77

Turkiston jadidchilik harakati yetakchisining siymosiga nazar

19-YANVAR – MAHMUDXO‘JA BEHBUDIY TAVALLUD TOPGAN KUN

Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston jadidchilik harakatining yetakchisi, din va jamoat arbobi, mutafakkir alloma, pedagog, noshir, siyosiy arbob, publitsist, yozuvchi, o‘zbek dramaturgiyasi asoschisi hisoblanadi. 

Vatanni anglash, unga muhabbatni his qilish uchun tarixga nazar tashlamoq kerak. Alloma taʼbiri bilan aytganda, “Moziy – haqiqat tarozisidur”. Mustaqillik, xotirjamlik, farovonlikning qadriga yetish uchun bu kunlarga qanday yetilgani, qanchadan-qancha vatanparvar insonlarning shahid ketgani, erk va ozodlik yoʻlida cheksiz zahmat chekilganini bilmoq lozim. 

Mahmudxoʻja Behbudiy tomonidan aytilgan “Haq olinur, berilmas!” xitobi, Abdurauf Fitratning “Keling, birlashaylik, oramizdagi shaxsiy tortishmalar, sinfiy ayriliqlardan koʻz yumaylik!” kabi xalqni birlashtirish yoʻlida qilgan daʼvatlari, qaysidir maʼnoda, mustaqillikka erishishimizda muhim ahamiyat kasb etgan.

O‘zini Behbudiyning ma’naviy o‘g‘li deb bilgan samarqandlik jadid Vadud Mahmudning Mahmudxoʻja Behbudiy haqida qoldirgan fikri diqqatga sazovordir:

“Mahmudxoʻja Behbudiy kim edi... (Avval kim edi)? Mahmudxoʻja Behbudiy Turkiston degan oʻlkaning boshlig‘i edi. Mahmudxoʻja Turkistonning yoʻlboshchisi edi. Mahmudxoʻja oʻzining Turkiston bolasi ekanligini tushungan bir yigit edi. Shuning uchun u bizga, Turkistonga har narsa edi. Mahmudxoʻja Turkistonning yangilik davri tarixinda yorug‘ bir chiroq edi. Mahmudxoʻjaning oti Turkiston tarixida ziynatlik mumtoz oʻrun olishga munosib bir otdir”.

Mahmudxo‘ja Behbudiy 1875-yilning 19-yanvarida Samarqand yaqinidagi Baxshitepa qishlog‘ida dunyoga keldi. Behbudiy yoshligidan ilmga chanqoq bo‘lgani uchun tog‘asi Muhammad Siddiqdan o‘qib, savod chiqaradi. 15 yoshga kirganida yana bir tog‘asi Mulla Odildan arab tili grammatikasi, aqida va shariat qonunlari bo‘yicha bilimlarni o‘rganadi. 1893-yili onasi, 1894-yili esa otasi vafot etadi. Dastlab Samarqanda madrasasida keyin esa Buxoro madrasasida tahsil oldi. 

1903-yilda Halvoyi (S.Siddiqiy), Rajabamin (A.Shakuriy) qishloqlarida yangi maktablarni tashkil etadi. U yangi maktablar uchun 1904-yil “Risolayi asbobi savod”, 1905-yil “Risolayi jug‘rofiyayi umroniy”, 1905-yil “Risolayi jug‘rofiyayi Rusiy”, 1908-yil “Kitobtul atfol”, 1908-yil “Amaliyoti islom”, 1909-yil “Tarixi islom” nomli darsliklarni yozadi. Mahmudxo‘ja Behbudiy insonlarni faqatgina maktab yoki darslik orqali ma’rifatli qila olmasligini tushunib yetadi va 1911-yili “Padarkush” dramasini yozadi va qattiq qarshiliklarga qaramay uni 1913-yilda bosib chiqaradi. 

Asar 1914-yil ilk marotaba Samarqandda sahnaga qo‘yiladi. 1917-yil 16-23-aprelida Toshkentda bo‘lib o‘tgan musulmonlarining 150 vakili ishtirok etgan o‘lka qurultoyida nutq so‘zladi. 1919-yilning 25-martida Shahrisabzda qo‘lga olinib, sirli ravishda Qarshi shahrida qatl qilindi.

Xulosa qilib aytganda, yurtimizda asrlar davomida yuksalib, qadrlanib shakllangan milliy va diniy qadriyatlarimizni jamiyat ongiga singdirish orqali taʼlim tizimi, madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan Mahmudxoʻja Behbudiy kabi mutafakkirlarning hayoti va ijodini oʻrganish, ilmiy merosini tadqiq etish vositasida bugungi yoshlarni har tomonlama barkamol inson qilib tarbiyalash barqaror ijtimoiy-maʼnaviy muhitni taʼminlashning shartlaridan biri va ustuvor vazifalar qatoriga kiradi.

Shahlo MAKSUDOVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti

“Turizm (Ziyorat turizmi)” yo‘nalishi 2-bosqich talabasi

Izoh qoldirish