175

Akademiya Ma’naviyat va ma’rifat kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida rektor Uyg‘un G‘afurov boshchiligida Ma’naviyat va ma’rifat kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Akademiya rahbariyati, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari va bo‘lim boshliqlari ishtirok etishdi.

Xabaringiz bor, joriy yilning 22-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi.

Akademiya rektori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 22-dekabrdagi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi yigʻilishidagi maʼruzasining mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritdi.

Davlatimiz rahbari boshchiligida o‘tkazilgan mazkur yig‘ilishda bugun jahon miqyosida taraqqiyot sur’atlari shiddatli tus olgani, o‘ta ziddiyatli jarayonlarning ta’siri mamlakatimizda ham sezilayotgani qayd etilib, bu boradagi vazifalar belgilab olingani haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, so‘nggi yillarda ma’naviy-ma’rifiy sohalarda katta ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Chindan ham, bugun dunyoda keskin kurash va raqobat hukm surib, manfaatlar to‘qnashuvi kuchaymoqda. Globallashuv jarayonlari insoniyat uchun beqiyos yangi imkoniyatlar bilan birga kutilmagan muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Milliy o‘zlik va ma’naviy qadriyatlarga qarshi tahdid va xatarlar tobora ortib borayotir. Dunyodagi keskin mafkuraviy oʻzgarishlar, radikal, agressiv oqimlar kuchayib borishi, yon-atrofimizda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalar barchamizni tashvish va xavotirga solmasdan qoʻymaydi. Bugun ular o‘z niyatlarini tobora oshkor etmoqda, vayronkor, buzgʻunchi gʻoyalari bilan qanchadan-qancha yoshlarni toʻgʻri yoʻldan adashtirmoqda. 

Akademiya rektori loqaydlik va beparvolik eng katta xavf ekanini, bugun uchrayotgan ijtimoiy muammolarni kamaytirish uchun Akademiya vakillarining nazorati yetishmayotganini ta’kidladi. Ma’naviy va ma’rifiy ishlarni yangi bosqichga olib chiqish kerakligini qayd etdi.

Shundan so‘ng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maʼnaviy-maʼrifiy sohaga oid qaror va farmonlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmonlari va farmoyishlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar ijrosini taʼminlanishi yuzasidan tahlili haqida Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov ma’lumot berdi. 

Fakultetlar, kafedralarda maʼnaviy-maʼrifiy rejalarning bajarilishini tahliliy oʻrganish va xolati yuzasidan fakultet dekanlarining hisoboti tinglandi.

Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi boshligʻi Munira Qahhorova Akademiya Maʼnaviyat va maʼrifat Kengashining 2024-yil uchun ish rejasini taqdim etdi. 

Talabalarni boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish va toʻgaraklar faoliyati yuzasidan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Akademiya boshlangʻich tashkiloti Abduvahob Toʻxtanazarovning hisoboti tinglandi. 

Talabalarning ijtimoiy faolligi, mavjud muammo va yechimini kutayotgan masalalar va ularni hal etish, ijtimoiy-maʼnaviy muhitga salbiy taʼsir oʻtkazayotgan omillarni aniqlash va bartaraf etish maqsadida talaba-yoshlar oʻrtasida oʻtkazilgan psixologik anonim soʻrovnoma natijalari haqida ma’lumotlar berildi.

Yoshlarni vatanparvarlik, milliy iftixor ruhida tarbiyalash, muomala madaniyatini yanada shakllantirish kerakligi qayd etildi.

Yig‘ilish davomida muassasa oldida turgan muhim va dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinib, yechimini kutayotgan holatlar bartaraf etilishi hamda kelgusi vazifalar belgilab olindi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish