Hilola Umarova: “O‘quvchilarimiz intellektual salohiyatda hech bir mamlakat yoshlaridan qolishmaydi!”
INTERVYU
Yangi Oʻzbekistonda bugun yosh avlod kamoloti, ularning istiqbolli kelajagi yoʻlida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. “Yangi Oʻzbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi” degan ezgu gʻoya bugun har bir oʻqituvchi-muallim, ota-ona va jamiyat hayotida oʻz isbotini topmoqda.
“Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deya nom berilgan 2023-yil ham poyoniga yetmoqda. Albatta, Yangi yil arafasida har kim ortda qolayotgan davr sarhisobini qilishga chogʻlanishi tabiiy. Zotan, yil avvalida belgilangan vazifalar ijrosining roʻyobi yangi maqsad va marralarni bajarishga kuch bergani holda, ayrim duch kelgan muammolar yangicha yondashuvlarni rejalashni taqozo qiladi.
Shunga koʻra, biz Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola UMAROVA bilan uzluksiz taʼlimning eng masʼuliyatli va murakkab, shu bilan birga, qamrovi keng boʻgʻini boʻlgan – maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda kelgusi vazifalar xususida suhbatlashdik.
– 2023-yil “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” sifatida tarix zarvaraqlariga muhrlanmoqda. Albatta, yilning alohida nomlanishi bilan qabul qilingan Davlat dasturi ushbu sohalar rivojiga turtki berishi shubhasiz. Ayting-chi, joriy yilda yosh avlodning sifatli taʼlim-tarbiya olishi borasida qanday yangilik va yutuqlarga erishilmoqda?
– Darhaqiqat, maktabgacha va maktab taʼlimi – uzluksiz taʼlim tizimining eng masʼuliyatli va murakkab boʻgʻini hisoblanadi. Zero, dunyoni anglashni boshlagan uch yoshli murgʻak bolaning yetuk va barkamol shaxs boʻlib kamol topishi uchun salkam oʻn besh yil vaqt lozim. Bu – aytishga oson muddat. Ammo ushbu davr mobaynida birgina farzandning jismonan sogʻlom, intellektual yetuk, maʼnan barkamol ulgʻayishi uchun nafaqat ota-ona va ustoz-muallim, balki butun jamiyatning eʼtibori, mehnati va albatta, sarmoyasi talab etiladi. Shu bois, bu yilda sohada erishilgan muvaffaqiyat va mavjud muammolarni faqat shu davrga nisbatan olish, menimcha, xato boʻladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yangi Oʻzbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi” degan gʻoyasi islohotlarimiz oʻzagi boʻlib turibdi. Joriy yilning “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deya nomlanishi ham bejiz emas, albatta. Binobarin, farzand, eng avvalo, oilada tarbiya topadi. Shu bois, davlatimiz tomonidan har bir insonning qadr-qimmatini muhofazalash, uning munosib hayot kechirishi va mehnat qilishi uchun zarur ijtimoiy-huquqiy kafolatlarni taʼminlashga ustuvor eʼtibor qaratailyotgani dunyo hamjamiyati tomonidan ham yuksak baholanmoqda.
Shunga munosib tarzda soʻnggi yillarda, eng avvalo, maktabgacha taʼlim-tarbiya tizimini mutlaqo yangidan bunyod etishga ustuvor ahamiyat qaratilyapti. Binobarin, olamni anglash uchun hayrat va zavq bilan tetapoya qilayotgan bolaga zamonaviy shart-sharoit va mahoratli murabbiy-pedagoglar koʻmagida ilmiy asosda taʼlim-tarbiya berish qanchalik erta boshlansa, shunchalik Afzal ekanini ulugʻ mutafakkirlarimiz koʻp bora taʼkidlagan. Shu bois, keyingi besh-olti yilda respublikamizda maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 33 ming 942 taga yetdi. Bu bilan 3-7 yoshli bolalarning maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish koʻrsatkichi 28 foizdan 74 foizga hamda 6 yoshli bolalarning maktabga tayyorlov qamrovi 93 foizga oʻsdi.
Bugun yirik shaharlarimizdan tortib, chekka tumanlar, qishloq va ovullarimizda ham yangi-yangi zamonaviy bolalar bogʻchalari barpo etilyapti. Birgina joriy yilning oʻzida davlat-xususiy sherikligi asosida 7100 oʻringa ega 71 ta xususiy hamda 116 ming 998 oʻrinli 4402 ta oilaviy nodavlat bolalar bogʻchasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, 26 ming 890 oʻringa ega boʻlgan 168 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida bunyodkorlik ishlari bajarildi. Shundan 53 tasi yangi qurildi.
Necha oʻn yillardan buyon farzandu nabiralarining baxtli bolaligini orzu qilib yurgan yurtdoshlarimiz quvonchini tasavvur qilsangiz, ushbu ezgu ishlar koʻlamini toʻliq his qilishingiz shubhasiz.
Bundan tashqari, soʻnggi yillarda maktab taʼlimida asrlar davomida yigʻilib, hatto oʻz davrida jadid bobolarimizni ham tashvishga solgan keskin muammolarga oqilona yechim topilmoqda. Oʻtgan besh-olti yilda respublikamizning barcha hududlarida yuzlab zamonaviy maktablar barpo etildi. Butunlay yangi nom va mavqedagi Prezident maktablari, ijod maktablari faoliyat boshladi, ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻi muttasil kengayib bormoqda. Taʼlim sifatini xalqaro standartlarga moslashtirish borasida yangi mazmun-mundarijadagi darslik va oʻquv qoʻllanmalari yaratishga kirishildi.
Ayniqsa, yaqin-yaqingacha oʻqituvchi-muallimlar, hatto oʻquvchilar toʻrt oylab paxta yigʻim-terimi, chopiq va yagana kabi dala yumushlariyu obodonlashtirish ishlaridan ozod qilingani xalqaro mehnat tashkilotlari eʼtirofiga sazovor boʻlganini taʼkidlash joiz.
Oʻqituvchi va murabbiylarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, malakasini oshirish, munosib ish haqi toʻlash hamda ragʻbatlantirish tizimida ham ochiq va shaffoflikni taʼminlashga ustuvor eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, uzoq yillar davomida eʼtibordan chetda qolib kelgan olis hududlardagi maktablarga borib, fidokorona mehnat qilayotgan, oʻquvchilarning sifatli taʼlim olishini muqaddas burchi deb bilgan jonkuyar muallimlar mehnatiga maxsus qoʻshimcha toʻlov joriy etilgani holda, bilim va mahorati Milliy va xalqaro sertifikatlar bilan tasdiqlangan ona tili va adabiyot, xorijiy tillar, matematika, kimyo, biologiya hamda axborot texnologiyalari fanlari oʻqituvchilariga ustama toʻlash mexanizmi joriy etildi.
Ayniqsa, respublika boʻylab yangi va zamonaviy maktablarning bunyod etilishiga ham davlat budjetidan faqatgina joriy yilda 2 trillion soʻmdan ortiq mablagʻ ajratilib, 118,6 mingta yangi oʻquvchi oʻrni yaratildi. Shuningdek, 114,8 ming oʻrinli binolar mukammal taʼmirlandi. “Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida 1,5 mingdan ortiq maktabning moddiy-texnik bazasi va infratuzilmasi yaxshilangan boʻlsa, 2 mingga yaqin taʼlim muassasasiga qayta tiklanuvchi quyosh elektr panellari va quyosh suv isitish qurilmalari oʻrnatildi.
Eʼtiborlisi, 2024-yili davlat budjetidan maktablarning qurilishi va infratuzilmasini zamonaviylashtirishga 4,1 trillion soʻm mablagʻ ajratilishi belgilangan. Bu joriy yilda ushbu maqsadlarga sarflangan mablagʻga nisbatan salkam ikki barobar koʻp demakdir.
Albatta, bunday koʻlamli ishlarni yana davomli sanash mumkin...
– Bugun oʻqituvchilik kasbi nufuzi sezilarli ravishda oshishi bilan muallimalarning faolligi va oʻquvchilar taʼlim-tarbiyasiga eʼtibori kuchaygani bor gap. Ammo joriy yilda oʻtkazilgan xalqaro PISA tadqiqoti dasturida oʻzbekistonlik oʻquvchilarning salbiy natija koʻrsatganini qanday izohlaysiz?
– Maʼlumki, PISA tadqiqotlari har bir mamlakatga oʻzining kuchli va zaif tomonlarini dunyo taʼlim tizimi bilan qiyoslash imkonini beradi. Mamlakatimizda taʼlimni isloh qilish ustuvor vazifalardan biriga aylangan ekan, uning samarsini xalqaro mezonlarda baholashga ehtiyoj yuzaga kelgani tabiiy. Binobarin, bugun davlatimiz rahbarining qatʼiy irodasi bilan yurtimiz xalqaro maydonda oʻz mavqei va nufuzini ochiq namoyon etmoqda.
2022-yilda oʻtkaziladigan PISA baholash dasturida 85 davlat qatori Oʻzbekiston ham ilk marotaba qatnashdi. Bu, oʻz navbatida, oʻquvchilarning tadqiqotga munosib tayyorgarlik koʻrishini talab etadi. Chunki PISA tadqiqotida baholashning asosi, bu – matematika, oʻqish, tabiiy fanlar va qator innovatsion sohalar boʻyicha jahon miqyosida muvofiqlashtirilgan topshiriqlar toʻplami. Bunday baholash har 3 yilda ishtirokchi mamlakatlarning 15 yoshli oʻquvchilari oʻrtasida tasodifiy tanlov asosida oʻtkaziladi.
Afsuski, uzoq yillar respublikamizning aksariyat taʼlim muassasalarida oʻquvchilarimiz bilimlarni amalda qoʻllay bilish koʻnikmasiga emas, maʼlumotlarni yodlashga oʻrgatildi. Zamonaviy dunyo taʼlimida esa yodlashgagina asoslangan tizim bilan yaxshi natija qayd etish imkonsiz. Aslida, mamlakatimiz PISA baholash dasturida qatnashishining oʻzida ham aynan taʼlim tizimidagi mavjud zaifliklarni aniqlash hamda oʻz vaqtida zarur xulosalar chiqarish maqsadi boʻlganini keng fikrli har inson tushunishiga ishonchim komil. Demak, endi oʻz qobigʻimizda oʻz yutuqlarimizga oʻzimiz mahliyo boʻlib yurishimizning vaqti oʻtdi.
Biz kuni kecha Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (Organisation for Economic Cooperation and Development – OECD) bosh kotibining taʼlim siyosati boʻyicha maxsus maslahatchisi, Taʼlim va koʻnikmalar departamenti direktori, PISA baholash tizimi asoschilaridan biri Andreas Shlyayher hamda uning jamoasi bilan onlayn muhokama oʻtkazdik. Xorijlik ekspertlar va oʻzimizning malakali mutaxassislardan iborat ishchi guruh tuzib, ularning tavsiyalari va barcha hudud rahbarlari takliflari asosida, birinchi navbatda, har bir tuman kesimida “yoʻl xaritalarini” ishlab chiqamiz. Ayni damda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda OECD tashkilotining rasmiy saytida oʻzbek, qoraqalpoq va rus tillarida namunaviy savollar joylashtirilgan boʻlib, unda oʻquvchilar oʻz bilimini sinab borishi mumkin.
Shu oʻrinda bir jihatni taʼkidlashni istardim: oʻquvchilarimizning PISA dasturida past natija koʻrsatishida xalqaro standartlarning taʼlim tizimimizga uzoq yillar davomida joriy etilmagani asosiy omildir, desak xato boʻlmaydi. Zero, mamlakatimiz oʻquvchilari intellektual salohiyatda hech bir davlat yoshlaridan qolishmasligiga ishonchim komil!
Fikrimiz isbotini joriy yilda oʻtgan 5 ta eng nufuzli xalqaro fan olimpiadasida oʻquvchilarimiz 13 (2022-yili – 6 ta), boshqa xalqaro olimpiadalarda 52 medalni (2022-yili – 37 ta) qoʻlga kiritganida ham koʻrish mumkin.
Yana bir yangilik: kuni kecha Prezidentimiz raisligida mamlakatimizda axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda davlat boshqaruvini raqamlashtirish boʻyicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilganidan xabaringiz bor. Ushbu anjumanda 2026-yilda Xalqaro informatika olimpiadasi ilk bor mamlakatimizda oʻtkazilishi eʼlon qilindi. Nufuzli olimpiadaning yurtimizda oʻtkazilayotgani ham bejiz emas, albatta. Zotan, keyingi yillarda mamlakatimiz IT xabiga aylanmoqda. Buning uchun hukumatimiz tomonidan yoshlarning axborot texnologiyalari sohalarida oʻqishi, tajriba almashishi borasida keng imkoniyatlar yaratildi. Xususan, “Bir million dasturchi” loyihasiga 1,9 million oʻquvchi jalb etilib, 1,1 million nafari sertifikatga ega boʻldi. Shuningdek, 444 nafar trener hamda taʼlimni raqamlashtirishga masʼul 200 dan ortiq mutaxassis va 500 dan koʻp pedagogning tajriba oshirishi taʼminlandi. Oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan 100 nafar eng yaxshi “Informatika va axborot texnologiyalari” fani oʻqituvchilari esa BHMning 20 barobari (5,4 million coʻm) miqdorida bir martalik mukofot puli bilan taqdirlandi.
Hozirda vazirligimiz tomonidan Xalqaro informatika olimpiadasiga qizgʻin tayyorgarlik boshlab yuborildi. Bunda respublikamiz boʻyicha IT sohasiga qiziquvchi oʻquvchi-yoshlar oʻrtasida turli tanlovlar oʻtkazilib, salohiyatli oʻquvchilarni tanlab olishga muhim eʼtibor qaratiladi. Shuningdek, yoshlarimizni olimpiadaga tayyorlashda xorijdan ham malakali murabbiylar jalb qilish nazarda tutilmoqda.
Albatta, bu kabi tanlov va bilimlar raqobati yoshlarimizning kelgusi muvaffaqiyatlariga asos boʻlishi shubhasiz. Demak, taʼlim tizimidagi islohotlarimizni yanada jadallashtirish va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish navbatdagi kechiktirib boʻlmas vazifamizdir.
– Maʼlumki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yildan yangi tashkil etilgan Prezident maktabi va ixtisoslashgan maktablar oʻquv dasturi hamda baholash tizimi dastlabki bosqichda 500 ta taʼlim muassasasida tatbiq etilishi belgilangandi. Bu boradagi tajriba-sinov ishlarining borishi va kelgusi vazifalar xususida ham maʼlumot bersangiz.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev har bir anjuman va uchrashuvlarda maktab taʼlimi va undagi islohotlarning borishiga doimiy eʼtibor qaratib keladi. Xususan, Prezident maktabi va ixtisoslashgan maktablar oʻquv dasturi hamda baholash tizimini barcha umumiy oʻrta taʼlim maktablariga joriy etish va sohadagi galdagi vazifalar yechimiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtganiga ham hali koʻp boʻlmadi.
Albatta, “tayanch maktab” sifatida Prezident va ixtisoslashgan maktablarning oʻquv dasturi va baholash tizimining respublika boʻyicha dastlabki bosqichda 500 ta maktabga joriy etilishi ushbu taʼlim muassasalariga mutlaqo yangi mazmun olib kirib, har jihatdan rivojlanishga asos boʻlmoqda. Hozirda barcha hududlardagi maktablarning aniq manzili va fan oʻqituvchilari belgilanib, zarur mahorat darslari tashkil etilayotir. Oʻquv yili yakunlari bilan tajriba-sinov natijalarining dastlabki xulosalari olinadi.
Eʼtiborlisi, shaxsan Prezidentimiz topshirigʻi asosida bir yilda har bir oʻqituvchining ishi aniq mezonlarda baholanib, yangi tizimni samarali qoʻllagan maktab jamoasiga 40 foizgacha ustama berilishi nazarda tutilgan. Shu bois, har bir muallim oʻz ustida doimiy ishlab, oʻquvchilarning barcha fanlardan oʻzlashtirish samaradorligini oshirishga erishmoqda. Tajriba-sinovlarni muvaffaqiyatli tashkil etgan muallimlarni ragʻbatlantirish maqsadlariga 2024-yilda davlat budjetidan 250 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgani ham vazifaning nechogʻliq muhim ekanidan dalolatdir.
Kelgusi yildan esa navbatdagi bosqichda ushbu 500 ta maktabning har biriga yana 3 tadan maktab biriktirilib, yangi tizim yanada keng quloch yozishiga sharoit yaratiladi. Bu ishlar orqali yana 1,5 mingta maktabga Prezident va ixtisoslashgan maktablar metodikasi, muhiti kirib borishi nazarda tutilayotgani yangi tashabbusning qanchalik tez fursatlarda amalga oshishini koʻrsatadi. Demak, kelgusi besh yilda ushbu yangi tizimning barcha maktablarda joriy qilinishi, albatta, maktab taʼlimi islohotini yangi bosqichga koʻtarishi shubhasiz.
– Taʼlim islohoti maktab sinfxonasida oʻquvchi bilan yuzma-yuz boʻladigan mahoratli va mehrli muallimlar mehnatida boʻy koʻrsatadi. Zero, zamonaviy sharoitga ega maktabda ilgʻor oʻquv dasturlarining joriy etilishida mutaxassis mahorati va tajribasi juda muhim. Shu bois, pedagog kadrlarni tayyorlash va malaka toifasini oshirish tizimida qanday yangiliklar joriy etilmoqda?
– Albatta, oʻqituvchi-muallim mehnati oʻquvchilar taʼlim-tarbiyasida koʻrinadi. Shu nuqtai nazardan, pedagog kadrlar faoliyati samaradorligini oshirish tizimiga ham xalqaro tajribalar tatbiq etilmoqda.
Bugungi kunda respublikamizda 10 163 ta maktabda qariyb 507 mingga yaqin oʻqituvchi-pedagog 6,4 millionga yaqin oʻquvchi yoshlarga taʼlim-tarbiya berib kelmoqda.
Pedagog kadrlarning malaka toifasini oshirish tizimida ham ortiqcha byurokratiya va qogʻozbozlikka chek qoʻyildi. Bu oʻz kasbini sevuvchi, fidoyi va mahoratli pedagoglarimiz uchun yana bir imkoniyat, desak adashmaymiz. 2024-yil 1-yanvardan boshlab maktab oʻqituvchilariga toifa berish bevosita maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Ilgari bu vazifani Taʼlim inspeksiyasi, Davlat test markazi kabi tashkilotlar bajargan.
Malaka toifasini olish boʻyicha sinovlar bir yilda kamida bir marotaba ikki bosqichda oʻtkaziladi va 100 ballik tizimda baholanadi. Birinchi bosqichda – pedagogning mutaxassislik fani va kasb standarti boʻyicha bilim darajasi (80 ball), ikkinchi bosqichda – pedagogic mahoratini (20 ball) baholash tartibi joriy qilinmoqda. Har ikkala bosqich ham kompyuterda real vaqt rejimida onlayn tarzda oʻtkaziladi. Yaʼni natijalar inson omiliga bogʻliq boʻlib qolmaydi. Bu esa oʻz-oʻzidan korrupsiya ehtimolining oldini oladi.
Har bir oʻquvchining sifatli bilim olishi, taʼlimda tenglik tamoyili ustuvor boʻlishi borasidagi saʼy-harakatlar samarasida hattoki eng chekka hududlardagi maktablar ham bilimli va mahoratli pedagoglar bilan taʼminlanmoqda. Bunda eng olis hududlardagi maktablarda faoliyat koʻrsatayotgan fidoyi va jonkuyar oʻqituvchilar oylik maoshiga qoʻshimcha 100 foiz ustama toʻlash tartibining joriy etilgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Eʼtiborlisi, ayni kunlarda barcha viloyatlarda 500 nafar xorijlik mutaxassis maktab taʼlimiga jalb etilgan holda, oʻquvchilarga chet tillarida saboq bermoqda. Bu oʻqituvchi va oʻquvchilarimizning xorijiy tajribani oʻrganishida muhim ahamiyat kasb etadi.
– Har bir maktab – alohida tajriba-sinov va mahorat maydoni. Shu bois, bir hududdagi ikki yondosh maktabda oʻqituvchi va oʻquvchilar turli natija koʻrsatishi tabiiy. Bunda maktab rahbari – direktorning yetuk mutaxassis boʻlishi barobarida menejerlik mahorati muhim. Shunday emasmi?
– Darhaqiqat, sogʻlom va barqaror maʼnaviy muhit zamonaviy rahbarga bogʻliq. Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida “Direktorlar kengashi” tizimini joriy etdik. Endi direktorlikka nomzodlarni shu kengash saralaydi. Bu bilan maktab taʼlimida boshqaruv tizimi oʻzgardi. Endi direktorlikka nomzodlar faqat menejerlik sertifikati bor va zaxiraga kiritilgan kadrlar orasidan tanlanib, muddatli shartnoma asosida lavozimga tayinlanmoqda.
Hozirda Abdulla Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga oʻrgatish milliy-tadqiqot instituti tuzilmasida taʼlim tizimi xodimlarining bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash markazi faoliyat yuritmoqda. Endilikda ushbu markaz tomonidan maktab direktori lavozimiga nomzodlarni maxsus dasturlar asosida jamoada ishlash va ota-onalar bilan muloqot qilish, boshqaruv, moliyaviy hisob-kitoblar hamda axborot texnologiyalarini oʻrgatish, bilim va koʻnikmalarni baholash asosida menejerlik sertifikatini berish tartibi yoʻlga qoʻyilgan.
Bir soʻz bilan aytganda, zamonaviy maktab direktori oʻqituvchi va tashkilotchi, huquqshunos va iqtisodchi boʻlishi kerak. Yangi tizim bu boradagi faoliyatimizni muvofiqlashtirish hamda zamonaviy rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirishda muhim omil boʻlmoqda, desak mubolagʻa emas.
– Suhbatimiz yakunida maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida faoliyat koʻrsatayotgan bircha mutasaddi xodimlar, oʻqituvchi-pedagoglar hamda oʻquvchilarga Yangi yil tilaklaringizni bildirishingiz mumkin.
– Komil inson tarbiyasi — farovon istiqbol kafolati. Shunday ekan, xalqimiz hamjihatligi, yurtimizdagi tinchlik-totuvlik va albatta, yosh avlod kamoloti, yorugʻ istiqboli uchun jamiyatimiz har bir aʼzosining daxldorligi juda muhim.
Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligi bayrami arafasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan anjuman aynan taʼlim tizimi islohotlariga bagʻishlangani bejiz emas, nazarimda. Zotan, davlatimiz rahbari anjuman avvalida oʻqituvchi-muallimlarga murojaat qilib: “Bugun sizlar taʼlim-tarbiya berayotgan, qalbini, ongini ezgulik bilan toʻldirayotgan millionlab farzandlarimiz ertaga Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari boʻlib bizning safimizga kiradi. Vatanimiz, xalqimiz sizlarning bunday olijanob xizmatlaringizni hech qachon unutmaydi!” deya yuksak hurmat va ishonch bildirdi.
Istardimki, har bir oʻqituvchi-murabbiy ana shu ishonch va eʼtirofga sazovor boʻlsin! Yorugʻ orzular bilan dastlab maktabgacha taʼlim tashkiloti bogʻida bolalikning baxti va zavqidan quvvat olib, maktab ostonasini hatlagan har bir yosh yangi Oʻzbekistonning haqiqiy bunyodkorlari boʻlib kamol topsin!
Bahodir JOVLIYEV suhbatlashdi.
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 22-dekabr, 266-son
Izoh qoldirish