246

Odobning boshi – salom

Bolalik chog‘imizda buvijonimiz so‘zlab bergan ertaklarni juda ko‘p tinglaganman. Ularda salbiy qahramonlar “Agar saloming bo‘lmaganida ikki yamlab bir yutardim”, deya javob qaytarardi. Bolalik shuurimda esa salom berish kerakligini anglardim.

Haqiqatan, har-bir ota-ona farzandiga ta’lim-tarbiya berar ekan, unga, avvalo, salomlashish odobini o‘rgatishi zarur. Ular bizga tanish-notanish kishini ko‘rganda salom berish kerakligini uqtiradi. Salomlashishning ajri savobi haqida eslatib o‘tadi.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu “Har bir narsaning nihoyasi bor, salomning nihoyasi barokatdur”, deydilar. Manbalarda kelishicha, eng yaxshi amal och insonlarni to‘ydirish, tanigan va tanimaganlarga salom berishdir. Salom berish payg‘ambarimiz alayhissalomning ko‘rsatmalari, ya’ni sunnat. Unga alik esa Yaratganning buyrug‘i – farz. 

Salom berishning o‘z odobi bor. So‘zlarni buzmasdan odob bilan salom beriladi. “Solomalaykum” , “privet”, “hay” kabi shaklda bo‘lmasligi kerak. 

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Yo‘ldan o‘tib borayotgan odam ko‘pchilikdan bir kishiga salom bersa kifoya qiladi, o‘tirganlardan bir kishi alik olsa yetadi”.

Muxtasar aytganda, salom berish orqali insonda mehr-muhabbat paydo bo‘ladi. Gina-kuduratli insonlar salom berish orqali bir-biri bilan oralari qayta mustahkamlanadi. 

Oliy ta’lim dargohi, jamoat joylarida yurganda salom berishni unutmaylik.

Sumanbarxon OLIMOVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti 2-bosqich talabasi

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish