56

“Yoshlar” va “biznes” so‘zlari nega yonma-yon?

TARAQQIYOT YO‘LI

Mustaqil davlatchiligimiz tarixida yoshlar bilan bogʻliq yil nomlanishiga bir necha marta guvoh boʻldik. Zero, yoshlar jamiyat shakllanishi va rivojlanishida doimo muhim rol oʻynab kelgan. Shuning uchun ham ularning mamlakatimiz hayoti, ijtimoiy iqtisodiy rivojlanishidagi faol ishtirokini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish dolzarb ahamiyatga ega. 2024-yilning “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” deb eʼlon qilingani oʻgʻil-qizlarimizning jamiyatdagi oʻrni beqiyosligini eʼtirof etish boʻyicha tarixiy anʼananing davomidir.

Rasmiy statistikaga koʻra, 14-30 yosh oraligʻidagi aholi yoshlar qatlami sanaladi. Ular mamlakatimiz aholisining 26,8 foizini tashkil etmoqda. Bu davr inson hayotida eng masʼuliyatli palla: mustaqil hayotga kirib boradi, oʻziga munosib kasb va taʼlim turini tanlaydi, oʻqiydi, ish faoliyatini boshlaydi. Turmush qurish davri ham, asosan, shu davrga toʻgʻri keladi. 

Oʻzbekistonda nikohdan oʻtayotgan erkaklarning oʻrtacha yoshi 27, ayollarniki esa 22,2 yoshni tashkil etadi. Tibbiyot tili bilan aytganda, fertillik yoki reproduktivlik, yaʼni sogʻlom avlod nuqtayi nazaridan ham bu qatlamning ahamiyati katta. Mamlakatimizda yoshlar siyosatining davlat darajasiga koʻtarilgani maʼnosi ham shunda. 

Yoshlar innovatsiyalar, texnologik va iqti sodiy taraqqiyotning dvigatelidir. Ularni tadbirkorlik, taʼlim va malaka oshirishda qoʻllab-quvvatlash biznes va umuman, iqtisodiyotni rivojlantirishga yordam beradi. 2024-yil yoshlar oʻrtasida tadbirkorlik faolligini ragʻbatlantirish, kichik va oʻrta biznesning muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratish borasida muhim qadam boʻlishi tabiiy.

Shu bois, yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlashning birlashishi jamiyat rivojlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi, iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirishi, innovatsiyalar uchun qulay muhit yaratishi mumkin. Demak, joriy yilning nomlanishida – “yoshlar” va “biznes” soʻzlarining yonma-yon qoʻllanishida alohida maʼno bor. Bu, avvalo, yurtimizda yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, biznesini rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratish va iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlar bilan bogʻliq. 

Mamlakatimizda yoshlarning 210 ta tadbirkorlik va sanoat zonasi tashkil etildi. Ularni ish bilan taʼminlash uchun katta mablagʻ sarflab, platforma yaratilmoqda. Buning bir necha sabablari bor. 

Birinchidan, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga koʻmaklashish yangi ish oʻrinlari yaratishga zamin hozirlaydi, mamlakatning iqtisodiy oʻsishi va rivojlanishini ragʻbatlantiradi. Farzandlarimizga oʻz gʻoyalarini roʻyobga chiqarish, biznes loyihalarini yoʻlga qoʻyish va muvaffaqiyatli ishbilarmon boʻlishga yordam beradi. 

Ikkinchidan, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini tashkil etish ham ichki, ham xorijiy sarmoyani jalb etish imkonini beradi. Sarmoyadorlarni bunday zonalarda oʻz ishlab chiqarishi va biznesini joylashtirish imkoniyati qiziqtirishi mumkin. Bu esa hududning iqtisodiy rivojlanishiga zamin yaratadi. 

Uchinchidan, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari yangi texnologiyalarni joriy etish, innovatsion mahsulot va xizmatlarni rivojlantirish platformasiga aylanishi mumkin. Ayni paytda mamlakatning jahon bozorida raqobatbardoshligini oshirishga yordam beradi. 

Toʻrtinchidan, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarining rivojlanishi yoshlar uchun yangi ish oʻrinlari yaratishga, bu esa, oʻz navbatida, ishsizlik darajasini pasaytirish, ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash va aholi turmush sifatini yaxshilashga xizmat qiladi. 

Binobarin, Oʻzbekistonda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini tashkil etish tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, investitsiyalarni jalb qilish, innovatsiyalarni ragʻbatlantirish, yangi ish oʻrinlarini yara tish va umumiy iqtisodiy rivojlanish nuqtayi nazaridan ham katta ahamiyatga ega. 

Millat genofondi  xalq boyligi

Mamlakatimizda aholi soni har yili qariyb bir millionga koʻpaymoqda. Mehnat bozoriga 500 ming yigit-qiz kirib kelayotganini nazarda tutadigan boʻlsak, yangi ish oʻrinlari yaratish va yoshlarni ish bilan taʼminlashga katta ehtiyoj borligi anglashiladi. Bu tendensiya Oʻzbekistonning iqtisodiy rivojlanishi uchun katta ahamiyatga ega. Yoshlar har qanday davlatning kelajagi, ularning iqtisodiyotdagi faol ishtiroki oʻsish va farovonlikka xizmat qiladi. Biroq ular uchun ish oʻrni yetarli boʻlmasa, ishsizlik, past daromad, hayot sifatining yomonlashishi va hatto migratsiyaning kuchayishi kabi ijtimoiy va iqtisodiy muammolar kelib chiqishi hech gap emas. Mamlakatimiz keskin demografik vaziyatga ega davlatlar qatoriga kiradi. 

Aholi soni oʻsishi yoshlarning taʼlim olish va ish bilan taʼminlash imkoniyatlariga ham taʼsir koʻrsatadi. Shuningdek, resurslar, infratuzilma, sogʻliqni saqlash va taʼlim tizimlariga bosim oʻtkazishi va iqtisodiy vaziyatni yomonlashtirishi mumkin. 

Shu bois, hukumat va biznes sektori yoshlar tadbirkorligi uchun muhit yaratish, taʼlim va malaka oshirish imkoniyatini taʼminlash, innovatsiyalar va yangi texnologiyalarni ragʻbatlantirishga eʼtibor qaratishi muhim. Yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash va ish oʻrinlari yaratish Oʻzbekistonda izchil iqtisodiy oʻsish va ijtimoiy barqarorlikka hissa qoʻshishi aniq. Ammo davlat oʻz fuqarolariga bir umr “enaga” boʻlishi shart emas. Yoshlar taʼlim davomida innovatsion bilimlar bilan qurollanib, Gʻarbdagi singari oʻziga oʻzi ish oʻrni yaratish tamoyilini ham nazardan qochirmaslik lozim. 

Kremniy (Silikon) vodiysidagi Sten ford universiteti talabalari Xyuvlett va Pakkard 1939-yili hamyonidagi 538 dollar bilan tashlandiq binoda “garaj biznesi”ni boshlagan. Ularning saʼy-harakati asta-sekinlik bilan personal kompyuter va printer ishlab chiqaruvchi, 170 mamlakatdagi filialida ikki yuz mingdan ortiq ishchi oʻrniga ega yirik kompaniya vujudga kelishiga asos boʻldi. Hozir ham bu transmilliy IT kompaniyada 58 ming kishi mehnat qiladi. Jahonga mashhur IT kompaniyalarning koʻpi faoliyatini xuddi shunday boshlagan. 

Mamlakatimizda yangi ish oʻrinlari yaratish uchun tadbirkorlik subyektlariga katta imkoniyat, imtiyoz va yengilliklar berilyapti. Bu ishlar muayyan darajada oʻz samarasini koʻrsatyapti, biroq mehnat kuchi migratsiyasiga barham berish mushkulligicha qolmoqda. Hozir migratsiya yoshlar uchun yangi tajriba, malaka, taʼlim va yaxshi mehnat sharoitiga egalik imkoniyati boʻlishi mumkin. Biroq migra siyaning salbiy tomoni ham bor. Masalan, qishloqda yashovchi koʻplab yoshlar oʻz oilasini tashlab ketmoqda. Bu esa jamiyat parchalanishi, oilaviy qadriyatlar izdan chiqishi xavfini ham tugʻdiradi. Bundan tashqari, migratsiya yuqori malakali kadrlarni yoʻqotishga olib keladi. Ushbu holat mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatishi ehtimoli mavjud. 

Shunday ekan, yoshlarning oʻz yurtida ish topishi, kamolga yetishi uchun sharoit yaratish muhim. Bunga yangi korxonalarni qoʻllab-quvvatlash, ish oʻrinlari yaratish, taʼlim va kadrlar tayyorlash imkoniyatini kengaytirish, xususiy investitsiyalar va innovatsion rivojlanish uchun infratuzilmani takomillashtirish orqali erishiladi. Tashqi migratsiyani qisqartirish, yoshlar bandligini taʼminlash barqaror iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning muhim omilidir. 

Samarali daromad manbayi

Hozir yoshlarning ish bilan mashgʻulligini taʼminlash uchun IT xizmatlari, innovatsion gʻoyalar eksportiga katta eʼtibor berilyapti. Oʻzbekistonda yoshlar bandligini taʼminlashda xizmatlar va innovatsion gʻoyalarni eksport qilish juda foydali boʻlishi mumkin. Ayni vaqtda jahon iqtisodiyoti ham xizmatlar va innovatsiyalarga tobora koʻproq eʼtibor qaratmoqda. Bu esa mamlakat eksport sektorini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Axborot texnologiyalari, dizayn, marketing, turizm va boshqa sohalarda bilim va koʻnikmalarga ega yoshlar jahon bozorida muvaffaqiyatli raqobatga kirishadi, oʻzi va boshqalar uchun ish oʻrinlari yarata oladi. 

Xizmatlarni muvaffaqiyatli eksport qilishning bir yoʻnalishi Oʻzbekistonda IT sohasining rivojlanishidir. Mamlakatda raqamli iqtisodiyot faol oʻsib bormoqda, IT kompaniyalari uchun qulay shart-sharoit yaratilmoqda, innovatsion mahsulot va xizmatlar rivojlanishi ragʻbatlantirilmoqda. Bu investitsiyalarni jalb etish, yangi ish oʻrinlari yaratish va mamlakatimizning jahon bozorida raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilayotir. Shu maʼnoda, xizmatlar va innova sion gʻoyalar eksporti toʻgʻri rivojlanish strategiyasi davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlansa va innovatsiyalar uchun qulay iqtisodiy muhit yaratilsa, yoshlar bandligini taʼminlashning samarali usuli boʻlib xizmat qiladi. 

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida 400 ming yoshning bandligini taʼminlash va muammolarini hal etishga erishish hamda yoshlar ishsizligi darajasini 14 foizdan 11 foizga kamaytirish yuzasidan chora-tadbirlar oʻz aksini topgan. Shu bilan birga, yoshlar oʻrtasida IT sohasini yanada ommalashtirish, jabhada xizmatlar eksportini oshirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Buning uchun IT yoʻnalishida 300 ming yoshni ish bilan taʼminlash koʻzda tutilgan. Maktab oʻquvchilari xalqaro IT bozorida talab yuqori boʻlgan zamonaviy kasblarga oʻrgatilishi hamda “Bir million dasturchi” loyihasini kengaytirish va har yili eng iqtidorli 15 ming yoshni nufuzli xalqaro kompaniyalar talablariga mos dasturlar asosida tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyilishi yuzasidan amaliy choralar belgilandi. 

Aholi umumiy sonida yoshlar ulushining oshishi ish oʻrinlari yaratish, ularga mehnat bozorida muvaffaqiyatli raqobatlashish uchun zarur koʻnikma va bilimlar berishni taqozo etadi. Shu maʼnoda, keyingi yillarda “inson kapitali” tushunchasiga zoʻr berib talqin va targʻib qilinayotgani zamirida katta mazmun mujassam. Inson kapitali odamlarning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishga erishish uchun ishlatilishi mumkin boʻlgan bilimi, koʻnikmasi, tajribasi, malaka va qobiliyati yigʻindisidir. Soʻnggi yillarda jahon iqtisodiyotida bilim iqtisodiyotiga oʻtishga qaratilgan oʻzgarishlar tufayli inson kapitali tushunchasi, ayniqsa, dolzarb boʻlib qoldi. 

Inson kapitali nega birlamchi?

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining “Har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish” deb nomlangan birinchi yoʻnalishida qilinadigan ishlar taʼlim islohotlaridan boshlangan. Inson salohiyatini roʻyobga chiqarishni inson kapitalini boyitish deb tushunadigan boʻlsak, bunda taʼlimning oʻrni va ahamiyati katta ekanini anglash qiyin emas. Har bir in sonning salohiyatini rivojlantirish va roʻyobga chiqarishda taʼlim asosiy oʻrin tutadi. Taʼlim orqali odamlar jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotida muvaffaqiyatli ishtirok etish imkonini beradigan bilim, koʻnikma, malaka va tajribaga ega boʻladi. 

Taʼlim innovatsiyalar, iqtisodiy rivojlanish va ijtimoiy barqarorlikning asosiy resursi boʻlgan sifatli inson kapitalini shakllantirishga yordam beradi. Insonlarning intellektual va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish orqali ularga oʻz imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish, kasbiy muvaffaqiyatlarga erishish, hayotning turli sohalariga qimmatli hissa qoʻshish imkonini taqdim etadi. 

Har bir insonning oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun munosib shart-sharoit yaratish maqsadida “Oʻzbekiston ­– 2030” strategiyasi doirasida taʼlim tizimini isloh qilish ishlarini boshlash mantiqiy qadamdir. Tizimni izchil takomillashtirish, sifatli taʼlim, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash – bularning barchasi inson kapitalini rivojlantirish, mamlakatimizning jahonda raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi. 

Bugun inson kapitaliga katta eʼtibor qaratilayotganining jiddiy sabablari bor. Globallashuv va raqobat, texnologiyalarning jadal rivojlanishi, demografik oʻzgarish larni ham mazkur sabablar sirasiga kiritish mumkin. Jahon iqtisodiyotida mamlakatlar investitsiya, texnologiya va bozor uchun raqobatlashishga majbur. Bu oʻrinda asosiy resurs raqobatbardoshlik va innovatsion rivojlanishni taʼminlay oladigan inson kapitalidir. Zamonaviy texnologiyalar ishchilardan yuqori malaka va bilim talab qiladi. Investorlar va kompaniyalar oʻz ishlab chiqarish hamda biznesini joylash tirish uchun inson kapitali yuqori boʻlgan mamlakatlarga tobora koʻproq eʼtibor qaratmoqda. 

Inson kapitali iqtisodiy oʻsish, innovatsiyalar, barqaror rivojlanish va aholi turmush darajasini oshirishning asosiy omilidir. Bu kapital taʼlim, sogʻliqni saqlash, fan va texnologiya sohalarida investitsiya resurslaridan samarali foydalana oladigan va jamiyat uchun qoʻshilgan qiymat yaratishga qodir yuqori malakali ishchi kuchi boʻlib qaytadi. Binobarin, inson kapitalining mamlakat taraqqiyotidagi ahamiyati ha qiqatan juda muhim va davlat, biznes hamda butun jamiyat tomonidan jiddiy eʼtibor talab qiladi.

Chet el tajribasi asqotadi

Xitoy va Hindiston dunyoda aholisi eng koʻp mamlakatlar boʻlishiga qaramay, bir necha asosiy omillar tufayli yoshlarni ish bilan taʼminlash muammosini muvaffaqiyatli hal qildi. Mazkur davlatlar sanoat tarmoqlarini faol rivojlantirdi. Bu esa, oʻz navbatida, yoshlar uchun millionlab ish oʻrinlari yaratilishiga hissa qoʻshdi. Ishsizlik darajasini pasaytirish, aholi bandligini taʼminlash imkonini berdi. 

Shuningdek, ushbu davlatlar yoshlarga zarur bilim va koʻnikmalarga ega boʻlish imkonini beruvchi taʼlim va oʻqitishga katta mablagʻ sarfladi. Bu ishchi kuchining kasbiy mahorati va raqobatbardoshligini oshirish ga xizmat qildi. Kichik biznesni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash orqali ham yoshlar oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun sharoit yaratdi. Bu innovatsiyalar, yangi texnologiyalar rivojiga, yangi ish oʻrinlari yaratilishiga hissa qoʻshdi. 

Xitoy va Hindiston tajribasi Oʻzbekiston uchun yoshlar bandligini taʼminlash va aholi oʻsishini boshqarish strategiya larini ishlab chiqishda qimmatli boʻlishi mumkin. Aholining oʻsishi va yoshlar bandligi bilan bogʻliq muammolarni samarali hal etish uchun ushbu mamlakatlarning muvaffaqiyatli amaliyotini oʻrganish va ularni mahalliy sharoitga moslashtirish muhim ahamiyatga ega. 

Davlatimiz rahbari chet ellarga tashrifi chogʻida oliy darajadagi muloqotlar bilan kifoyalanmay, mamlakatimizga investitsiya kiritishi mumkin boʻlgan yirik korporatsiya va kompaniyalar rahbarlari, tadbirkorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazyapti. Buning boisi shundaki, xorijdan sarmoya jalb etish har qanday davlat iqtisodiy rivojlanishining muhim omilidir. Xorijiy tashriflar chogʻida yirik korporatsiyalar, kompaniyalar rahbarlari va ishbilarmonlar bilan uchrashuvlar mamlakatimiz iqtisodiyotiga xorijiy sarmoyalarni jalb qilishda strategik ahamiyat kasb etadi. 

Bu uchrashuvlar qulay sarmoyaviy muhit yaratish, xorijdan yangi texnologiyalar, tajriba va kapital jalb etish, Oʻzbekiston bilan boshqa davlatlar oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Xorijiy investitsiyalar ishlab chiqarishning oʻsishini ragʻbatlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish va innovatsion negizga koʻchirish, shu orqali mamlakatning jahon bozorida raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi. Qolaversa, bu yoshlarning oʻzlari uchun jozibali boʻlgan yangi ish oʻrinlari bilan taʼminlashning muhim omilidir.

Nurislom TO‘XLIYEV,

iqtisodiyot fanlari doktori, akademik

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2024-yil 9-fevral, 29-son

Izoh qoldirish