152

JICA mutaxassisi Mori Yasuyukining yillik hisoboti tinglandi

Bugun Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasiga Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vakillari tashrif buyurdi. 

Mazkur tashrif davomida JICA Volontyorlar Dasturi doirasida Akademiya taʼlim jarayoniga jalb qilingan yaponiyalik mutaxassis Mori Yasuyukining yillik hisoboti tinglandi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari” kafedrasi mudiri Qurbon Rahmonov, kafedra oʻqituvchisi Olim Dadamuxamedov hamda Xorijiy talabalar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi Navro‘zbek Abdullajonov, JICA tashkilotining Oʻzbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi rahbari, janob Bito Yoshibumi, Volontyorlar Dasturi koordinatorlari Nakayama Mayu, Ivata Shoichi hamda Odilxon Hasanov ishtirok etdi.

Suhbat avvalida Mori Yasuyuki oʻzining Akademiyada olib borgan faoliyati va kelgusidagi rejalari bilan tanishtirdi. Unga koʻra, Mori Yasuyuki 2022-yil noyabr oyida Akademiyada faoliyat yurita boshlagan hamda ushbu davrda talabalarga superkompyuter taqdimoti, Yaponiya ijtimoiy tarmoqlariga kirish, superkompyuterda maqola yaratish, Yaponiyaning soʻnggi sunʼiy intellekti misoli loyihasi, Linux operatsion tizimi amaliy mashgʻuloti, Linux operatsion tizimida Hacker texnologiyasi namoyishi boʻyicha maʼruzalar, Sunʼiy intellekt dasturlash boʻyicha toʻgarak tashkil etilganini aytib oʻtdi. Oʻtilgan darslarni talabalar katta qiziqish bilan tinglaganini taʼkidladi. 

Shuningdek, M.Yasuyuki 2024-yilga moʻljallangan rejalari bilan tanishtirdi.

Muloqot davomida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi “Zamonaviy AKT” kafedrasi mudiri Qurbon Rahmonov Akademiya taʼlim jarayonida Yaponiyaning rivojlangan tajribalari bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻlgani, volontyor mutaxassis bilan taʼminlashga koʻmaklashayotgani uchun JICA vakillariga oʻz tashakkurini bildirdi. 

Ivata Shoichi Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda JICA tashkiloti oʻrtasida hamkorlik aloqalarini mustahkam olib borilayotgani, shuningdek, volontyorlar uchun yetarli shart-sharoit yaratib berilayotgani va volontyorni har jabhada qoʻllab-quvvatlayotgani uchun Akademiya rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi. 

Muloqot yakunida JICA tashkilotining Oʻzbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi rahbari janob Bito Yoshibumi tashrifdan mamnun ekanini bildirib, oʻtgan hafta Toshkent shahrida Oʻzbekiston – Yaponiya biznes forumi tashkil etilgani, unda Oʻzbekiston IT sohasida koʻplab muhim natijalarga erishayotgani hamda bu yerda IT sohasini rivojlantirishda yoshlar uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlarni yuqori baholadi.

Shuningdek, Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi samarali hamkorliklar davom etishiga ishonch bildirdi.

Izoh qoldirish