Ilmdan o‘zga najot yo‘q
MULOHAZA
Tahlillar koʻrsatmoqdaki, taraqqiy etgan davlatlar rivojlanmagan yo rivojlanayotgan mamlakatlarda mutlaqo yoki yetarli ahamiyat berilmayotgan ijtimoiy-gumanitar va teologik fanlar taraqqiyotiga ulkan sarmoya kiritib, qattiq qoʻllab-quvvatlaydi. Bunday davlatlar siyosiy, sotsiologik, teologik, psixologik, axborot yoʻnalishi sohalaridagi turli-tuman eksperimentlarga ham jiddiy yondashadi.
Axborotni maqsadli tarqatish, bir yoqlama talqin etish, oʻz foydasiga boshqarish, jamoatchilik fikrini oʻzi istagan maqsad yoʻlida shakllantirish borasida taraqqiy etgan davlatlarning yaqqol ustunligi seziladi.
Afsuski, bu ustunlik muntazam boʻlmasa-da, vaqti-vaqti bilan puxta niqoblangan istilochilik harakatlariga ham xizmat qilmoqda. Soʻnggi oʻttiz yil mobaynida dunyoda sodir boʻlgan ijtimoiy-siyosiy voqelikdan xabardor kishi bu soʻzga isbot talab qilmaydi. Negaki, yadroviy, kimyoviy, biologik turdagi ommaviy qirgʻin qurollarini qoʻllashi ehtimoli yuqori, inson huquqlarini chidab boʻlmas darajada toptayapti deb hisoblangan, soʻz erkinligi, demokratik tamoyillar oyoqosti qilinayotgani, irqiy ayirmachilik yoki millatchilikning oʻta radikal koʻrinishlari kuzatilayotgani haqidagi daʼvolar bilan vayron etilgan, millionlab kishilari qochqinga aylantirilgan davlatlar taqdirining oʻzi bunga misoldir.
Sogʻlom fikrli har bir kishi bilishi va aslo unutmasligi lozim boʻlgan achchiq bir haqiqat bor: bugun aksariyat yurtlarda bevosita faoliyat yuritayotgan diniy daʼvatchilar, onlayn voizlar, xalifalik yaratishga chaqirayotgan “din peshvolari”, bir millatni butun boshli mamlakatning hududiy yaxlitligini buzib boʻlsa-da, alohida ajrab chiqishga undayotgan soxta millatparvarlarning asl maqsadi tajovuzkorlik, istilochilik, talonchilikdan boshqa narsa emas.
Mana shu haqiqatni anglagan kishi esa oʻz vatani va xalqi uchun bugun ilmdan oʻzga najot yoʻqligini ham eʼtirof etadi. Aslida, ilm bashariyat uchun hamisha najot manbayi boʻlgan. Shu bois, oʻzbek xalqining ulugʻ allomalari, jahon tarixida yorqin iz qoldirgan mutafakkir olimlar, dunyodagi barcha dinlar ilmga daʼvat etadi.
Bugun yurtimizda ilm-fan rivojiga alohida eʼtibor qaratilayotgani, buning uchun katta resurslar safar bar etilayotgani sababi ham shunda. Bu saʼy-harakatlar yangi Oʻzbekiston fenomeni oʻlaroq tarixga muhrlanmoqda. Zero, najot qutbi, shubhasiz, ilm!
Oʻtgan asrdan boshlab siyosiy-mafkuraviy mavzulardagi maʼruza va tahlillarda “sotsialistik va kapitalistik qutblar” atamasini qoʻllash urfga kirgan. Bu atamalar siyosat, jamiyatshunoslik, falsafa, mafkura, maʼnaviyat va tarix ilmida hamon qoʻllanilmoqda. Ammo bugungi dunyoning siyosiy-mafkuraviy, diniy-aqidaviy manzarasini tahlil qilib aytish mumkinki, insoniyat hozir sotsialistik yoki kapitalistik qutblar emas, balki jaholat va maʼrifat qutbi atrofida jamlanmoqda.
Yangi Oʻzbekiston, shubhasiz, ilm-u maʼrifat qutbini tanladi. Bu tanlov mamlakatning har bir kishisi, ayniqsa, yoshlari oldiga ulkan vazifa va masʼuliyat qoʻyadi. Oʻzini shu yurt aʼzosi deb hisoblagan har bir vatandoshimizning burchi tanlangan bu qutbning fidoyisi boʻlish, shu tariqa davlatimiz barqarorligi, mustaqilligi va kelajagini mustahkamlashdir.
Mamlakatning ziyoli qatlami, oʻqituvchi va murabbiylari, mafkurachi va targʻibotchilari, umuman, har bir kishi buni hayot haqiqati sifatida qabul qilib, jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan ajdodlarimiz shijoati, qatʼiyati, boy ilmiy merosini puxta oʻrgangan holda yoshlar tarbiyasi, taʼlimi, eʼtiqodi borasida kurash boshlashi kerak. Ularni istilochi davlatlarning loyihalari oʻlaroq jamiyatlar ichiga kirib kelgan “ommaviy madaniyat”, radikalizm va ekstremizm xavfidan asrashda aslo sustkashlikka, loqayd qarash va koʻnikmalarga yoʻl qoʻymaslik ham farz, ham qarzdir. Shu maʼnoda, Prezidentimiz “Jaholatga qarshi – maʼrifat”ni qurol qilgan ajdodlarimizdan bizgacha yetib kelgan boy maʼnaviy meros oʻziga xos najot qalʼasi, himoya qoʻrgʻoni vazifasini oʻtaydi”, deganda ming karra haq edi.
Ushbu mulohazalardan xulosa qilib aytadigan boʻlsak, biz intilayotgan qutb maʼrifat ekan, yoshlar taʼlim va tarbiyasiga masʼullarning vazifasi bitta. U ham boʻlsa, shogirdlarida ilm-u hunarga intilishni ragʻbatlantirish va ularni radikal qarashlardan asrash.
Habibulla SADIBAQOSEV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti dekani,
siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori,
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 30-dekabr, 272-son
Izoh qoldirish