202

Vatanni sevish masʼuliyati

14-YANVAR – VATAN HIMOYACHILARI KUNI

Vatanni sevish masʼuliyati – inson tugʻilib, kindik qoni toʻkilgan yerni eʼzozlash, qadriga yetish, “ota makonim” va “ona diyorim” deb bilishi, uning har bir qarichini koʻz qorachigʻidek asrash, toki umri yakuniga qadar butun vujudi bilan qoʻriqlash, kerak boʻlsa, jonini berishdir. 

Shuning uchun tugʻilib oʻsgan zamin ona Vatan deb aytiladi. Uning nomi shoirning sheʼrini, yozuvchining asarini, sanʼatkorning ijod mahsulini bezaydi. Chin yurakdan aytilgan madhlar ijodkorni yuksaltiradi. Har birimizning qalbimizda “Yurtimni himoya qilaman!” degan sharafli vazifa tugʻyon urishi zarur. Mana shu masʼuliyatni his etish barchamizning burchimiz ekanini unutmasligimiz lozim. 

Vatanni sevish va uni himoya qilish nimalarda namoyon boʻladi degan-da, quyidagilarni keltirishimiz mumkin:

birinchidan, inson dunyoga kelib, ilk bor koʻzlari onasini koʻradi. Hatto onaning taftini va sevgisini uning vujudida murgʻakkinaligida his etadi. Tirik jon ekanmiz, Vatanni onamizni sevgandek sevaveramiz. Shuning uchun hamki inson Vatanni onaga qiyoslaydi. Onasining bagʻrida ulgʻayib, hayotning shirin va achchiq haqiqatlarini anglaydi. U dunyoni onasining koʻzlari bilan koʻradi, soʻzlari orqali Vatanni qanchalik muqaddasligini tushunadi. Demak, inson Vatanni onadek qadrlashi, sevishi, himoya qilishdek masʼuliyatni zimmasida ekanini anglashi zarur.

Ikkinchidan, inson ulgʻayar ekan, hayot ilmi bilan birga farovon turmush kechirish uchun bilimlarni egallay boshlaydi. Bu ilmlarni maktabgacha, maktab va oliy taʼlimda oʻzlashtiradi. Agar inson ilmni mukammal olib, uni hayotga tatbiq etsa, nafaqat atrofidagi jumlayi moʻmin, balki dunyo ommasi taniydi. Bejizga buyuk bobolarimiz ilmi bilan dunyo olimlarini lol qoldirmagan. Har birlarining ilmi bugungi kunimiz uchun ham necha asrlar oʻtsa ham dasturulamal boʻlmoqda. Ular uchun bugungi sharoitlar bormidi? Yoʻq, aslo. Bu bilan har bir vaqtni ilm olishga sarflash kerakligini anglash mumkin. Ilm olishga jiddu jahd qilmas ekanmiz, buyuk bobolarimiz Imom Buxoriy, Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Ahmad Fargʻoniy, Mirzo Ulugʻbeklarga munosib voris boʻla olmaymiz. Har bir oʻtayotgan umrimizning qimmatli vaqtlari behuda ketayotganiga ahamiyat berishimiz va uni bilim olishga qaratishimiz ham Vatanni sevish masʼuliyatidir. Davomidan farzandlarning ilmi uchun topgan sarmoyamizni eng katta qismini kiritishimiz zarur. Har bir oʻgʻil-qizimiz ilm-u tafakkuri bilan dunyo yoshlarini hayratlantirsin. 

Uchinchidan, umrimiz davomida olgan ilmlarimizni yoʻnalishiga qarab kasbiy faoliyatimiz boshlanadi. Agarki olgan ilmingiz sohasida faoliyat olib borsangiz, yillar davomida mazkur yoʻnalishning professionaliga aylanasiz. Bu oʻz kasbini sevish degani. Sevgan kasbida faoliyat olib borish insonga zavq-u shavq bagʻishlaydi. Kimki oʻz kasbining ustasi boʻlmas ekan, na Vatanni sevishni tushunadi, na hayoti goʻzal boʻladi. Hatto ana shu faoliyat olib borayotgan sohasi ham rivojlanmaydi. Shuning uchun inson kasbini sevishi, tinimsiz oʻz ustida ishlashi, amaliyot ilmlarini zamon talablariga mos xolda oʻzlashtirishi zarur. Bu ham oʻz kasbini sevish, fidoyi boʻlish, rivojlantirish – Vatanni sevishdir. Uning masʼuliyati olgan ilmlarini oʻzgalarga tarqatish va oʻrgatishdan iborat.

Toʻrtinchidan, oila – muqaddas qoʻrgʻon. Chunki unda oʻzimiz yashaymiz. Uni oʻrab turgan himoya devorlari mustahkamligi bilan nomini qoʻrgʻon deb ataladi. Uning ichida yashovchi aʼzolari yomonlardan va yovuz kuchlardan himoyalanadi. Uning egasi ham boshligʻi ham otamizdir. U bizni or-nomusi, gʻururi, vujudidagi joni bilan himoyalaydi. Shuning uchun oilamizning boshi va qoʻrgʻonning boshligʻi deb itoat qilamiz. Oilaning sir-asrorini saqlashga oʻrgatadigan ham otamizdir. Oila va roʻzgʻor ilmlarini koʻproq onadan oʻrganamiz. Chunki onamiz qoʻrgʻonni ichki muhitini sogʻlomlashtirishga masʼul hisoblanadi. Demak, oilaning sirini saqlab, uni devor tashqarisiga chiqarmaslik, uni himoya qilish – Vatanni sevish deyiladi. Xuddi oilani asragandek Vatanni asrash kerak. Oilamiz – kichik Vatanimiz.

Beshinchidan, inson bolasi oʻzidan zurriyot qoldirish uchun farzand koʻrishni niyat qiladi. Niyatlari ichida uning tarbiyasi mukammal boʻlishini, eng oliy yutuqlarga erishishini tez-tez aytib oʻtadi. Shundan boʻlsa kerak, amallarimiz niyatga bogʻliq, deb. Ota va onaning farzandiga bergan tarbiyasi ham vatanparvarlikdir. Orzusi farzand kamolini koʻrishdek baxtni his etish ham vatanni oldidagi masʼuliyat, aslida. Bir farzandga yaxshi tarbiya berib, iymon-eʼtiqodi mustahkam, ilmu tafakkuri yuksak xolda voyaga yetkazish ota-ona oldidagi oliy vazifa hisoblanadi. Aksi boʻlsa, oila, jamiyat va davlat uchun ham zarardir. Birgina “qayerda yashasam, ana shu joy “Vatan”” deguvchilarni soni ortishiga sabab boʻladi. Bejizga 2023-yil 22-dekabrdagi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi yigʻilishida davlatimiz rahbarining “Yosh avlodimiz tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob beryaptimi?”, degan savoli ham har bir ota-onani oʻylantiradi. Tarbiya borasida zamondan ortda qolib, kechikishlikning oqibatlari maʼnan yoʻqotishlarga olib keladi. Eng yaxshi tarbiya berishlik ham Vatanni sevishlikdir. Buni yaxshi anglagan inson farzand tarbiyasida eʼtiborsizlik qilmaydi. Uning kelajagi, tarbiyasi va ilmi uchun hech narsani ayamaydi. Vatanni sevishi farzandiga bergan tarbiyasidan maʼlumdir. 

Vatanni sevish masʼuliyati haqida yana koʻplab keltirishimiz mumkin. Shu oʻrinda 2022-yil 22-avgustdagi Prezidentimizning tadbirkorlar bilan uchrashuvida bir ishtirokchining “Hayot formulangizning siri nimada, bunchalik energiyani qayerdan olasiz?”, degan savoliga davlatimiz rahbarining “Bunda sir yoʻq. Vatanni sevish kerak!”, deganlari yodga tushadi. Haqiqatan, Vatanni sevgan inson kuchli boʻladi. Chunki uning zimmasida Vatan oldidagi burchlari eng ustuvor vazifaligini yaxshi anglaydi. Najmiddin Kubroning jasoratini tarixdan yaxshi taniymiz. Hamon bu buyuk qahramonlik tildan tushmagan. U hanuzgacha xalqimizni vatanparvarlikka, qahramonlikka chorlayveradi. Yurt bayrogʻini yov qoʻliga topshirishni istamagan Najmiddin Kubro uni qoʻlida mahkam tutgancha jon beradi. Dushman harchand urinmasin, uning qoʻlidan bayroqni tortib ololmay, panjalari bilan kesib olgan edi. Aslida, Vatan bayrogʻini koʻzga surtish, uni toʻtiyo qilish Vatanni sevish, uning uchun jonini fido qilishga tayyor boʻlish deganidir.

Yana bir masala: Vatan tanlanmaydi. Qayerda tugʻilish – Allohning sizga inʼomi. Vatan sevgisining ham oʻlchovi yoʻq. Uning kami yoki ortigʻi, turi va darajasi boʻlmagan. Vatanni sevish – insonning fitratidagi tuygʻu boʻlib, uni hech kim tortib olishga qodir emas. Uni qadrlashga oʻrgatish, tinchligini soʻrash masʼuliyati yoshi ulugʻ keksalar zimmasiga yuklangan. Ularning nasihatlarida qadr qilishdan boshlanadi. Duoga qoʻl ochishar ekan, yurt tinchligini soʻrash odatga aylangan. Tinch yurtga islohotlar amalga oshirish yarashadi. 

Muxtasar aytganda, yurtimiz tinchligini saqlovchi vatan himoyachilarining qalbi va vujudi bizni va mamlakatni yovuzlardan asrashga qaratilgan. Ularning kun-u tun xizmatga shayligi Vatanga boʻlgan sevgi va sadoqatidandir. Masʼuliyatni anglaganidan jonini yurt uchun fido qilmoqda. Uni asrash nafaqat Vatan himoyachilarning vazifasi, balki hammamizning burchimizdir. 

Vatanni sevish masʼuliyati doim qalbimizda va amalimizda boʻlsin!

Munira Qahhorova,

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi

Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi boshligʻi

Izoh qoldirish