Akademiyada Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashrga tayyorlangan yangi kitob va risolalar taqdimoti oʻtkazildi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashrga tayyorlangan yangi kitob va risolalar taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining din va millatlararo munosabatlar masalalari boʻlinmasi masʼul xodimi Jasur Najmiddinov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari Jaloliddin Hamroqulov, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uygʻun Gʻafurov, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori oʻrinbosari Firdavs Halimov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, hamkor tashkilotlar va ilmiy doiralar vakillari hamda Markaz ilmiy xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbir xalqimiz, ayniqsa, yoshlar orasida Imom Buxoriy va boshqa alloma ajdodlarimiz ilmiy merosini keng targʻib etish, hamyurtlarimizni moddiy va maʼnaviy qadriyatlarni mustahkamlovchi maʼrifatdan bahramand qilish maqsadida tashkil etildi.
Umumiy hisobda Markaz tomonidan 2023 yil davomida nashrga tayyorlangan Imom Buxoriyning “At-Tarixus sagʻir”, Abu Jaʼfar Muhammad ibn Abu Xotim Varroq Buxoriyning “Shamoili Buxoriy”, Abu Azabaning “Ar-Ravzatul bahiyya fiyma baynal ashoʼira val moturidiyya”, Imom Dorimiyning “Sunani Dorimiy”, Alouddin Kosoniyning “Kosoniy aqidasi”, Sayyid Abdulmojid Gʻavriyning “Hadis ilmi istilohlari ensiklopediyasi” asarlari, shuningdek, “Islom dinida tinchlik” va “Gʻuluvning xatarlari” nomli risolalar taqdim etildi.
Taqdimotning ochilishida soʻzga chiqqanlar Imom Buxoriy va boshqa alloma ajdodlarimiz merosini oʻrganishning ahamiyati, taqdim etilayotgan kitoblarning ilmiy qiymati, mutafakkirlar asarlarini tadqiq etish borasidagi ishlarning hozirgi holati va istiqboldagi vazifalar, shuningdek, Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil toʻxtaldi.
Al-Azhar islom tadqiqotlari majmuasi Bosh kotibi, doktor Muhammad Nazir Ayyad hamda Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) Bosh direktori, professor Mahmud Erol Qilich videotabrik yoʻlladi. Taqdim etilayotgan yangi nashrlarga Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatining yorqin natijasi sifatida yuksak baho berib, Markaz va barcha hamkor muassasalarni, butun oʻzbek xalqini ushbu muhim voqea bilan muborakbod etdi. Xodimlar olib borayotgan tadqiqotlar, tarjimalar alloma ajdodlarimiz merosini tiklashga, zamondoshlarimizni ular qoldirgan boy maʼnaviy xazinadan koʻproq, toʻliqroq bahramand etish va pirovardida islom imlarini yanada taraqqiy toptirishga xizmat qilishini alohida taʼkidladi.
Marosimda soʻz olganlar buyuk ajdodlarimizning islom ilmlari sohasidagi ilmiy merosi bugungi kungacha dunyo musulmonlari hayotida muhim ahamiyat kasb etib kelayotganini, xususan, yurtimiz zaminidan yetishib chiqqan allomalarning islom ilmlari rivojiga munosib hissa qoʻshganini alohida eʼtirof etdi.
Darhaqiqat, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashrga tayyorlangan yangi kitob va risolalar islomning asl qadriyat va tamoyillarini hamda insonparvarlik gʻoyalarini tarannum etishda, zamonlar osha yuksak qadr-qimmatini yoʻqotmay kelayotgan asarlarning tub mohiyatini ochib berishda muhim dasturulamaldir. Ona tilimizda chop etilgan mazkur asarlar mutafakkirlarimiz ilmiy qarashlari maʼnosini yanada yaxshiroq anglashga, ular taʼlimotini yanada teran idrok etishga asos boʻlib xizmat qiladi.
Manba: Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish