Tabiiy inqiroz davrida ma’naviy va ilmiy taraqqiyotga qanday erishiladi?
Butun dunyoda Covid-19 pandemiyasi tarqalishi natijasida ko‘plab sohalarda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy muammolar vujudga kelmoqda. Shunday bir og‘ir sharoitda iqtisodiy barqarorlik, ma’naviy-ilmiy taraqqiyotga erishish dolzarb vazifalardan biridir.
Xalqaro Fan, ta’lim va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti – ICESCO Milliy komissiyasining onlayn tarzdagi kengaytirilgan anjumani bo‘lib o‘tdi.
“Covid-19 va inqirozdan keyingi davrda: ta’lim, fan va madaniyat sohasida qanday harakatlar va ustuvorliklar mavjud” mavzusida o‘tkazilgan onlayn muloqotda ICESCO tashkilotiga a’zo 60 ga yaqin davlatlarning vakillari hamda ilmiy jamoatchilik qatnashdi. Jumladan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha prorektori Baxromjon Mamadiyev, “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi mudiri Davronbek Maxsudovlar ishtirok etdi.
Xalqaro anjumanda hozirgi pandemiya sharoitidan keyingi davrda ta’lim, fan va madaniyat sohalarida rejalashtirilgan tadbirlar va harakatlarning istiqbollari haqida fikr almashildi. Ko‘plab nufuzli tashkilotlarning yetakchi mutaxassislari, olimlar, professor-o‘qituvchilar o‘z ma’ruzalarida jahonda kechayotgan bugungi og‘ir vaziyat va uni bosqichma-bosqich yengib o‘tish chora-tadbirlari xususida o‘z takliflarini bildirdi.
Ma’lumki, Covid-19 pandemiyasi tarqalishi natijasida ijtimoiy-iqtisodiy sohalar qatori fan, ta’lim, madaniyat yo‘nalishlarida ham sezilarli darajada o‘zgarishlar yuz berdi. Masalan, aholining turmush-tarzi izdan chiqishi, yoshlarning ma’lum vaqt mobaynida ta’limdan uzilishi, iqtisodiyotning keskin sur’atlarda kamaygani shular jumlasidan.
Jahon sayyohlik tashkiloti (JST) ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilning birinchi choragida sayyohlik oqimlarining pasayishi natijasida 80 milliard AQSH dollari miqdorida yo‘qotishlar qayd etilgan. UNESCOning Muzeylar to‘g‘risidagi bergan hisobotida dunyo bo‘ylab muzeylarning 90 foizi yopilgani, shuningdek, ular qayta tashkil etilganidan (ochilganidan) so‘ng atigi 10% iqtisodiy inqirozdan omon qolishi mumkinligi aytilgan. Bundan tashqari dunyo bo‘ylab umumta’lim maktablarining yopilishi natijasida 1,2 milliarddan ortiq o‘quvchilar tahsil olishdan mahrum bo‘lgan.
Konferensiya davomida pandemiya sharoitida vujudga kelgan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish, kechiktirib bo‘lmaydigan muhim masalalarga e’tibor qaratish, Covid-19 pandemiyasiga butun dunyo qarshi kurashayotgan bir paytda o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, birlik va hamfikrlikda ish ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, anjuman yakunida Xalqaro Fan, ta’lim va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti – ICESCO Milliy komissiyasining hozirgi pandemiya sharoitida kelib chiqayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlari bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan taklif va tavsiyalari tinglandi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish