Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uygʻun Gʻafurovning Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi
Qadrli hamkasblar!
Aziz talabalar!
Joriy yil Vatanimiz ozodligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayoti, sarhadlarimiz daxlsizligining mustahkam kafolati boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganiga 32 yil toʻldi.
Shu munosabat bilan, avvalo, Siz, azizlarni, sizlar orqali butun xalqimiz, xususan, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-oʻqituvchilari va xodimlarini Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ulugʻ muhaddis Imom Buxoriy hazratlaridan rivoyat qilinadi: “Ikki neʼmat borki, koʻpchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlik”.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida 12-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining Qurolli Kuchlar va harbiy-maʼmuriy sektorlarning 2023-yildagi faoliyati yakunlari va yaqin istiqbolga moʻljallangan vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Mazkur yigʻilishda “Bugungi kunda har birimiz amalda Vatan himoyachisi boʻlishimiz, yoshlarimizni ham shu ruhda kamol toptirishimiz zarur”, – dedi Prezidentimiz. Shuningdek, ushbu yigʻilishda harbiy xizmatchilar va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini takomillashtirish, milliy armiyamizni yanada rivojlantirish va mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, harbiy-maʼmuriy sektorlar va mudofaa sanoati faoliyati samaradorligini oshirish masalalari keng muhokama qilindi.
Darhaqiqat, asrlar davomida sarhadlarimizni mahf etish maqsadida koʻplab jangu jadallar boʻlib oʻtgan. Ammo mard, jasur, hurriyatini begona gʻanimlarga berishni istamagan ajdodlarimiz oʻz yurtlarini munosib himoya qilishgan. Ota-bobolardan meros qolgan zaminni sevish, xalq urf-odatlari, qadriyatlarini asrash, Vatanini himoya qilish, uning ozodligi va mustaqilligi uchun jonini ham ayamaslik biz uchun begona emas.
Qadrli talabalar!
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilgani hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni tom maʼnodagi umumxalq bayramiga, azaldan xalqimizga xos boʻlgan vatanparvarlik, mardlik va jasurlik kabi yuksak fazilatlar timsoliga aylanib bormoqda.
Jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikni, millatlararo totuvlikni asrash, yoshlarimizni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Quvonarlisi, jonajon yurtimizda yoshlar jismonan va maʼnan sogʻlom, Vatanga fidoyi va jonkuyar inson, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk sarkardalarimizga munosib avlod boʻlib ulgʻaymoqda.
Dunyoda kechayotgan turli diniy, irqiy, milliy nizolar, mafkuraviy kurashlar keskin tus olayotgan, axborot makonida turli xavf-xatar va tahdidlar tobora ortib borayotgan hozirgi sharoitda barchamiz doimiy ogoh va sezgir, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻlishimiz kerak. Zero, tinchlikni himoya qilish, mamlakatimizda maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, turli xil gʻoyaviy tahdidlarni oldini olishda Akademiyamiz ham oʻz oʻrniga ega. 2023-yil davomida respublikamizning barcha hududlarida mahallalar kesimida “Jaholatga qarshi maʼrifat” mavzusida uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etildi. Jumladan, hududlarda 4000 dan ortiq taʼlim muassasalarida hamda 1500 dan ortiq mahalalarda mazkur tadbirlar oʻtkazilgani fikrimizning isbotidir.
Quvonarlisi, bugun dunyoning olis va yaqin mintaqalarida murakkab mojaro va toʻqnashuvlar, turli ixtiloflar davom etayotgan bir paytda biz uchun ardoqli va aziz boʻlgan yurtimizda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash borasida tizimli va muhim islohotlar amalga oshirilmoqda.
Azizlar!
Soʻzim yakunida Siz, azizlarni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan yana bir bor chin yurakdan tabriklayman.
Sizlarga mustahkam sogʻliq, oilaviy baxt-saodat, tinchlik va farovonlik tilayman.
Munavvar va saodatli kunlarimizga koʻz tegmasin!
Izoh qoldirish