70

Ibodat – yaxshilik va mehr-saxovat ajridir

          MA’NAVIY TARAQQIYOT

Bismillahir Rohmanir Rohim! 

Bugun yurtimizda qaror topgan eʼtiqod erkinligi, moʻmin-musulmon xalqimizning emin-erkin ibodat qilishi uchun sharoitlar yaratib berilgani, ayniqsa, haj va umra amallarini ado etish uchun keng yoʻl ochilganini alohida eʼtirof etish lozim. Albatta, bundan aholimiz juda mamnun, ibodat va ziyoratlarda shukronalar keltirib, yurt rahbari va Vatanimiz haqqiga xayrli duolar qilmoqda.

Har bir moʻmin-musulmon kishi umri davomida bir marta boʻlsa-da, Kaʼbatullohni tavof qilishni, Arafotda turishni, Safo va Marva tepaliklarida yurishni orzu etadi. Zotan, ushbu amallar inson hayotini yaxshiliklar sari tubdan oʻzgartiradigan, bir soʻz bilan aytganda, jannat mukofoti vaʼda qilingan buyuk ibodatdir. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023-yil 22-dekabr kuni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishida juda koʻp muhim masalalar qatorida jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirishga qaratilgan muhim taklif va tashabbuslar ilgari surildi. 

“Maʼlumki, keyingi yillarda haj, umra ziyoratlariga keng yoʻl ochilyapti. Minglab fuqarolar mana shunday qutlugʻ ziyoratlarga borib kelayotganiga hammamiz guvohmiz. Bu borada ilgari ham aytgan bir fikrim ni takrorlamoqchiman: hajga, umraga borib kelgan har bir yurtdoshimiz maʼnaviyat targʻibotchisi boʻlishi, odamlarni yaxshilikka boshlashi kerak. Afsuski, hamma joyda ham shunday boʻlmayapti. Ziyorat bahona oʻzini koʻz-koʻz qilish, manmanlikka berilish kabi bizga yarashmaydigan xunuk holatlar koʻzga tashlanmoqda. Bular albatta barchamizni oʻylantirishi kerak”, deya taʼkidladi Prezidentimiz.

Afsuski, “Guruch kurmaksiz boʻlmaydi”, deganlaridek, yurtimizda hali-hanuz haj yoki umraga borib kelgan ayrim kishilar xoʻjakoʻrsinga ish tutib, haddidan oshayotgani, aqlga sigʻmaydigan allaqanday ishlarni oʻylab topib, uni ommaga namoyish qilish holatlari uchrab turibdi. 

Bu, oʻz navbatida, odamlar orasida ushbu muborak ibodatlarga nisbatan notoʻgʻri tushunchalar paydo boʻlishiga olib kelmoqda. Masalan, xonadonlarda ziyofatlar uyushtirish, sovgʻa-salom ulashish borasida haddan ortib ketilmoqda. Mana shunday paytlarda ham ilmsizlik – jaholat pand beryapti. Farzandlar ota-onasini umra safariga yuboradi va ularning qaytishini shunchalar dabdabaga aylantiradiki, bu manmanlikdan oʻzga narsa emas. 

Yana hojilarni qarindosh-urugʻ, qudalar tomonidan mehmonga chaqirishlar, ularga bosh-oyoq sarpolar qilinishi, oyoqlari ostiga qoʻylar soʻyilishi, bularni videotasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilishi – bu oqibati yaxshi boʻlmagan illatlardir. 

Haj va umra ziyorati, ibodatlari nasib qilgan inson u yerdan gunohlardan pok lanib qaytmogʻi kerak. Qaytgach, savob amallarini koʻpaytirish, gunoh ishlardan tiyilish harakatida boʻlmogʻi joiz. Ammo birga umra amallarini bajargan ayrim hojilar har oyda ziyofatlar uyushtirishni odat qilgan. Albatta, bunda ham ular kimoʻzarga musobaqa qilmoqda. Vaholanki, muqaddas dinimizda faqat xayrli ishlardagina musobaqalashish buyurilgan. 

Boz ustiga, bunday diydorlashuvlar maʼnaviy-maʼrifiy mavzulardagi suhbatlardan ancha yiroq boʻlmoqda. Aslini olganda, bu kabi isrof ziyofatlar oʻrniga mahalladagi, qarindosh-urugʻlar orasidagi kamxarj, bemor, moddiy koʻmakka muhtoj oilalarga qoʻldan kelgancha xayr-ehson qilmoq savob emasmi?! Bular koʻngilga gʻashlik, ogʻriq soladigan holatlardir. 

Islom taʼlimotida moʻmin-musulmonlar riyodan qatʼiy qaytariladi. Chunki riyo insonlar orasida ruhiy taʼsir, shon-shuhrat, moddiy foyda uchun qilinadi. Dunyoga oid bu kabi moddiy va maʼnaviy foydalarni qoʻlga kiritish uchun dinga boʻlgan hurmat va eʼtiborni suiisteʼmol qilish riyoning eng yomon shaklidir. 

Allohga va insonlarga qarshi oʻzini samimiy tutib, riyodan uzoq turish, iloji boʻlsa, ibodatlarni yashirin qilish, Allohning roziligini insonlarning maqtoviga, istagiga, qoʻrquviga qarshi tanlash har bir musulmonning tamoyili boʻlishi kerak. Shu maʼnoda, barcha ibodatlar, xususan, haj va umra xolis Alloh taolo uchungina qilinishi shart. Odamlar koʻrishi, riyo, sumʼa, ujb uchun qilingan ibodat moʻmin-musulmonning savob olishiga emas, aksincha, qattiq gunohkor boʻlishiga sabab boʻladi. 

Maʼlumki, haj islom dinining besh asosiy farzlaridan biridir. U – moliyaviy va jismoniy ibodat boʻlib, qodir boʻlgan moʻmin-musulmon kishi umrida bir marta ado etishi buyurilgan. Lugʻatda “haj” – “hurmatli narsaning ziyoratini qasd qilish”, shariatimizda esa “belgilangan joylarda, muayyan vaqtlarda maxsus amallarni bajarish”, deganidir. 

Hajning muayyan shartlari ham bor. Ushbu ibodatni bajarishni niyat qilgan kishining balogʻatga yetgan boʻlishi, aqli raso, sogʻlom, safar xarajatlariga qodir ekani, hajga borib kelguniga qadar oʻz qaramogʻidagilarni nafaqa bilan taʼminlab qoʻyishi shular jumlasidandir. Shuningdek, safar yoʻllari ochiq va bexatar boʻlishi ham shart qilinadi.

Quyidagi oyati karimada hajda kishi oʻzini qanday tutishi, qanday tayyorgarlik koʻrishi kerakligi zikr qilingan: “Haj (mavsumi uchun) maʼlum oylar (belgilangan). Bas, kim shu oylarda hajni oʻziga farz qilsa (hajni niyat qilsa), haj davomida xotiniga yaqinlashish, gunoh maʼsiyat va janjal (kabi ishlarga ruxsat) yoʻq. Har qanday yaxshi (savobli) ish qilsangiz, albatta, uni Alloh bilur. (Haj safariga) ozuqa olib chiqing. Eng yaxshi ozuqa taqvodir. Taqvoni Menga qilingiz (Mendan qoʻrqingiz), ey oqillar!” (Baqara surasi, 197-oyat).

Oyatning mazmuniga koʻra, hajga boruvchi kishi taqvo bilan ziynatlanib, bajarayotgan amallarini chiroyli ado etishga harakat qilishi kerak. Qolaversa, hajning sanoqli kunlarini oxirati uchun zaxira boʻladigan amallar bilan oʻtkazishga oshiqishi lozim. 

Hajning va umraning oʻziga xos mashaq qati va sarf-xarajatlari bor, ularning mukofoti ham shunga yarasha ulugʻdir. Bu haqda Rasululloh alayhissalom bunday deydilar: “Bir umra bilan (keyingi) umra – oradagi gunohlarga kafforatdir. Mabrur hajning mukofoti – faqat jannatdir”. 

Hadisi sharifda mukofoti faqat jannat boʻladigan mabrur haj haqida gap ketmoqda. Mazkur ibodat xolis niyat bilan, halol topilgan mol evaziga qilinadi. “Hajji mabrur”ga erishmoqchi boʻlgan kishi safarga ketishdan avval Alloh taolo oldidagi va bandalardan olgan qarzlarini ado qilishi, haj davomida esa uning shartlari va odoblariga qatʼiy rioya etishi kerak. Shuningdek, haj davrida behayo soʻzlarni aytmay, fisq-u fasod ishlarni qilmay yurish ham uning shartlaridandir. 

Ibodati qabul kishilar begunoh holda uyiga qaytadi. Paygʻambarimiz alayhissalomdan shunday rivoyat qilinadi: “Kim Alloh uchun haj qilsa, fahsh soʻz aytmasa va fisq-u fasod qilmasa, onasidan tugʻilgandek gunohlardan pok boʻlgan holda qaytadi” (Imom Buxoriy va Imom Ahmad rivoyati). 

Mazkur buyuk ibodatni bajarish hammaga ham nasib qilavermaydi. Shuning uchun bu ulugʻ safarni niyat qilgan yurtdoshlarimiz hajning mohiyatini yaxshi tushunib olishi, uni ado etish tartiblarini puxta oʻzlashtirishi, safar odoblariga qatʼiy rioya qilishi lozim. Zero, muborak safarda hojilarimiz butun xalqimiz va diyorimizning yuzi boʻladi.

Haj ziyoratiga otlangan kishilar zim malaridagi hajning farz, vojib va sunnat amallarini iloji boricha jamoat bilan, oʻz vaqtida ado etishga gʻayrat qilishi – muborak dinimiz koʻrsatmasi va shariatimiz talabidir. Koʻproq Qurʼon tilovati, nafl ibodatlar, zikr va istigʻfor aytish, yordamga muhtoj kishilarga koʻmak berish kabi savobli ishlarni qilishi zarur. 

Haj va umraga borib kelgan kishi odamlarni yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytarishi kerak. Bu Alloh taoloning amridir: “Sizlardan yaxshilikka daʼvat etadigan, amri maʼruf va nahyi munkar ishlarini olib boradigan (bir) ummat boʻlsin! Aynan ular (oxiratda) najot topuvchilardir” (Oli Imron surasi, 104- oyat). 

Prezidentimiz Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishida: “...Muhtaram ulamolarimiz, din peshvolarini inson qadrini ulugʻlash, tinchlik va bagʻrikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan islohotlarimizda faol boʻlishga, oʻzlarining maʼnaviy fazi latlari bilan boshqalarga oʻrnak koʻrsatishga chaqiraman”, deya ahli ilmlarga alohida ishonch bildirdi. 

Shundan kelib chiqib, biz, ahli ilmlar, din peshvolari Vatanimiz, millatimiz va dinimizga gʻayrat va shijoat bilan xizmat qilishimiz kerak. Xalq ichiga kirib, ularga yanada yaqin boʻlib, dinimizning sof taʼlimoti targʻibotini kuchaytirishimiz zarur. 

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, tabarruk joylarda gunohdan pok boʻlib, yurtimizga qaytgan vatandoshlarimiz ibratli fazilatlari, jamiyat hayotidagi faol ishtiroki bilan barchaga namuna boʻlib, oʻsib kelayotgan yosh avlodni vatanparvar, maʼnaviyatli, maʼrifatli, ota-onasiga, yurtiga xizmat qiladigan sodiq va solih farzandlar boʻlishiga oʻz hissasini qoʻshishi lozim. 

Shu bilan birga, yordamga muhtoj kishilar, kambagʻal, miskin va faqirlar holidan xabardor boʻlib, ularga quvonch ulashish, duolarini olishga harakat qilish qoʻllab-quvvatlangan amallardir. 

Zero, haj va umralarni ado etib kelgan hojining xayrli ishlarda bardavom boʻlishi uning ibodatlari qabul boʻlganini koʻrsatadi.

Jaloliddin domla HAMROQULOV,

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2024-yil 20-yanvar, 15-son

Izoh qoldirish