Insoniy birodarlik va dinlararo muloqot – xalqaro hamjihatlik omili
Birlashgan Millatlar Tashkiloti diniy yetakchilarning dinlararo va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlariga yuksak eʼtibor qaratib, bu turdagi tashabbuslarni dunyo boʻylab tarqalishini taʼminlab kelmoqda. Xususan, 2019-yil 4-fevral kuni Abu-Dabi shahrida maxsus tashkil etilgan Global konferensiyada al-Azhar universiteti Bosh imomi shayx Ahmad Tayyib va Rim papasi Fransisk oʻrtasida imzolangan “Insoniy birodarlik – tinchlik va hamjihatlik yoʻlida” nomli hujjat Bosh assambleyada muhokama etilib, maxsus rezolyutsiya qabul qilinganini alohida taʼkidlash lozim.
Rezolyutsiyaga muvofiq, har yilning 4-fevral kuni “Xalqaro insoniy birodarlik kuni” deb eʼlon qilindi. Mazkur sana BMTga aʼzo davlatlarda ilm-fan, diniy yetakchilar va jamoatchilik faollari ishtirokida keng nishonlash belgilandi.
Bugungi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek, teng huquqlilik, millatlararo totuvlik hamda o‘zaro hamjihatlik sharoitida yashab, Vatanimizni yanada ravnaq toptirish yo‘lida mehnat qilib kelmoqda. Zero, “Turli din vakillari o‘rtasidagi ma’naviy, insoniy va ijtimoiy muloqotni rivojlantirish hamda yuksak axloqiy fazilatlarni kelajak avlodga hamjihatlikda yetkazish dinlararo muloqotning asosiy maqsadidir”, deyiladi “Insoniy birodarlik – xalqaro tinchlik va hamjihatlik omili” hujjatida.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Insoniy birodarlik va dinlararo muloqot – xalqaro hamjihatlik omili” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Yurtimizda ilk marotaba oʻtkazilgan bugungi xalqaro ilmiy-amaliy seminarning maqsadi – insoniy birodarlik va bagʻrikenglikni mustahkamlash, oʻzaro hurmat va diniy eʼtiqodlar xilma-xilligini tushunish dunyo xalqlari oʻrtasida tinchlik va hamjihatlikni taʼminlashda muhim omil ekanini yana bir bor isbotlashdan iborat bo‘ldi.
Mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Rim Papasining Apostol Regina universiteti hamda “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi hamkorligida onlayn va oflayn formatda tashkil etildi.
Tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
– “Insoniy birodarlik” nomli ushbu muhim tarixiy hujjat Sharq va Gʻarb mamlakatlari oʻrtasida dinlararo muloqotni rivojlantirib, diniy bagʻrikenglikni mustahkamladi, – dedi Akademiya rektori. – Ayniqsa, deklaratsiyadagi din insonlarni eʼtiqodidan qatʼiy nazar oʻzaro mehr-oqibatli va birodar boʻlish, munosabatlarda yuksak madaniyat va insonparvarlikka erishish, dunyoning turli burchaklarida yashayotgan yordam va eʼtiborga muhtoj insonlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan fikrlar jahon hamjamiyati tomonidan olqishlandi.
Bugungi seminarimizda muhokama qilinadigan masalalar orqali insoniy birodorlik gʻoyasi dunyo xalqlarining porloq kelajakka qaratilgan ezgu umidi, Xudoga va insoniy birodarlikka ishongan barcha kishilarni dunyoda tinchlik yoʻlida birdamlik va birgalikda harakat qilishga chaqirishi, kelajak avlodlar uchun barcha insonlarni Yaratganning buyuk inoyatini tan olgan holda oʻzaro hurmat madaniyatini yoyishda qoʻllanma (hidoyat) boʻlib xizmat qilishiga ishonamiz.
Seminarda “Musulmon oqsoqollar kengashi” bosh kotibi Muhammad Abdulsalom, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Behzod Qodirov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi rais o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, O‘zbekistondagi Rim katolik markazi rahbari Yeji Matsulevich tabrik so‘zlari bilan qatnashdilar.
Anjumanda Ahmad Yassaviy nomidagi xalqaro qozoq-turk universiteti vakillari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari, doktorant va talabalar ishtirok etdilar.
Al-Azhar universiteti professori (Misr) Shayx Muhammad Jamoliddin Hoshim, Al-Azhar universiteti professori (Misr) Shihata Abu Shusha, Papaning Apostol Regina universiteti professori (Italiya) Doktor Joseph Tam, Papaning Apostol Regina universiteti o‘qituvchisi (Italiya) Allister Lee, Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti kafedra mudiri (Qozog‘iston) Feride Kamalova, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi katta o‘qituvchisi, PhD Dilafruz Turdiyeva o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Seminar davomida “Islom manbalarida insoniy birodarlik masalalari”, “Bioetika, multimadaniyat va din: oxirgi 15 yillik tajriba”, “Sivilizatsiyalar hamjihatligida islom dini madaniy muloqotining o‘rni”, “Global bioetikada hamkorlik va konvergensiya san’atini rivojlantirish: bioetika va inson huquqlari bo‘yicha UNESCO kafedrasining roli”, “Dinlararo totuvlik xalqlar o‘rtasidagi tinchlik garovidir”, “Dinlararo muloqot va insoniy birodarlikni ta’minlashda ta’limning o‘rni” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Bugungi kunda turli diniy konfessiya vakillari oʻrtasida oʻzaro doʻstlik, ahillik, hamjihatlik kabi rishtalarni yanada mustahkamlash, ulugʻ allomalarning boy ilmiy merosini oʻrganish, islom dinining tinchlikparvar va maʼrifatga asoslangan tamoyillarini qaror toptirish borasidagi tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuksak baholanayotgani e’tirof etildi.
Qizg‘in munozara ostida o‘tgan konferensiya qatnashchilar uchun mazmunli va foydali o‘tdi. Ayniqsa, soha vakillari tomonidan qilingan ma’ruzalar anjuman ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Yig‘ilganlar yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlar vakillari yaxlit holda O‘zbekiston xalqini tashkil etishi, ular bir-birlari bilan hamjihat bo‘lib, yurtimiz ravnaqi yo‘lida sidqidildan mehnat qilayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish