“Radikalizmga qarshi ma’rifat bilan kurashamiz” mavzusida talabalar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida muntazam tarzda Akademiya rahbariyati va yoshlar o‘rtasida muloqotlar o‘tkazib kelinadi. Ana shunday muloqotlardan biri “Radikalizmga qarshi ma’rifat bilan kurashamiz” mavzusiga bag‘ishlandi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Terrorizmga qarshi kurashish xizmati mas’ul xodimi Farrux Elmirzayev, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi mas’ul xodimi Mirfozil Madaliyev, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar, Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar hamda Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti talabalari ishtirok etdi.
Uchrashuvni Akademiya birinchi prorektori Ilyos Mirziyotov kirish so‘zi bilan ochib berarkan, bugungi kunda yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar, imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi. Amalga oshirilayotgan barcha islohotlar zamirida yoshlar uchun yetarli imkoniyatlar yaratilishi turganini qayd etdi.
Dunyoda ro‘y berayotgan voqea va hodisalar har bir insonni ogoh bo‘lishga chaqirib, befarq bo‘lmaslikka chorlayotgani, “jaholatga qarshi ma’rifat” bilan kurashish dolzarb masala ekanini qayd etdi.
Jahonda ayrim noxolis kuchlar tomonidan islom dini haqida turli notoʻgʻri fikrlar tarqatilayotgani, terrorchilik kabi illatlarni ayni paytda bevosita islomga bogʻlab, muborak dinimiz va musulmonlarga nisbatan nafrat oʻtini yoqishga urinayotganini ta’kidlashdi. Terrorizm, ekstremizm, aqidaparast oqimlarning maqsad-muddaolari haqida ma’lumot berildi.
Davra suhbatida Akademiya rektori maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev hamda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov ham so‘z olib, talabalarning muomala madaniyati, xulqi-odobi bilan barchaga o‘rnak bo‘lishi zarurligini, buning uchun esa talabalar shaxsiy namuna ko‘rsatishi, Akademiyaning ichki tartib-qoidalariga rioya etishi shart ekanligini qayd etdi.
Bu borada mavjud ayrim kamchiliklarni bartaraf etish, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari o‘zlarining odob-axloqi, yuksak tafakkuri, aql-idroki bilan boshqa oliy ta’lim muassasalarining yoshlariga namuna bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
Tadbir davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollari, takliflari bilan murojaat qilishdi. Muloqot yakunida kelgusida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish