Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Rahbar va yoshlar” ochiq muloqoti boʻlib oʻtdi
Bugun Akademiyaning katta majlislar zalida Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi raisi Sodiq Toshboyev bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi yoshlari, Din ishlari boʻyicha qoʻmita hamda Toshkent islom institutidan taklif etilgan mehmonlar qatnashdilar. Davra suhbatini Akademiya rektori Uygʻun Gʻafurov olib bordi.
Ushbu tadbirda diniy-maʼrifiy sohadagi faoliyat, yoshlarning dinni ilm sifatida oʻzlashtirishlari va mazkur yoʻnalishda erishilayotgan yutuqlar, shuningdek, eʼtiborga molik jihatlar muhokama qilindi.
Qoʻmita raisi S.Toshboyev talaba yoshlarga murojaat qilar ekan: “Akademiya binosiga kirar ekanman, oʻqituvchilar, talabalar, umumiy jarayonlarni kuzatib, beixtiyor, talabalik yillarim, ustozlarim, dars jarayonlari, barcha barchasi xotiramda qayta gavdalandi. Bugungi uchrashuv sabab – oʻzim ham yana bir bor talabalik yillarimga qaytdim. Menga yoshlik xotiralarimni, talabalik yillarimdagi sogʻinchni tortiq etganingiz uchun sizlarga katta rahmat aytaman!”, – dedi.
Ochiq muloqotda Qoʻmita raisi diniy-maʼrifiy sohadagi yoshlarning taʼlim va taraqqiyotga intilishini qoʻllab-quvvatlash, keng fikr va dunyoqarashga ega kadrlar sifatida kamol topishini taʼminlash maqsadida quyidagi tashabbuslarni ilgari surildi:
Oʻzbekistonning ziyorat turizmi salohiyatidan unumli foydalangan holda, aʼlochi va faol talabalar uchun 2024-yil noyabrda “Xalqaro Ziyorat turizmi haftaligi” doirasida Samarqand va Buxoro viloyatlariga ziyorat turlari uyushtirish;
2023/2024-oʻquv yili yakuniga qadar Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy taʼlim muassasalarining Axborot-resurs markaziga Din ishlari boʻyicha qoʻmita tomonidan mutaxassislik, diniy-maʼrifiy va badiiy kitoblar jamlanmasi taqdim etib boriladi;
Respublikada ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirishga qaratilgan targʻibot tadbirlarida faol boʻlgan, yod gʻoyalarga qarshi kurashishning ilmiy-maʼrifiy uslublarini ishlab chiqishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot olib borayotgan yosh tadqiqotchilar 2024-yildan boshlab “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanadi.
Ochiq muloqotda qizgʻin savol-javoblar orqali fikrlar almashinildi. Qoʻmita raisi topshirigʻiga koʻra, yoshlar tomonidan berilgan savol va takliflar asosida maxsus “yoʻl xarita” ishlab chiqilishi belgilandi.
Izoh qoldirish