45

Shu sohada ishlayapmizmi, uning ichida chin yurakdan yashash kerak

TARAQQIYOT YO‘LI

Joriy yil 5-fevral kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024-yilda taʼlim, sogʻliqni saqlash, raqamlashtirish, madaniyat va sport sohalarida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi faoliyatiga toʻxtalinar ekan, oʻtgan yetti yilda oliy taʼlimda erishilgan yutuqlar, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tanqidiy sarhisob qilindi. Xususan, professional taʼlim uchun masʼul idoralar koʻpayib ketgani oliy taʼlim rivojiga toʻsiq boʻlayotgani taʼkidlandi. Taʼlim sohasi, jumladan, texnikumlar oʻrtasida ish beruvchilar bilan rejali hamkorlik yoʻqligi, chora-tadbirlar ijrosi taʼminlanmay kelingani tanqidiy baholandi. 

Eʼtirozlar oʻz asoslariga ega va juda oʻrinli. Keyingi yetti yilda taʼlim kelajagimizning hal qiluvchi kuchi, deb qaralib, islohotlarimiz bosh mezoniga aylandi. Natijada taʼlim xalqaro standartlar asosida dunyo bilan integratsiyalashdi, qoʻshma dasturlar faoliyati kirib keldi. Bugun Oʻzbekistonga xorijiy universitetlar va talabalar kelishi jadal kengaymoqda. Oʻz navbatida, sohaga xususiy taʼlim kirib kelishi natijasida oliy taʼlimda qamrov keskin oshdi. Biroq hali raqobat muhiti yaratilmadi va sifat u qadar oshishiga erishilmadi.

Prezidentimiz bu borada haqli ravishda “Masalan, talabalarning mustaqil ishlashi uchun muhit barcha oliygohlarda ham birdek namunali tashkil etilmagan. Aksariyat kollej va texnikumlar ham, oliygohlar ham ish beruvchilar talabi bilan hisoblashmaydi. Ayrimlarida darslik va adabiyotlar yetishmaydi, bori ham bugungi talablarga javob bermaydi”, deb talabni qatʼiy oʻrtaga tashladi.

Taʼkidlash joizki, oʻtgan yetti yilda sohaga 6 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ ajratilsa-da, koʻzlangan natijaga erishilmagani, ilm-fanda “xarajat – tadqiqot – mahsulot” degan formula ishlamayotgani oldimizda juda katta vazifalar turganini, professional va oliy taʼlimda keskin oʻzgarish qilmasak, bundan keyin ham ishlarimiz samarasiz boʻlishini koʻrsatadi.

Hayotiy soʻz bilan aytsak, shu sohada ishlayapmizmi, uning ichida chin yurakdan yashash kerak. Davlatimiz rahbari talabi va xalqimiz ishonchini his qilish, ertangi yorugʻ istiqbolimizga barchamiz birdek masʼul ekanimizni teran anglashimiz vaqti keldi. Oʻziboʻlarchilikda ishlashga endi haqqimiz yoʻq.

Oliy taʼlimni anglash va uni keng tatbiq etish – dolzarb masala

Oliy taʼlim shaxs va jamiyat taraqqiyotining muhim tarkibiy qismi boʻlib, soha orqali kadrlar turli fanlar boʻyicha chuqur bilim va maxsus koʻnikmalarga ega boʻlishi lozim. 

Shu nuqtayi nazardan qaraganda, zamonaviy mehnat bozorida kreativ fikrlaydigan, muammolarni hal qilish qobiliyati va muloqot koʻnikmasi shakllangan, jamoada ishlash va yetakchilik salohiyati dasturlangan mutaxassislar tayyorlanmasa, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, qancha katta mablagʻ yoʻnaltirmaylik, taʼlim sifati samaradorligiga erishish mushkul masala boʻlib qolaveradi.

Sifatli taʼlim oliy taʼlim muassasalarida bilim va innovatsiyalarning rivojlanishini taʼminlab, mamlakatdagi islohotlarda katta ijtimoiy taraqqiyot va iqtisodiy, texnologik rivojlanishga imkon beradi.

Shuning uchun oliy taʼlimda sifatni oshirish shaxsiy rivojlanish, kasbiy muvaffaqiyat, jamiyat taraqqiyoti, bilim va innovatsiyalarni rivojlantirish uchun zarurdir. 

Biroq oliy taʼlim sifatini oshirishdek muammo mamlakatimiz taraqqiyotida yechimini kutmoqda. Chunki taʼlimdagi sifat standartlarini buzish mamlakat taraqqiyotida sezilarli salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Masalan, odatda ish beruvchilar tabiiy ravishda sifatli taʼlim berish bilan mashhur boʻlgan OTM bitiruvchilarini ishga qabul qiladi. Bu shuni anglatadiki, oʻqishni bitirish osondir, ammo sifat standartlari pastroq boʻlgan muassasalar bitiruvchilarini ish bilan taʼminlash qiyinroq kechadi. Bundan tashqari, sifatsiz taʼlim olgan bitiruvchilar ish beruvchilar talab qilayotgan zarur koʻnikma va bilimga ega boʻlmasa, bu ularning nafaqat ish topishiga, balki keyingi hayotiga, istiqboliga toʻsqinlik qilishi mumkin.

Bunday natija ota-onalarning taʼlimga boʻlgan ixlosini soʻndiradi. Muammo nafaqat ijtimoiy, balki iqtisodiy salbiy oqibatlarga ham olib keladi. Chunki bu yerda bir insonning oilasidan, turmushidan orttirib, iqtisod qilib, farzandiga sarflagan mablagʻi, vaqti, umri va uning kelajak-taqdiri yotibdi. 

Videoselektorda qoʻyilgan masalaning mohiyatida nafaqat inson resurslarini rivojlantirish, balki inson qadrini oshirish va uning yorugʻ istiqbolli hayotini bugundan yaratish koʻzlangan, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Shu sababli, OTMlar bugundan oʻz oldiga taʼlim sifatini oshirish uchun davlat tomonidan belgilab berilgan xalqaro standartlar asosida faoliyatini qayta koʻrib chiqishni va aniq yoʻnaltirishni qoʻymas ekan, talabalar uchun ham, muassasa uchun ham, jamiyat va davlat uchun ham katta maʼnaviy-moddiy yoʻqotishlar va obroʻsizlanishni olib kelaveradi.

Darvoqe, bular taʼlim sifatini oshirishning ijtimoiy-iqtisodiy tomonlari boʻlsa, ikkinchi tarafi tadqiqot va innovatsiyalar hajmini oshirish uning yechimidir. 

Globallashuv sharoitida sifatli taʼlim taraqqiyotimizning asosiy roli boʻlib, shaxs va butun jamiyat farovonligi yoʻlida oliy taʼlim muassasalari taʼlim sifatini nafaqat oshirish, balki izchil rivojlantirishga masʼuldir. 

Muammoning ilmiy yechimlari nimalardan iborat?

Mamlakatimizda xalqchil islohotlar oqibatida oʻtgan davrda jamiyat maʼmuriy boshqaruvdan ijtimoiy boshqaruvga oʻtdi. Avval davlat emas, oldin jamiyat, keyin davlat prinsipi joriy qilindi. Rahbarlar kabinetdan quyiga, yaʼni xalq ichiga tushib bordi. Ayniqsa, taʼlim tizimida revolyutsion tarixiy burilishlar yuz berdi. Asriy turgʻunlikka aylangan oʻqituvchilarni paxtaga va boshqa majburiy mehnatga jalb qilishga soʻzsiz chek qoʻyildi. Prezident ishonch telefonlari joriy qilindi. Oʻqishga hujjat topshirish deyarli raqamlashtirishga oʻtkazildi, fuqarolarga qulaylik yaratildi – inson omili kamaytirildi. Natijada korrupsion holatlar qariyb yoʻqoldi. 

Inson qadri tamoyili asosidagi pragmatik islohotlarda taʼlimga davlat siyosatining ustuvor vazifasi sifatida qaralib, maktabgacha taʼlim boʻyicha qamrov darajasi 2016-yilda 27 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2023-yilda 74 foizga, oliy taʼlimda esa 9 foizdan 42 foizga, oliygohlarimiz soni 77 tadan 212 taga yetdi. Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yilida davlat bogʻchalari quvvati yana 10 ming oʻringa, xususiy bogʻchalarda 50 ming oʻringa oshirish belgilab berilgan. 

Shiddatli zamon bilan hamnafas yurmasak, bugungi yutuqlar ertaga eskirib qolyapti.

Keyingi yetti yilda taʼlimga ajratilgan 6 trillion mablagʻga nisbatan samara keskin kamligi ochiq baholandi. Yangi Oʻzbekiston fenomenida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar samarasi oʻlaroq oliy taʼlimdagi transformatsiya jarayoni, sarmoyalar va moddiy-texnik baza ancha yuqori salohiyatga ega. Xarajatga yarasha shiddatli taʼlim islohotlarini amalga oshirish uchun videoselektorda davlatimiz rahbari qoʻygan haqqoniy talablardan kelib chiqib, oliy taʼlim sifatini oshirish uchun quyidagi strategiyalarni ilmiy asoslangan holda tatbiq qilish oʻrinli, deb oʻylaymiz.

Birinchidan, oʻquv dasturlarini vaqti-vaqti bilan sohaning hozirgi talablari asosida qayta koʻrib chiqish va yangilab borish muhim ahamiyatga ega. Bunday dolzarb maqsadga erishish uchun fanlararo yondashuvlar, amaliy ilovalar va tajribaviy oʻrganish imkoniyatlarini birlashtirish lozim. Amaliy ilovalar talabalarga real loyihalarda ishlash va amaliyot oʻtash imkoniyatini berish orqali oʻquv dasturiga kiritilishini taʼminlash, amaliy sharoitda qanday qoʻllash tajribalarini integratsiyalashtirish kerak boʻladi. 

Ikkinchidan, akademik mukammallikka erishish, buning uchun qoʻshma dasturlarni yanada kengaytirish, rivojlantirish orqali yuqori malakali professor-oʻqituvchilarni jalb qilish va tajribalarini ragʻbatlantirgan holda saqlab qolish juda muhimdir. Yuqori malakali professor-oʻqituvchilar oʻz sohasida tajribaga ega hamda oliy taʼlim muassasasining akademik va tadqiqot salohiyatini shakllantirishda muhim rol oʻynaydi. OTMlarga yuqori malakali professor-oʻqituvchilarni jalb qilish uchun muassasa raqobatbardosh ish haqi va boshqa imtiyozlarni taklif qilishi zarur. OTMlar va professor-oʻqituvchilarga ilmiy tadqiqot bilan shugʻullanish, mahalliy va xalqaro konferensiyalarda, malaka oshirish dasturlarida ishtirok etish imkoniyatini kengaytirish lozim. Kasbiy rivojlanish dasturlari professor-oʻqituvchilarning oʻqituvchilik mahoratini, tadqiqot qobiliyatini va pedagogik yondashuvlarini yanada boyitishning ajoyib usullarini tadqiq qilish, ularning malakasini oshirishga sarmoya kiritish orqali muassasa uzluksiz tadqiqotlar joriy qilishi hamda sohani takomillashtirishi samaralidir.

Uchinchidan, oliy taʼlim muassasasida tadqiqot va innovatsiyalar salohiyatini yuksaltirish, ilmiy faoliyat uchun resurslar ajratish, tahlilga ixtisoslashgan ilmiy markazlar tashkil etish, professor-oʻqituvchilar va talabalarni ilmiy loyihalar bilan shugʻullanishga ragʻbatlantirish muhim ahamiyatga ega. Ular tomonidan tadqiq qilingan va amaliyotga joriy etilgan ilmiy tadqiqotning mukammalligini eʼtirof etish va mukofotlash tadqiqot istiqbolliligini targʻib qilishning muhim jihatidir. Bu tadqiqotchilarni oʻz ishini davom ettirishga va bilimini boyitishga undaydi.

Toʻrtinchidan, taʼlimdagi mavjud muammoni faol oʻrganish, muammoni yechish va kreativ fikrlashni ragʻbatlantirish talabalarda muvaffaqiyatga erishish uchun zarur boʻlgan koʻnikmalarni shakllantirishda asosiy maqsadga erishishning samarali usullaridan biri sifatida qoʻllanilmoqda. Taʼlim va fanga bunday innovatsion yondashuvlar talabalarning faolligini oshirish va ularga yoʻnaltirilgan yondashuvni osonlashtirish uchun bizdan texnologik va interfaol usullardan foydalanishni taqozo qilmoqda.

Beshinchidan, talabalarning muvaffaqiyatini ragʻbatlantirish uchun inson qadri tamoyili asosida ularning ijtimoiy hayotidagi turli ehtiyojlarini taʼminlaydigan keng qamrovli ijtimoiy yordam xizmatlarini taqdim qilish talab etiladi. Xususan, akademik maslahatlar, psixologik treninglar, “Ustoz-shogird” anʼanasini jonlantirib, kasbga yoʻnaltirish va murabbiylik qilish – oʻquvchi va talabani bu kabi qoʻllab-quvvatlash xizmatlari markazlashgan holda tahlil etilishi samara beradi. Ushbu xizmatlarni taklif qilish orqali talabalar va oliy taʼlim muammolarini hal etish, akademik maqsadlarga oson erishish mumkin. 

Oltinchidan, kredit-modul tizimini yanada rivojlantirish, raqamlashtirishdan keng foydalangan holda xalqaro hamkorlar bilan jadal integratsiyalashish, talabalar, professor-oʻqituvchilar almashinuvini kengaytirish, oʻquvni inson omilisiz baholash mexanizmlari yordamida natijalarni aniqlash va doimiy takomillashtirish dolzarbdir. 

Yettinchidan, taʼlimga oid adabiyotlar elektron platformalar orqali oʻqilishini monitoring qilish, eng koʻp oʻqilgan ilmiy adabiyotlarni va ularning mualliflari roʻyxatini shakllantirish, ilmiy kengash tashkil qilish va davlat tomonidan tushadigan buyurtmalarni (oʻquv qoʻllanmalar, monografiyalar, darsliklar) jamoaviy mualliflarga yozdirish, ularga munosib qalam haqi toʻlash, bu orqali sifatli adabiyotlarni markazlashgan tartibda chop etish taʼlim sifatini oshirishning asosiy taʼminot manbalari boʻlib xizmat qiladi.

Yangi Oʻzbekiston taʼlimi bugun va olis kelajak uchun xizmat qilishi shart

Bugun taʼlim sohasini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, xalqaro qoʻshma dasturlarni yanada integratsiyalashtirish boʻyicha amaliy ishlar hayotga keng tatbiq qilinmoqda. Jumladan, amaliy islohotlarda maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim, oliy taʼlim va undan keyingi taʼlimni oʻzaro uygʻunlashtirish belgilab olindi. Chunki oliy taʼlim maktabgacha va maktab taʼlimidan ayro tushunchalar emas, balki uzviylikka ega yaxlit bitta jaryondir. Oʻz navbatida, oila va jamiyat ham taʼlim-tarbiyaning oʻchogʻi sanaladi. Shu bois, davlat tomonidan kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kabi tamoyillar bosh maqsad etib belgilangan. 

Yaxshi bilamizki, rivojlangan davlatlar tarixiga nazar solsak, inqirozdan keyin yagona yoʻl – taʼlimni isloh qilish orqali taraqqiyotga erishgan. Masalan, sovuq urushdan keyin Yaponiya, Koreya, Singapur va boshqa taraqqiy etgan davlatlar bosib oʻtgan yoʻl avvalida oʻqituvchilar qadrini oshirish, ularning maoshini vazir oyligiga tenglashtirish, imtiyozlar berish orqali yaxshi pedagog-oʻqituvchilarni taʼlim muassasalarida saqlab qolgan.

Davlatimiz rahbari boshchiligida Uchinchi Renessansga poydevor qoʻyilar ekan, 2030-yilgacha taʼlim sifatini oshirish, oʻqituvchi maqomini koʻtarish va ular oyligini ikki barobar oshirish vazifalari qoʻyildi. 

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining maqsadi qayerda istiqomat qilishidan qatʼi nazar, Oʻzbekistonda yashovchi barcha insonlar uchun munosib turmush sharoiti yaratishni va taʼlim sifatini oshirishni koʻzlaydi. Strategiyaning maqsadlari va samaradorlik koʻrsatkichlari qulay shaklda ifodalangan boʻlib, unda 5 ta ustuvor yoʻnalish boʻyicha 100 ta maqsad nazarda tutildi. 

Xususan, oliy taʼlim va ilm-fan tizimlarini ilgʻor xorijiy tajriba asosida rivojlantirish maqsadida dunyodagi TOP-500ga kiradigan xorijiy OTMlar hamkorligida kamida 50 ta qoʻshma oʻquv dasturi va “ikki diplomli tizim”ni (“double degree”) joriy etish belgilangan. 

AQSH, Yaponiya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Finlyandiya, Niderlandiya, Turkiya, Rossiya, Indoneziya, Isroil va boshqa qator davlatlarning nufuzli oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlikdagi “double degree” taʼlim dasturlari asosida oʻqitish qamrovini kengaytirish taʼlim-fan sohasidagi islohotlarda oʻz aksini topmoqda.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar jamiyatimiz va davlatimiz taraqqiyotiga xizmat qiluvchi zarur mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish va taʼlim sifatini oshirishga yoʻl ochadi. 

Xususan, 2030-yilgacha biotexnologiya, sunʼiy intellekt va boshqa yuqori texnologik yoʻnalishlarda isteʼdodli yoshlarni xorijiy nufuzli oliygohlarga davlat homiyligida oʻqishga yuborish boʻyicha 200 million AQSH dollarilik dasturlar hayotimizga joriy qilinadi. Ushbu tashabbuslar Oʻzbekistonning raqobatbardoshligini oshirish barobarida taʼlim va fan sifatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida davlat tomonidan ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishga 1 milliard AQSH dollari ajratilishi raqamlashtirish va innovatsiyalar sohasining yanada rivojlanishiga, nafaqat taʼlim sifati oshishi, balki aholi turmush sharoiti yuksalishiga, strtegik sohalarning texnologik taraqqiy etishiga xizmat qiladi.

Kelgusi 6 yilda yurtimizing asosiy rivojlanish yoʻnalishlarini belgilab beruvchi mazkur strategiya loyihasi xalqimizning tinch-osoyishta, farovon yashashini taʼminlash, yoshlarga, har bir fuqaroga oʻz salohiyatini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar taqdim etadi. 

Yechimini kutayotgan muammolar kelajak taqdirimiz bilan bogʻliq

“Umid bilan qadalgan tayoq — bir kun berar mevayu yaproq”, degan edi nemis mutafakkiri Gyote. Bugun davlatimiz rahbari tomonidan taʼlimga maktabgacha taʼlim muassasasidan boshlab berilayotgan ustuvor eʼtibor ana shu oltin harfli misralarni eslatadi. 

Buni, qalban anglasak, bugungi islohotlar kelajak uchun ham nechogʻliq dolzarbligidan dalolat. Afsuski, borish qiyin boʻlgan chekka ovul va qishloqlarda haligacha maktabgacha taʼlim muassasalari yoʻqligi taʼkidlanib, baʼzi chekka hududlarda bogʻcha yetarli boʻlishiga qaramay, qamrovi oʻtgan yilga nisbatan biroz kamaygani bor haqiqat. Shuningdek, xususiy bogʻchalarda bolalar hisobini yuritish raqamlashtirilsa-da, qamrov kamligi, davlat bogʻchalarida raqamlashtirish qoniqarli emasligi ishlashimiz kerakligini bildiradi.

Yigʻilishda har yili bogʻcha tarbiyachilarining oʻrtacha atigi 9 foizi malaka oshirayotgani, 12 mingta oilaviy bogʻchada davlat taʼlim standartidagi oʻquv-metodik materiallar yetarli emasligi, 250 ta davlat bogʻchasida taʼlim va tarbiya sifatini xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy qilish belgilab berildi. Joriy yilda maktablar va maktab taʼlimiga 46 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ ajratish rejalashtirilib, matematika, oʻqish va tabiiy fanlar boʻyicha oʻtkazilgan 2022-yilgi PISA xalqaro dasturi natijalari sohada qilinadigan ishlar hali koʻpligini aniq koʻrsatadi.

Xususan, 500 ta maktabda yangi baholash tizimi joriy qilinib, haqiqiy bilim qay darajada ekani aniqlangani, ayni paytda 1-11-sinflarda xorijiy tilga ajratilgan 984 soat doirasida oʻquvchilarning yarmi ham “B1” darajaga ega boʻla olmayotgani bevosita tilga ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasalari oldiga jiddiy majburiyatlar qoʻyadi. Yangicha ishlash tamoyili asosida malaka oshirish institutlari bilan hamkorlikda ishlash zarur.

Davlatimiz rahbari yigʻilishda Respublika ilmiy-metodik markazi va Loyiha ofisi tegishli vazirliklar bilan birgalikda bundan keyin chuqur ilmiy aloqalarni yoʻlga qoʻyishi maqsadga muvofiqligini ilgari surdi. Shuningdek, maktablarda matematika, fizika, kimyo, biologiya fanlarini sifatli oʻqitish, xorijiy tillar boʻyicha oʻquv reja va dasturlarini xalqaro standartlar asosida yangilash vazifasi qayd etildi. Oʻquvchilar bilimi, tahliliy, tanqidiy va kreativ fikrlashi, muammoga yechim topib, amaliyotda qoʻllay olish koʻnikmasini shakllantirishga qaratilgan oʻquv metodikalarini ishlab chiqish vazifalari topshirildi. Bunda tan olingan xorijiy dasturlar (A-level, IB kabi), oʻquvchi va muallimlar bilimini baholashda xalqaro tajriba (PISA, TIMSS, PIRLS) bosqichma-bosqich joriy etilishi samaralidir.

Xalqchil tilda materiallar tayyorlanishi, professional va oliy taʼlimdagi masalalar ham muhokama qilindi. Oʻtgan yilgi 380 ming maktab bitiruvchisidan 180 mingi taʼlimni kollej, texnikum yoki oliygohda davom ettirayotgani qayd etildi. Qolgan 200 ming nafari mehnat bozoriga kirib kelayotgani, dual taʼlim bilan 234 ta proftaʼlim muassasasida barcha oʻquvchilar qamrab olinmagani tanqidiy koʻrib chiqildi. 

Yechim sifatida vazirliklar oʻziga tegishli kollej va texnikumlarda oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash tizimli ishga qoʻyilishi, ulardagi quvvati 100 foiz ishlatilishi kerakligi hamkorligimizni kuchaytirish dolzarbligini koʻrsatadi. 

Koʻp oliygohlar kredit-modulga oʻtgani, lekin talabaning qobiliyatini yuzaga chiqaradigan tizim yoʻqligi ham izohlandi. Taʼlim sifatini oshirish boʻyicha joriy yilda 122 ta yangi yirik loyihalar boshlanishi, oliygohlarda bunday mutaxassislarni tayyorlash 20 foizdan oshmayotgani innovatsion texnologiyalarni boshqaradigan 10 ming muhandis va texnolog kadrlarni yetishtirishni talab etishi vazifa sifatida urgʻulandi.

Shularni hisobga olgan holda, kollej-texnikumlar va oliygohlarni ish beruvchilar bilan uzviy bogʻlaydigan tizim yaratilishi, jumladan, Loyiha ofisi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda 2024-yilda oʻzimizda zamonaviy konstruktor, texnolog, arxitektor, muhandis, energetik kabi ehtiyoj yuqori kasblar boʻyicha mutaxassislar tayyorlash chora-tadbirlari samarali amalga oshirilishi zarurligini taʼkidlandi.

Endilikda 100 ta kasb tanlanib, Germaniya, Shveysariya va Buyuk Britaniya tajribasi asosida kasb standartlari ishlab chiqilib, kasbga talab ish beruvchi ehtiyojiga moslashadi. Ish beruvchilarning vakillari taʼlim muassasasida joylashishi uchun juda katta imkoniyat yaratiladi. Ular bilan har bir oliygoh, texnikum va kollejda texnopark, laboratoriya va amaliy monomarkazlar tashkil etiladi. Talabalar amaliyotni tashkil etilayotgan yangi korxonalarda koʻproq oʻtkazadi. Yangi oʻquv yilidan boshlab texnikumlarda oʻqitish “akademik” va “ishchi kasb” taʼlim komponentlarining uzviyligini taʼminlaydigan yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyiladi. Texnikumlarda ham “kredit tizimi” joriy qilinib, kollej-texnikumda ikki yil davomida yetarli “kredit” toʻplagan oʻquvchilar “2+2” yoki “2+3” dasturlari asosida oliygohlarning ikkinchi yoki uchinchi kursida taʼlimni davom ettirish imkoniyatiga ega boʻladi.

Yana bir muhim vazifa, kollej-texnikumda “ishchi kasb” yoʻnalishida oʻqiganlar ikki yoki uch yil ishlab, tajriba orttirganidan keyin, imtihon topshirib, bakalavrga teng malaka darajasini olishini tashkil etishdir. Shuningdek, kollej-texnikumdagi 50 ming oʻquvchini dual taʼlim bilan qamrab olishni tashkil qilish istiqbollidir.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bakalavr yoʻnalishlarini yiriklashtirish hisobiga ular sonini 40 foizga qisqartirish, ushbu yoʻnalishlardagi taʼlim dasturlarini TOP-300 ga kirgan oliygohlar dasturi asosida yangilash lozim. Aniq va fundamental fanlar boʻyicha ilgʻor darsliklarni xorijiy tillardan bosqichma-bosqich tarjima qilish, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 116 ta oliygohni oʻrganib, ularni yiriklashtirish dasturini ishlab chiqish, ularga “milliy”, “davlat” universiteti, akademiya yoki institut maqomini berishning aniq dasturlarini belgilab oldi.

Xulosa qilib aytganda, taʼlim sifatini oshirish boʻyicha berilgan yuqoridagi ulkan dasturlar ijrosini jadal taʼminlash, oliy taʼlim muassasalarida joriy qilish uchun kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish, ularning ijrosi boʻyicha monitoring olib borish qatʼiy yoʻlimiz boʻladi. 

Zero, 2030-yilgacha koʻzlangan maqsadlarni yuzimiz yorugʻ holda amalga oshirib borish Vatan oldidagi muqaddas burchimiz va davlatimiz rahbari bildirgan yuksak ishonchni oqlash majburiyatidir.

Qoʻngʻirotboy SHARIPOV,

oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2024-yil 8-fevral, 28-son

Izoh qoldirish