Akademiya Kengashi majlisi: sarhisob, yutuq va kamchiliklar, istiqboldagi vazifalar
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Akademiya kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Akademiya rahbariyati, Kengash a’zolari, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar ishtirok etishdi.
Majlisni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, Kengash raisi Uyg‘un G‘afurov olib bordi.
Akademiya Kengashi yig‘ilishida 2023-yilda bajarilgan ishlar, mavjud yutuq va kamchiliklar, muassasa oldida turgan muhim va dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Unda soha mutasaddilari o‘zlarining vazifalariga doir ishlar haqida ma’lumot berib, kelgusidagi vazifalarni belgilab olishdi.
Akademiya rektori Uyg‘un G‘afurov so‘zining avvalida barchani kirib kelayotgan yangi yil bilan tabrikladi. Tinchlik-xotirjamlik, oilaviy totuvlik, kasbiy barkamollik, sihat-salomatlik tiladi.
Shu bilan birga, yangi yilda bu boradagi ishlarni yanada kuchaytirish, talabalarga o‘z sohasining yetuk, raqobatbardosh mutaxassis kadri bo‘lib yetishishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berish uchun ustuvor vazifa bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.
Akademiya rektori o‘z nutqida navbatdagi majlis ham amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, yutuq va kamchiliklarni muhokama etishda muhim ekanini ta’kidladi.
Dastlab Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan Akademiyaning bir guruh professor-o‘qituvchilariga ilmiy darajalari berilgan diplomlar tantanali tarzda topshirildi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, Ilmiy darajalar beruvchi Kengash raisi Davronbek Maxsudov Akademiya huzuridagi fan doktori ilmiy darajalar beruvchi DSc.35/30.12.2019. Isl/Tar/F.57.01 raqamli kengash faoliyati tahlili to‘g‘risida so‘z yuritdi.
Akademiya prorektorlari “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” Davlat dasturi ijrosi yuzasidan Akademiyada amalga oshirilgan vazifalar to‘g‘risida ma’lumot berishdi.
Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomovning Akademiyada doktorantura, maqsadli doktorantura, tayanch doktorantura, maqsadli tayanch doktorantura va stajor -tadqiqotchilikka qabul jarayonlarining shaffofligi, doktorantlar bilan ishlashning samaradorligini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar xususidagi hisoboti tinglandi.
O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev esa 2022-2023 o‘quv yilida akademiyani bitirgan yosh mutaxassislarni ish joylariga taqsimoti va ular (bakalavr, magistr) bilan hamkorlik aloqalari tahlili (fakultetlar kesimida) haqida ma’lumot berdi.
Majlis davomida Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Ilhom Berdiyarov O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi reytingini ko‘tarish, xalqaro reyting tizimlarida indeksatsiya qilish va reytingga oid ma’lumotlarni to‘plash, qayta ishlash holati to‘g‘risida so‘z yuritdi.
Shundan so‘ng turli masalalar – Akademiya professor-o‘qituvchilarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK)ga ilmiy unvonga taqdim etish hamda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi akademik litseyi iqtidorli oʻquvchilarini “Rektor stipendiyasi” bilan taqdirlash kabi masalalar muhokama etildi.
Kengashda sohadagi shu kabi yutuqlar e’tirof etilgan holda, diniy-ma’rifiy sohada bajarilishi zarur bo‘lgan galdagi vazifalar va mavjud muammolar ham tahlil qilindi.
Yig‘ilish yakunida muhim vazifalar belgilab olindi. Yana bir bor barchaga kirib kelayotgan yangi yil barakotli kelishi tilandi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish