45

Cho‘g‘ ustida kechgan umr

JADIDLAR IBRATI

Bir asrdan soʻng xizmatlari ulugʻlandi

Samarqand shahridagi Mir Said Baraka koʻchasi, 47-uyda butun umrini choʻgʻ ustida yurib oʻtkazgan jadid bobolarimizdan biri – Mahmudxoʻja Behbudiy yashagan. Aynan shu yerda vohadagi ilk pyesa dunyo yuzini koʻrgan va shu xonadonda spektakl shaklida ijro etilgan, shu yerda shaharda ilk bor barcha uchun eshiklari ochiq kutubxona tashkil etilgan, shu xonadonda hududning ilk gazetasi chop etilgan va unda oʻtkir, dolzarb maqolalar bitilgan, shu yerda usuli jadid maktablarining tamal toshi qoʻyilgan, darsliklar yozilgan… Bunday zahmatli mehnatlarni sanab adogʻiga yetolmaysan kishi.

Ushbu uy-muzey mamlakatimiz rahbarining quyidagi fikrlaridan soʻng 2021-yilda tashkil etilgan: “2020-yilda xalqimiz tarixining murakkab damlarida, maʼrifat mashʼalasini baland koʻtarib chiqqan ulugʻ alloma va jamoat arbobi Mahmudxoʻja Behbudiyning 145 yillik tavallud sanasi keng nishonlanadi.

Umuman, biz jadidchilik harakati, maʼrifatparvar bobolarimiz merosini chuqur oʻrganishimiz kerak. Bu maʼnaviy xazinani qancha koʻp oʻrgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda koʻp savollarga toʻgʻri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targʻib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi”.

Prezidentimizning aynan shu fikrlaridan soʻng Behbudiy hazratlari “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi va bu yuksak mukofotni uning evaralari qabul qilib olishdi.

Mana, shu tarixiy hodisaga ham ikki yil boʻldi. Aslida, bu maskan maʼrifat sochuvchi, ijodkorlarning doimiy borargohi boʻlishi kerak. Bu maskan sizni oʻtmishga chorlaydi, jadidlarning hayotiga, faoliyatiga turli prizmalardan yana bir nazar tashlashingizga imkon beradi. Sizga kuch beradi, buguningiz haqda xulosa chiqarishga koʻmakka keladi.

Qariyb yetti sotix maydondagi uy va hovlidan (aslida, 21 sotix boʻlgan, ayni paytda qolgan maydonlar ham uy-muzeyga ajratilishi uchun saʼy-harakatlar olib borilmoqda) iborat muzeyda nafaqat Behbudiyga tegishli boʻlgan ashyolar, balki oʻsha paytdagi jadidlar hayoti va faoliyatini koʻrsatib beruvchi yuzga yaqin eksponat mavjud.

Behbudiy kim edi?

Buyuk maʼrifatparvar, yangi maktab gʻoyasining nazariyotchisi va amaliyotchisi, oʻzbek dramaturgiyasining asoschisi, noshir, jurnalist, XX asrning boshlaridagi Turkiston ijtimoiy-siyosiy harakatining yirik namoyandasi va jadidchilik harakatining rahnamosi – Mahmudxoʻja Behbudiy 1875-yilda Samarqand yaqinidagi Baxshitepa qishlogʻida dunyoga kelgan, – deydi uy-muzey mudiri Gulmamat Ahmedov. – Mahmudxoʻja Ahmad Yassaviy sulolasidan boʻlib, otasi Behbudxoʻja, bobosi Solixoʻja va katta bobosi Niyozxoʻja Samarqandning nufuzli oilalarining namoyandalari boʻlganlar, qorilik va imomlik bilan tirikchilik qilganlar. 

Mahmudxoʻja Behbudiy 6-7 yoshlarida Samarqandda katta togʻalari Muhammad Siddiq yordamida xat-savod chiqaradi. Keyin otasi Qurʼonni oʻrgatadi. 15 yoshida togʻasi muftiy Odil huzurida ilm olishga kirishadi. Bu yerda u arab tili grammatikasi va zamonaviy fanlarni oʻrgana boshlaydi.

1889-yil Chashmaobod qishlogʻida qozilik qila boshlagan togʻasi Muhammad Siddiqning huzurida mirzalik qiladi, shuning barobarida muftilikka tegishli boʻlgan shariat qoidalarini oʻrganadi. Keyinchalik ish faoliyatini Kobut volosti (bugungi Samarqand, Toyloq va Jomboy tumanlari hududi)da mirzalikda davom ettirgan. Oʻqib-oʻrganishga boʻlgan iqtidori tufayli oʻz davrining yuksak eʼtiborli lavozimi – muftilik rutbasiga erishdi. 

Shu oʻrinda aytib oʻtish joizki, hatto bugun mamlakatimizda sud-huquq islohotlari tarixini ham Behbudiy bilan bogʻlashga urinishlar mavjud. Negaki, aynan Behbudiy oʻgʻirlik uchun qoʻli kesilgan kishi oilasiga, jamiyatga qanchalik ziyon keltirishini raqamlarda hisob-kitob qilib beradi va afv tushunchasini kiritadi.

1899-yili Maxmudxoʻja Behbudiy Haj safariga chiqadi va bu safar sakkiz oyga choʻzildi. Mahmudxoʻja Behbudiy safar davomida turli mamlakatlar ahvoli, voqea-hodisalardan voqif boʻladi, dunyoqarashi kengayishi va fikri oʻzgaradi. Turkistondagi siyosiy jarayonlarni har tomonlama tahlil qilib, Oq poshsho mustamlakasi ostida bir necha oʻn yillar davomida ham maʼnaviy, ham moddiy jihatdan qulga aylangan xalq bilan ozodlikka chiqish mumkin emasligini anglab yetadi. 

Ana shu safari davrida Mahmudxoʻja Behbudiy Turkistonning Chor Rossiyasidan ozod boʻlish yoʻllarini qidirdi va Samarqandga qaytgach, oʻsha zamonning dunyoqarashi keng boʻlgan insonlari bilan tariximizning tanazzul bosqichlari va sabablari yuzasidan munozara va taftishlar olib boradi.

Mahmudxoʻja Behbudiy oʻz yurtining ozodlikka erishishi uchun, eng avvalo, ozod yurtni boshqara oladigan va oʻz yurtini rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqadigan yangi avlodni tarbiyalash zarurligi gʻoyasini oldinga suradi va shu gʻoyalarni amalda tatbiq eta boshlaydi. 

1903-yilda Samarqand atrofidagi Halvoyi va Rajabamin qishloqlarida domla Siddiqiy va domla Shakuriy bilan hamkorlikda yangi maktablar ochadi. 

Behbudiyning birgina nevarasi hayot

Muzeyda Behbudiy asarlari, chiqargan gazetalarining ilk sonlari, oʻsha davrga oid jihozlari mavjud ijodxonasi, oʻzi tashkil etgan kutubxona, usuli jadid maktablarining koʻrinishi, oʻsha davrlarda truppalarning tayyorlanishi uchun sahnali zal hamda Behbudiyga tegishli boshqa buyum va ashyolar, shuningdek, Samarqand davlat universitetining Mahmudxoʻja Behbudiy merosini oʻrganish ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi ham mavjud. Jadid bobomiz foydalangan kitoblar, lavh, qoʻl yordamida ishlatiladigan litografiya dastgohi esa oʻsha paytlar Germaniyadan keltirilgan.

Muzeyni aylanarkanmiz, Behbudiy oilasi bilan bogʻliq faktlarni koʻzdan kechirdim. Bugungi kunda u kishining evaralari, xususan, Shoxruh, Zarrux Behbudiylar haqida ommaviy axborot vositalarida koʻp maʼlumotlar berilgan. Ammo u kishining yagona nevarasi ham bugun hayot ekanini shu muzeyda bildim. Bildim-u, darhol Samarqand shahri Qoʻshtamgʻali mahallasi tomon yoʻlga tushdim. 

Muzey haqda bir noxush va xushxabar

Hali Nazirxon Behbudiy bilan suhbatimni keltirishdan oldin muzey xodimlaridan soʻrab olganim, bir faktni alohida taʼkidlab oʻtmoqchiman. Bugun mazkur muassasa maʼrifatparvar bobolarimiz hayotini aks ettirib bera oladigan darajada jihozlangan. Bu yerda amaliy darslar oʻtish uchun ham yaxshi imkoniyat bor. Ammo afsuski, shu atrofdagi toʻrt-beshta maktabdan tashqari bu yerga boshqa taʼlim muassasasidan ziyoratchilar kelmas ekan. Vaholanki, viloyatda mingdan ziyod taʼlim muassasalari bor, ularning barchasining darsliklarida jadidlar faoliyati bilan bogʻliq mavzu bor.

Muzeyga oid yana bir yangilik – Behbudiy hoki qayerdaligini aniqlab, uni shu yerga keltirish va ramziy qabrini hamda byustini barpo etish rejalashtirilmoqda. Behbudiy oʻlimi bilan bogʻliq maʼlumotlar ham oʻsha davr gazetasida qayd etilgan. Xususan, Hoji Muin Shukrulloh “Inqilob” jaridasida Behbudiy hazratlarining qanday shahid boʻlgani haqida shunday yozadi: “...bek (Qarshi beki) Behbudiy afandi va yoʻldoshlarini ham oʻldurgʻa buyurgʻan va alar zindonning yonidagi podshohlik chorbogʻiga yuborilgandir. Shunda alarming qatllari oʻzlariga bildurilgʻon va oʻzlari uchun shu yogʻda toʻrt qabr qozdirulgʻon. Soʻngra Behbudiy afandi va Yoldosh tahorat olib, namoz oʻqimoqchi boʻlgʻanlar. Lekin shul chogʻda rahimsiz jallod muovinlari ila yetib kelib, alarni namoz oʻqurgʻa qoʻymagʻon va eng avval Behbudiy hazratlarini joynamoz ustida boshini kesgan, soʻngra bekning xizmatkorlari mazkur shahidlarning jasadlarini chiqarib, oʻzlari qozgʻon qabrlarida koʻmganlar va qabrlarini (bilinmasun deb) yer ila tekis etganlar”.

“Bobomning kimligini mustaqillik tufayli angladik”

Behbudiyning bugun hayot qolgan yagona nevarasi Samarqandning qadim mahallalaridan biri – Qoʻshhovuzda istiqomat qilar ekan. Darvoqe, uning avlodlariga yuqoridagi uy-muzeyda yashash nasib etmagan. Buning sababini anglagandirsiz, ammo suhbat davomida buni aytib oʻtamiz. 

Nazirxon ota bilan suhbatimiz asosiy jihozlari bobolarining suratlari tushirilgan kamtargina xonada kechdi.

– Bobom Mahmudxoʻja Behbudiyning toʻrt nafar farzandi boʻlgan, toʻngʻichi mening otam Maʼsudxon, ammam Surayyo, Maqsudxon va Matlubxon, – deya gapirib beradi Nazirxon Behbudiy. – Afsuski, bir oʻgʻillari yoshligida, ogʻir xastalikdan vafot etadi, ikkinchi oʻgʻillari urushda bedarak ketadi, u kishining hech boʻlmasa qabrini uzoq yillar izladik, ammo natija boʻlmagandi. Shu tariqa, Behbudiy avlodi toʻngʻich oʻgʻli Maʼsudxon farzandlari orqali davom etdi. Otamning toʻrt oʻgʻlidan biriman, katta akalarim – Mithat, Shavkat, Nadimxonlar bu foniy dunyoni tark etdilar. Bobom Mahmudxoʻja Behbudiyning ulugʻ inson ekanliklarini faqatgina filologiya fanlari doktori, professor Nadimxon akam yaxshi anglaganlar. Ilk marta 1983-yilda bobom haqida maqola chiqqanda juda hayratga tushganmiz. 

Bilishimcha, otam bobomning fojiali halokatidan soʻng turli taʼqiblarga duch kelmaslik uchun mana shu hovliga koʻchib kelib, yashay boshlaganlar. U kishining barcha mol-mulki musodara etilgan. Va bobom haqida deyarli gapirmaganlar, koʻcha-koʻyda ogʻzimizdan gap chiqib ketishidan choʻchiganlar, shekilli. Otam Maʼsudxon bobomning tarbiyasini olganlar va oʻzlari yozganlaridek, toʻrt tilda bemalol soʻzlashganlar. Bolaligi oʻtgan oʻsha uyda ularga maxsus oʻqituvchilar rus, fransuz tillaridan dars berganlarini aytib berganlar. Otam bilan ammam Parvinaning har zamon fransuz tilida soʻzlashganlariga oʻzim ham koʻp guvoh boʻlganman. Otam bu yerdagi taʼqiblardan qochibmi, yo boshqa sababmi, Dushanbedagi pedagogika institutida tarjimon boʻlib ishlagan. Oilasi, yaʼni biz, shu yerda, u kishi har necha oyda bir kelib ketardi. Aytishim kerak, onam Saida ham maktab koʻrgan, xat-savodli ayol edilar. Onamning onalari, yaʼni buvim qizlarning xat-savodini chiqarganlar, oʻzlari Hofiz devonlarini yoddan bilganlar, deyishadi.

Ularning turmush qurishi ham qiziq boʻlgan. Bobom, Mahmudxoʻja Behbudiy toʻngʻich oʻgʻli, yaʼni otamga kelin izlaganlarida onamning togʻalari jiyanlarim bor, istasangiz koʻring, deganlar. Shu tariqa, onamga sovchi qoʻyganlar. Buvim, yaʼni onamning onalari avvaliga qarshilik koʻrsatganlar “Yoʻgʻ-a, kofirga qiz bermayman”, deya. Buni qarangki, oddiy aholi orasida maʼrifatparvar bobomizning jon kuydirib qilayotgan mehnatlari mana shunday maʼno kasb etgan. Katta togʻam Behbudiy oilasidagi vaziyatni tushuntirgach, toʻy boʻlgan. Onamning aytishicha, bobom, juda salobatli, tik qarab gapirishga odam hayiqadigan kishi boʻlgan ekan. Qayerga bormasinlar, odamlar u kishi bilan koʻrishish uchun beixtiyor oʻrinlaridan turar edilar, deya eslaydi u onam.

Otam uzoqda koʻp boʻlganlari uchun asosiy tarbiyani onamdan olganmiz. U kishining saʼy-harakatlari bilan bobomning nomi hamon avlodlariga muhrlanib kelayotgan boʻlsa kerak. Hozir chevaralaridan birining ismi Mahmudxoʻja Behbudiydir. 

Otaxon bilan gaplasharkanmiz, Behbudiyning evara, chevaralari katta bobolari istaganday ikki emas, toʻrt tilda bemalol soʻzlashayotganidan xursand boʻlamiz. Kichik Mahmudxoʻja esa katta bobosining izdoshi boʻlsa ne ajab?!

* * *

Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Respublika maʼnaviyat va maʼrifat kengashi yigʻilishida jadid bobolarimiz haqida alohida toʻxtalib oʻtdi: “Maʼrifatparvar ajdodlarimizning merosi bugun biz qurayotgan huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati uchun poydevor boʻlib xizmat qilishi tabiiy.

Bu kimgadir yoqadimi yoki yoʻqmi, xalqimiz jadid bobolarimiz koʻrsatib bergan yoʻldan ogʻishmay borishi kerak. Chunki ularning gʻoya va dasturlari Yangi Oʻzbekistonni barpo etish strategiyasi bilan har tomonlama uygʻun va hamohangdir”.

Maqolaga bundan ortiq xulosa boʻlmasa kerak.

Gulruh MO‘MINOVA,

Manba: “Jamiyat” gazetasi 25-yanvar 2024-yil, 4-son

Izoh qoldirish