178

Akademiya delegatsiyasi Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universitetida xizmat safarida bo‘ldilar

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uygʻun Gʻafurov boshchiligidagi delegatsiya Qozogʻiston Respublikasining Turkiston shahridagi Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universitetida xizmat safarida bo‘ldilar.

Dunyoning nufuzli universitetlari reytingi QS World University Rankingsda 781-790-o‘rinda turuvchi muassasaga tashrifda Akademiya rektori va delegatsiya aʼzolari – “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi mudiri Olim Astanakulov, “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi mudiri Roziya Matibayeva, “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy oʻrganish UNESCO” kafedrasi mudiri Mahfuza Alimova, “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi mudiri Zebo Kasimova va oʻqituvchilar – Gavhar Fuzailova hamda Yulduzxon Dosjanova ishtirok etdilar.

Dastlab Ilohiyot fakulteti dekani Dosay Kenjetayev va professor-oʻqituvchilari bilan davra suhbati tashkil etildi. Unda Akademiya rektori Uyg‘un Gʻafurov soʻzga chiqib, Oʻzbekiston va Qozogʻiston respublikalari oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar, soʻnggi yillarda har ikki davlatda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlar, turkiy xalqlarning mushtarak tarixi, milliy-madaniy oʻzlik asosidagi birlik va qardoshlik gʻoyasi, shu bilan birga, koʻp asrlik milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash, dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ajdodlarimizning bebaho merosini oʻrganish, uning asosida yoshlarni komil inson etib tarbiyalash, turkiy xalqlarga azal-azaldan xos boʻlgan maʼrifatparvarlik, bagʻrikenglik, mehr-muruvvat, bunyodkorlik kabi ezgu fazilatlar va qadriyatlarni keng targʻib qilish, jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlashda diniy-maʼrifiy sohada erishilgan natijalar haqida toʻxtaldi.

Kelgusida Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi xalqaro qozoq-turk universiteti bilan taʼlim va ilm-fan yoʻnalishida yaqindan hamkorlik qilish borasidagi maqsadlarini bildirdi. Maʼruzada Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyati va undagi taʼlim yoʻnalishlar va mutaxassisliklar, oʻquv, ilmiy, xalqaro miqyosda erishilgan yutuqlar borasida batafsil maʼlumot berildi.

Shundan soʻng Roziya Matibayeva 2019-yili Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi va al-Azhar universiteti oʻrtasida imzolangan anglashuv memorandumi asosida tashkil etilgan “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi faoliyati va mazkur kafedra asosida Filologiya va tillarni oʻqitish (arab tili) yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlanishi haqida ma’lumot berdi.

Shu bilan birga, “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy oʻrganish UNESCO” kafedrasi mudiri Mahfuza Alimova hamda “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi mudiri Zebo Kasimova kafedralar haqida ma’lumot berishdi.

Bundan tashqari, “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi mudiri Olim Astanakulov tomonidan “Oʻzbekistonning ziyorat turizm salohiyati va uni rivojlantirish” mavzusida maʼruza oʻqidi. Maʼruzada mamlakatimizda soʻnggi yillarda turizmni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar, turizm sektori rivojlanishining asosiy koʻrsatkichlari, turizm infratuzilmasini rivojlantirish yoʻnalishlari haqida maʼlumot berildi. 

Izoh qoldirish