblanadi. 

Shu nuqtayi nazardan kuni kecha O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasida Akademiya talabalarining malakaviy hamda pedagogik amaliyotlarining borishini jiddiy o‘rgandi. 

Hozirda Akademiya talabalarining amaliyoti rektorning 2023-yil 20-sentabrdagi “2023-2024-o‘quv yili uchun ishchi o‘quv reja va jarayoni jadvalini tasdiqlash xususida”gi 01-151-sonli buyrug‘i asosida tashkil etilmoqda. Bunda akademiyaning Marketing va talabalar amaliyoti bo‘limi, kafedralar bilan hamkorlikda pedagogik va malakaviy amaliyotlarni samarali tashkil etish uchun 135 ta tashkilot bilan memorandum va shartnomalar imzolagani muhim ahamiyat kasb etmoda. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov shu kuni “Islomshunoslik”, “Islom iqtisodiyoti va хalqaro munosabatlar”, “Mumtoz sharq filologiyasi” fakultetlarining 2-, 3- va 4-kurs talabalarining malakaviy hamda pedagogik amaliyotining o‘tkazilish jarayonini bevosita kuzatdi.

Ta’kidlash joizki, tashkil etilayotgan amaliyotlarda 70 nafar professor o‘qituvchi rahbarligida 1065 nafar talaba ishtirok etmoqda. Ushbu talabalar, Respublikamizning 70 dan ziyod vazirlik, idora, tashkilot hamda muassasalarida amaliyot o‘tayotgani e’tiborlidir. Jarayon Akademiyadan biriktirilgan amaliyot rahbarlari, Marketing va talabalar amaliyoti bo‘limi xodimlari, dekanlar, mas’ul kafedra mudirlari bilan birgalikda amaliyot obyektidan biriktirilgan mutaxassislar tomonidan nazoratga olingan.

Har bir yo‘nalish uchun kurslar kesimida amaliyot rahbarlaridan iborat (online) guruh tashkil etilgan. Guruhda talabalarning o‘z vaqtida amaliyot obyektiga yetib borishi ta’minlanib, har qanday kamchiliklar bartaraf etib borilayotgani rektor e’tiborini tortdi. 

Amaliyot jarayonlarini tashkil etishda nazariy hamda amaliy ta’lim uyg‘unligiga katta ahamiyat qaratilgan bo‘lib, talabalar o‘z bilim, amaliy ko‘nikma va mahoratlarini oshirmoqda.

Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Diniy-ma’rifiy tashkilotlar va ilmiy markazlar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi, Axborot-tahlil va targ‘ibot ishlarini tashkil etish boshqarmasi, Dinshunoslik ekspertizasi boshqarmasi hamda Xotin-qizlar bilan ishlash va targ‘ibot guruhlarini muvofiqlashtirish bo‘limida malakaviy amaliyot o‘tayotgan talabalar bilan suhbatlashildi. 

Akademiya rektori U.G‘afurov amaliyot obyektidagi shart-sharoitlar bilan tanishar ekan, talabalarning bandligini o‘z vaqtida ta’minlash hamda amaliyot jarayonlarini samarali tashkil etish doimiy nazorat ekanini ta’kidladi. 

O‘rganish jarayonida Akademiya rektori hamda barcha prorektorlar kadr buyurtmachilari va hamkor tashkilotlarining Akademiya talabalari to‘g‘risidagi fikr va takliflarini ham o‘rganishdi. Shuningdek, kelgusi o‘quv yilidagi o‘quv dasturlarini yaratishda buyurtmachi va hamkor tashkilotlarining takliflaridan foydalanish maqsadga muvofiqligi yana bir bor bildirildi.

Izoh qoldirish