Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-oʻqituvchilari, talaba-yoshlari va xodimlariga YANGI YIL TABRIGI
Qadrli hamkasblar, aziz talaba-yoshlar!
2023-yil ham nihoyalanib, yangi – 2024-yilni yangi reja va maqsadlar, ezgu niyatlar bilan kutib olmoqdamiz.
Shu fursatdan foydalanib, Siz, azizlarni, Akademiya jamoasini, ilmga chanqoq talaba-yoshlarni kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.
Yangi yil ostonasida turib, oʻtayotgan yilni sarhisob qilish, erishilgan yutuq va zafarlar bilan faxrlangan holda, kelgusi yil rejalarini tuzish, maqsad va vazifalarni belgilash juda muhim ahamiyatga ega.
Azizlar!
Xabaringiz bor, 22-dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishi boʻldi. Unda davlatimiz rahbari “Mamlakatimiz oʻz taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi Gʻarb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur”, deb taʼkidlab, oldimizdagi muhim vazifalarni koʻrsatib berdilar. Bu – Yangi Oʻzbekistonda yosh avlod kamoloti, ularning dunyoda raqobatbardosh mutaxassis-kadrlar boʻlib, jamiyatda oʻz munosib oʻrniga ega boʻlishi uchun butun eʼtibor qaratishini bildirdi.
Bu borada xalqaro miqyosda ham oʻz nufuziga ega boʻlib borayotgan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-oʻqituvchilari, ahil jamoasi, talaba-yoshlarining ham birdam va faolligi, dunyoga islom dini maʼrifati va ulugʻ allomalarimiz ilmiy-maʼnaviy merosini namoyon etishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Yakunlanayotgan yilni sarhisob qilsak, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatida ulkan yutuqlar va ijobiy oʻzgarishlar koʻp boʻlgani eʼtirofga sazovor. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan respublikamiz oliy taʼlim muassasalarining 2022-yildagi faoliyati natijalari boʻyicha Milliy reytingida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Ijtimoiy-gumanitar soha boʻyicha oliy taʼlim muassasalari reytingida esa 59,74 ball bilan 1-oʻrinni egalladi. Taʼkidlash kerak, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi oʻtgan yili ushbu soha reytingida 55,95 ball bilan respublikada 4-oʻrinda qayd etilgan edi.
Shuningdek, oʻtgan yili Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarining ilmiy salohiyati 66,5 foizni tashkil etib, reytingda 1-oʻringa koʻtarilgan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkich 70,74 foizni tashkil etib, ilmiy mavqeyimizni yanada mustahkamlangani keng jamoatchilik eʼtirofiga sazovor boʻldi. Akademik litseylar reytingida ham Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi akademik litseyi 28,83 foiz koʻrsatkichni qayd etib, ijobiy siljishga erishdi.
Albatta, mazkur muvaffaqiyatlar jamoamizning ulkan mehnati, ilm-maʼrifat tarqatish yoʻlidagi sobit matonati va doimiy izlanishlari mevasidir!
Yana bir xushxabar barchamizga faxr ulashdi. Yaʼni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolarini tasdiqlash toʻgʻrisida” Farmoni asosida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi professori, ustozimiz – Nurislom Tuxliyev Akademik ilmiy unvoniga sazovor boʻldi. Bu bilan taʼlim muassasamiz ilmiy tarixida yangi sahifa ochilganidan dalolatdir.
Albatta, 2023/2024-oʻquv yili uchun respublika oliy taʼlim muassasalari bakalavriat bosqichi bir guruh talabalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomdor davlat stipendiyalariga sazovor boʻlgani ham katta yutuqlarimizdan hisoblanadi. Xususan, Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti 4-bosqich talabasi Kamola Yusupovaning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasiga, Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti 3-bosqich talabasi Eleonora Keldiyorova, Islomshunoslik fakulteti 3-bosqich talabasi Zebuniso Hashimxanova, Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti 4-bosqich talabasi Kamola Esanova Imom al-Buxoriy nomli davlat stipendiyasiga hamda Islomshunoslik fakulteti 3-bosqich talabasi Dinora Eshboyevani Islom Karimov nomli davlat stipendiyasiga sazovor boʻlgani bilan chin qalbdan muborakbod etamiz!
Aziz talaba-yoshlar!
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-oʻqituvchilari va jamoasi Sizlarning intellektual bilim va mutaxassislik kasblarini chuqur egallashingiz hamda kelgusida Yangi Oʻzbekistonning rivojiga oʻzining munosib hissasini qoʻshadigan, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega, mamlakat kelajagi uchun masʼuliyatli kadrlar boʻlib kamol topishingiz uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishni doimo ustuvor vazifa deb biladi.
Oʻz navbatida aziz talaba-yoshlarimiz, Yangi yilni xursandchilikda kutib olgan holda, qishki taʼtil davrini ham ibratli, ezgu amallar bilan oʻtkazib, ota-onangiz, yaqin doʻst-qarindoshlaringizga shodlik va quvonch ulashib, Akademiyangiz, ustozlaringiz bagʻriga ilmga shijoatingiz yanada ziyoda, kuch-qudratga toʻla ishtiyoq ila kelishingizga ishonamiz.
Soʻzim yakunida yana bir bor barchani, shu jumladan butun xalqimizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlarga fayz-baraka, tinchlik-xotirjamlik tilayman!
Goʻzal va betakror yurtimizda tinchlik-osoyishtalik hukm surib, bagʻrikeng xalqimiz hamisha omon boʻlsin!
Yangi yil barchamizga muborak boʻlsin!
Uygʻun GʻAFUROV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori
Izoh qoldirish