204

Oʻzbekiston delegatsiyasi Turkiyadagi xalqaro ilmiy anjumanda qatnashdi

Istambul shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Paygʻambarimiz alayhissalom siyratlari va hadis ilmi tadqiqiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy anjuman boʻlib oʻtdi. 

Ushbu nufuzli tadbir doirasida Prezident Rejep Tayyip Erdogʻan ishtirokida Imom Termiziyning “Sunan” asarini xatm qilgan yosh olimlarga zamonamiz muhaddisi Shayx Muhammad Avvoma tomonidan maxsus ijozalar taqdim etildi.

Mazkur anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining din va millatlararo munosabatlar masalalari boʻyicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiqjon Toshboyev kabi bir qator vakillarimiz ishtirok etdi. 

Soʻzga chiqqan notiqlar tomonidan hadisi shariflarni zamonaviy talqinda sharhlash va bu orqali hozirgi murakkab davrda mafkuraviy tahdidlar hamda gʻoyaviy xurujlarga qarshi turishdagi amaliy jihatlarga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, hadislarning bugungi kundagi tarbiyaviy-ahloqiy tomonlariga ham katta urgʻu berildi.   

Fayzli marosimda “Dorul Hadis” rahbari, muhaddis Shayx Muhammad Avvoma hafizahulloh boshchiligidagi ulamolarning hadis ilmiga oid ilmiy loyihalari taqdimot qilindi. Shuningdek, Imom Termiziyning “Sunan” asarini tahqiq va tadqiq etish nihoyalangani, Imom Zarqoniyning alloma Qastaloniyning “Mavohibu Laduniya” asari sharhining tahqiqi boshlangani haqida maʼlumot berildi. Bundan tashqari, Hofiz Suyutiyning “Tadrib ar-Roviy” kitobini oʻqish va sharhlash boʻyicha xatmona darsi oʻtkazilib, maxsus ijozalar topshirildi.

Rejep Tayyip Erdogʻan marosimda soʻzga chiqib, Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam insonlarga eng goʻzal ibrat ekanlari, chiroyli xulqlari, Ul zotdan musulmon ummatiga Qurʼon va sunnat qolganini taʼkidlash barobarida Shayx Muhammad Avvoma hazratlari rahbarligida Imom Suyutiy, Imom Zarqoniy kabi muhaddislarning asarlari sharh qilingani hamda Imom Termiziyning “Sunan” asari tahqiq etilgani juda katta savobli ish boʻlganini qayd etdi.

Tadbirda Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi rahbari, professor Ali Erbosh, hadis olimlari, muftiylar, taniqli ulamolar, davlat va din arboblari ishtirok etdi.

Manba: Oʻzbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish