Akademiya Kengashining navbatdagi majlisida muhim masalalar haqida so‘z yuritildi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Akademiya kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Akademiya rahbariyati, Kengash a’zolari, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar ishtirok etdilar.
Majlisni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, Kengash raisi Uyg‘un G‘afurov olib bordi.
Kengash yig‘ilishida mavjud yutuq va kamchiliklar, muassasa oldida turgan muhim va dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Soha mutasaddilari o‘zlarining vazifalariga doir ishlar haqida ma’lumot berib, kelgusidagi vazifalarni belgilab olishdi.
Akademiya rektori Uyg‘un G‘afurov talabalarga o‘z sohasining yetuk, raqobatbardosh mutaxassis kadri bo‘lib yetishishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berish uchun ustuvor vazifa bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga Davlat akkreditatsiyasidan o‘tganlik to‘g‘risida sertifikat topshirilgani e’lon qilindi.
Shundan so‘ng 2023/2024-o‘quv yili uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalariga loyiq deb topilgan Akademiyaning iqtidorli talabalariga stipendiya guvohnomasi topshirildi.
Majlisda Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha Akademiyada amalga oshirilayotgan ishlar tahlili to‘g‘risida Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens-nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Eshmatovning hisoboti tinglandi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi malaka oshirish markazi, “Ziyo” media markazi va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining faoliyati natijalari va istiqbolli rejalar to‘g‘risida Malaka oshirish markazi direktori Xusniddin Axmedov, “Ziyo” media markazi direktori Abduhamid Muxtorov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov ma’lumot berdilar.
Shundan so‘ng O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ta’lim jarayonini tashkil etishda haftalik o‘quv kunlarini belgilash xususida O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokir Ro‘ziyev axborot berdi. Shuningdek, Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’limi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv-uslubiy birlashmalar faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi kengashga taqdim etish uchun tavsiya etish haqida so‘z yuritdi.
Majlis davomida Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomovning Akademiya professor-o‘qituvchilarini O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK)ga ilmiy unvonga taqdim etish hamda Akademiya tadqiqotchilarining dissertatsiya mavzularini OAK Byullitenida e’lon qilish uchun tavsiya etish haqidagi hisoboti tinglandi.
Kengashda sohadagi shu kabi yutuqlar e’tirof etilgan holda, diniy-ma’rifiy sohada bajarilishi zarur bo‘lgan galdagi vazifalar va mavjud muammolar ham tahlil qilindi.
Yig‘ilish yakunida muhim vazifalar belgilab olindi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish