Akademiyada arab tiliga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi
Har yili 18-dekabr sanasida butun dunyoda “Xalqaro arab tili kuni” nishonlanadi. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1973-yil dekabr oyida arab tili tashkilot rasmiy tillari qatoriga qoʻshilgan. Shu bilan birga, UNESCO tashkilotining 2012-yil oktabr oyida boʻlib oʻtgan 190-sonli sessiyasida Saudiya Arabistoni taklifiga binoan 18-dekabr – Xalqaro arab tili kuni sifatida eʼlon qilindi. Shu yilning 18-dekabrida mazkur tashkilot birinchi marotaba ushbu sanani bayram sifatida nishonlagan.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham har yili mazkur sana munosabati bilan an’anaviy tarzda anjuman hamda turli tadbirlar tashkil etiladi.
Bugun shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Chet (arab) tili zamonaviy ta’limida vosita til muammosi va innovatsion yondashuv” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash kerak, mazkur anjuman “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasining tashabbusi bilan har yili an’anaviy tarzda chet tillarini o‘rgatish tizimini yanada rivojlantirish, yosh avlodni zamonaviy bilimlarga ega yetuk inson qilib tarbiyalash maqsadida tashkil etiladi.
“Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi tomonidan o‘tkazilgan anjumanni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘mon Sultonligining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Vafa Jabr al-Busaidi, Jazoirning O‘zbekistondagi Muvaqqat ishlar vakili Nabila Gazli, BAA Elchixonasi Elchi noibi Muhammad al-Zaheriy, Saudiya Arabistoni Podshohligi O‘zbekistondagi Elchixonasining 3-kotibi Bader Tarahib al-Utaybiy, Qatarning O‘zbekistondagi konsuli Fahad Ali al-Hammadi, Falastinning O‘zbekistondagi elchixonasi kotibi Beshir A’raj, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Yangi Asr universiteti vakillari, Akademiya prorektorlari – Ilyos Mirziyotov, Zohidjon Islomov, Zokirjon Ro‘ziyev, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov, “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi mudiri Roziya Matibayeva, kafedra o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.
Onlayn va oflayn tarzda o‘tgan ilm mashvaratida Al-Azhar universiteti professori (Misr) Shihata Abu Shusha, Adyaman universiteti professori (Turkiya) Tarraf an-Nahar, Qirg‘iziston xalqaro Kuvayt universiteti dotsenti Fattuh Yunus as-Sayid Muhammad, Malayziya islom ilmlari universiteti dotsenti Zeynur Rijal Abdul Razak, O‘R FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi, dotsent Ibrohim Usmonov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘qituvchilari – Ubayd Muhammad AbdulHalim, Muhammad Ali Abdulvalid Avvad o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar yurtimizda ta’lim sohasiga berilayotgan e’tiborni yuqori baholadi. Jumladan, barcha sohalar qatori arab tiliga e'tibor ham ortib borayotganini alohida qayd etishdi. Shuningdek, til, xususan, arab tilining dunyo ahamiyatidagi tutgan o‘rniga e’tibor qaratdi. Konferensiyada “Sun’iy intellekt va ona tili bo‘lmaganlarga arab tilini o‘rgatish kelajagi, tanqidiy qarash”, “Arab tili va islom dini ikki yarmidir”, “Arab tili o‘z yurtidan tashqarida kuylaydi”, “Drama dasturlari va ularning suhbat qobiliyatini rivojlantirishdagi roli”, “Til tuzilmalarini arab bo‘lmaganlarga o‘rgatish strategiyalari”, “Arab tilini masofadan turib yozish ko‘nikmalarini o‘rgatish muammolari” hamda “Arab tili lug‘atini rivojlantirishga jurnalistik ommaviy axborot vositalarining hissasi” kabi mavzularda ma’ruzalar qilindi.
Qizg‘in muhokamalar, bahslarga boy o‘tgan anjuman yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Tadbir yakunida talabalarni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi hamda konferensiya ishchi guruhiga yuborilgan tezislarning elektron to‘plami tayyorlanishi ta’kidlandi.
Anjumandan so‘ng Akademiya foyesida arab davlatlarining madaniyati va urf-odatlarini namoyish qiluvchi koʻrgazma hamda bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Akademiya talabalari, “Ziyo-zukko” maktabi o‘quvchilari tomonidan turli sahna ko‘rinishlari, kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
18-dekabr – Xalqaro arab tili kuni munosabati bilan o‘tkazilgan “Videoroliklar” tanlovi g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi.
Tadbirdan so‘ng mehmonlar va talabalar o‘rtasida samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda mehmonlar yigit-qizlarning arab tilidagi bilim darajalari, salohiyatlarini yuqori baholadi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish