157

Akademiyada “Mahallada duv-duv gap” mavzusida maʼnaviy-madaniy tadbir tashkil etildi

Ma’lumki, 2023-yil 22-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishi bo‘lib o‘tgan edi. 

Ushbu yigʻilishda berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi yigʻilishi oʻtkazilib, bir qator chora-tadbirlar belgilandi. 

Shu maqsadda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi va Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi “Maʼrifat” targʻibotchilari jamiyati hamkorligida “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” shiori ostida “Mahallada duv-duv gap” mavzusida maʼnaviy-madaniy tadbir tashkil etildi.

Ma’naviyat va ma’rifat kengashi doirasida Akademiyada oyning birinchi haftasi shanba kunini “Teatr kuni” deb belgilanib, Akademiya rahbar xodimlari va professor-oʻqituvchilari hamda talabalar Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida sahnalashtirishgan “Jaloliddin Manguberdi”, “Sizsiz oʻtmas kunlarim”, Abror Xidoyatov nomidagi drama teatrida “Dunyoning ishlari” spektakllariga tashrifi amalga oshirildi. Shuningdek, Madaniyat institutida tashkil etilgan Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf dostoni asosida sahnalashtirilgan “Qora quyosh” spektakliga tashrif buyurdilar. 

Shu bilan birga, Akademiyaning “Teatr studiyasi” jamoasi Oriyental nodavlat oliy taʼlim muassasida Nasrullo Qobilning “Toʻda” asari asosida sahnalashtirilgan “Adashganlar” spektaklini namoyish etib keldilar. Bundan tashqari Gʻalaba bogʻi majmuasi, Shon-sharaf muzeyi, Oʻzbekiston xalq shoiri Gʻafur Gʻulom uy-muzeyi va boshqa davlat teatrlari, muzeylar va muzey qoʻriqxonalari hamda Adiblar hiyoboniga jamoaviy borish tashkil etildi.

Prezidentimiz yigʻilishda XX asr boshlarida xalqimizni ozodlik va ilm-maʼrifat uchun kurashga chorlagan jadid bobolarimiz diniy ilmlar bilan birga dunyoviy ilmlarni oʻrganishimiz zarurligini taʼkidlaganlarini gapirib oʻtdi. Bu borada Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan koʻplab ishlar amalga oshirildi. Xususan adibimiz, maʼrifatparvar Mahmudxoʻja Behbudiyning hayoti va ijodini oʻrganish, faoliyatini yoritish, ilmiy tadqiqotlar qilish hamda targʻib etish yoʻnalshida izlanish olib borayotgan, alohida faollik koʻrsatgan oʻqituvchi va talabalarni ragʻbatlantirish maqsadida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining buyrugʻi bilan adib nomidagi stipendiya va koʻkrak nishoni joriy etildi.

Adiblar xiyobonida oʻrnatilgan Mahmudxoʻja Behbudiy haykali oldida Akademiya professor-oʻqituvchilari, soha mutaxassislari va talabalari ishtirokida 2023-2024-oʻquv yili davomida 20 dan ortiq maʼnaviy-maʼrifiy tadbir, uchrashuv, davra suhbati va ochiq darslar tashkil etildi. Oʻz navbatida ushbu tadbirlar hamda Akademiya professor-oʻqituvchi va talabalari tomonidan tomonidan tayyorlangan maqola hamda tezislar OAVlarida va internet saytlarida yoritib borilmoqda. 

Shuningdek, Akademiya talabalari oʻrtasida telegram ijtimoiy tarmogʻi orqali Mahmudxoʻja Behbudiy hayoti va ijodiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya turli viktorina hamda tanlovlar oʻtkazilib kelinmoqda.

Mahmudxoʻja Behbudiy hayoti va ijodini hamda u bilan bogʻliq ilmiy tadqiqotlar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarini yoritib borish hamda izlanuvchilarga maʼlumotlar berish maqsadida Akademiyaning behbudiy.uz sayti ishga tushirildi va hujjatli film tayyorlanib OAV va telekanallarda hamda Akademiya talabalariga namoyish etildi.

Bugungi tashkil etilgan tadbirda Toshkent davlat Jahon tillari universiteti professori, siyosiy fanlar doktori Nazrulla Joʻrayev, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Gulbahor Erqulovalar va Akademiyaning professor-oʻqituvchi hamda talabalari ishtirok etishdi.

Davra suhbatida davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, madaniy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yanada jonlantirish yuzasidan belgilab berilgan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda erishilayotgan yutuqlar haqida so‘z yuritildi.  

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ma’naviy-ma’rifiy yuksalish borasidagi islohotlar, Yangi O‘zbekiston strategiyasida jamiyatning ruhini belgilab beruvchi eng muhim omillar, ulug‘ maqsadlar yo‘lida birlashish kabi masalalarga e’tibor qaratdilar.

Izoh qoldirish